Breaking News

Amerika eski dushmaniga qurol-aslaha sota boshlaydi


Qo’shma Shtatlar Vyetnam bilan qurol savdosini qayta yo’lga qo’ydi, qariyb 40 yillik embargoni qisman bekor qildi. Ikki davlatni yaqinlashtiruvchi bu qarorni inson huquqlari tashkilotlari keskin qoralamoqda.

Amerika Vyetnamga qurol sota boshlaydi/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:11 0:00
Yuklab oling

Shu yoz Xitoy Parasel orollarida yirik neft platformasini o’rnatgani qo’shni Vyetnam bilan nizoga sabab bo’lgan edi. Hududga har ikki davlat da’vogarlik qiladi. Ikki oydan so’ng Xitoy neft kompaniyasi tadqiqotlar yakunlanganini aytib, platformani boshqa joyga ko’chirdi.

Qo’shma Shtatlar Vyetnam harbiy-dengiz kuchlariga yordamni oshirar ekan, ushbu qaror Xitoyga qarshi qaratilmaganini ta’kidlamoqda.

Ammo tahlilchi Ayan Stori nazarida neft platformasi atrofidagi bahslar Vashington qarorini tezlashtirgani ayon.

“Janubiy Xitoy dengizidagi so’nggi hodisalar, xususan Pekin bu hududda o’zboshimcha harakatlar qilayotgani AQShni tashvishga solmay qo’ymaydi”, - deydi u.

Olimga ko’ra, embargo yumshatilgani ko’proq ramziy ma’no kasb etadi chunki Vyetnam qurol-aslahani odatda Rossiyadan arzonroqqa sotib oladi. Taxmin shuki, Xanoy Amerikaning “Orion” rusumidagi kuzatuvchi samolyotlariga qiziqayapti.

Vyetnam cheklovlarni bekor qiling deya AQShga qayta-qayta murojaat qilgan. Vashington qo’ygan talablardan biri inson huquqlari sohasida vaziyatni yaxshilash edi.

“Oxir-oqibat shart bajarilgani da’vo qilindi. Lekin AQSh Vyetnamga suvosti kemalari yoki so’nggi texnologiyalarni bermaydi. Dengizni kuzatishda qo’l keladigan vositalar haqida gap ketmoqda”, - deydi Ayan Stori.

Inson huquqlari himoyasi bilan shug’ullanuvchi “Human Rights Watch” tashkiloti Vyetnamni huquq muntazam ravishda toptaladigan davlatlar qatorida ko’radi. Siyosiy faolligi uchun fuqarolarni qamaydigan va xo’rlaydigan davlat bunday e’tiborga loyiq emas, deya bildiradi tashkilot.

Nguyen Tri Dungning otasi bloger. Hukumatni tanqid qilgan maqolalari uchun 12 yilga qamalgan. Yaqinda AQSh elchixonasi xodimlariga uni borib ko’rishga ruxsat berildi. Otamni ozod etishga tayyorgarlik boshlangan, nazarimda, deydi o’g’li.

“Balki Amerika bilan imzolangan kelishuvda shart qo’yilgandir. Aniq bilamanki, Vyetnam hukumati bekorga bunday ishlarga qo’l urmaydi”.

“Human Rights Watch” singari bu faol ham Vyetnamga qurol sotilishini xato deb hisoblaydi.

“Fuqarolar davlatga qarshi propaganda, buzg’unchilik yoki Facebookda hukumatni tanqid qilganlikda ayblanib qamalyapti. Qonunchilikdan bu moddalarni olib tashlash kerak chunki ularni ishga solib, tanqidchilardan qutulishyapti”, - deydi Tri Dung.

Vyetnam AQShdan qanday aslaha xarid qilishi hozircha ma’lum emas. Ayrim siyosatchilar Amerika bilan yaqinroq aloqalar Xitoyni jilovlash uchun qo’l kelishi haqida ochiq gapirmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG