Breaking News

Qizlar o’g’il bolalardan alohida o’qisa darslarni yaxshiroq o’zlashtiradimi?


Vashingtondagi qizlar maktabida
Vashingtondagi qizlar maktabida
Qizlar o’g’il bolalardan alohida o’qisa darslarni yaxshiroq o’zlashtiradimi? Vashingtonda qizlar uchun alohida maktab ochganlar “ha” deb javob bermoqda. Ammo puxta bilim olish uchun bolalarni jinsiga qarab ajratish noto’g’ri, deyayotganlar ham bor.
Qizlar maktabida - Amerika - Navbahor Imamova
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:50 0:00
Yuklab oling

Anayra Klavixo maktabni yaxshi ko’radi, katta bo’lganida liboslar dizayneri bo’lmoqchi.

10 yoshli qiz bog’chaga o’gil va qiz bolalar bilan qatnagan.

Lekin maktabda faqat qizlar bilan o’qiydi. Bu Vashingtondagi birinchi qizlar maktabi. Anayra qizlar bilan o’qish yaxshi, deydi.

“Ular meni qo’llab-quvvatlaydi va maslahat beradi. Meni yaxshi ko’radi. Men o’zimni dunyodagi eng aqlli odamdek sezaman. O’g’il bolalar qo’pol bo’ladi, qizlardaka o’yin o’ynamaydi”.

Bu maktab 2008-yilda ochilgan. O’qish bepul. O’quv dasturi jadal. Asosan yo’qsil oilalarning farzandlari o’qiydi. O’quvchilar - yoshi beshdan beshinchi sinfgacha bo’lgan 600 qiz.

Key Sevij - maktab asoschisi va rahbari.

“Aralash sinflarda o’qituvchi ko’pincha o’g’il bolalarga murojaat qilib, dars o’tadi. Chunki ularning ovozi ham qizlarnikiga qaraganda balandroq, darsda ham faolroq. Qizlar esa e’tiborsiz qolib ketadi. Maktabda o’zini begonadek sezadi”.

Galen Shervin - Amerika fuqarolar huquqlari ittifoqi vakili.

“Qiz va o’g’il bolalarni bir-birdan ajratib o’qitganning foydasi haqida hech qanday ilmiy dalil-isbot yo’q. O’g’il va qiz bolalar o’rtasidagi o’xshashliklar farqlarga qaraganda kattaroq va muhimroqdir. Ta’lim nuqtai nazaridan farqlar hech qanday ahamiyatga ega emas”.

Iqtisodiy siyosat institutidan ekspert Ileyn Vayss fikricha, eng asosiysi erta ta’lim va tarbiya.

“Bunday deganimda men hayotining boshida bola qanchalik stressga tushgani, ona homiladorlik paytida qancha asabiylashgani, qanday ovqatlangani, so’ngra bolaning bog’chaga borgan-bormaganini nazarda tutyapman. Chunki shu narsalar ularni o’qishga tayyorlaydi”.

Key Sevij qizlar maktabi muvaffaqiyat, deb hisoblasa, Vayss o’qishda boshqa omillar katta ro’l o’ynashini aytadi.

“Ular bog’chaga borganida ko’pgina narsani o’rganadi. So’ngra sinflarda bolalar ko’p bo’lmasligi katta ahamiyatga ega. Shunda o’qituvchi har bir bolaga yetarli e’tibor qarata oladi. Gaplashadi, o’rgatadi. Shunigdek, darslardan keyingi dasturlar ham muhim,” - deydi Vayss.

Maktabda bolalar kuniga uch marta ovqatlanadi.

Anayra Klavijo keyinchalik ham faqat qizlar bilan o’qish-o’qimasligini bilmaydi, lekin hozircha sinfdoshlaridan mamnun.

“Yonimda dugonalarim va o’qituvchilarim bo’lsa, o’zimni yaxshiroq sezaman, qo’rqmay gapira olaman”.

Maqsad ham aynan shu, deydi maktab xodimlari.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG