Breaking News

AQSh Yaman urushida Saudiyani qo'llamoqda


AQSh qurolli kuchlarining Yamandagi mojaroga aralashuvi ayrim qonunchilar noroziligiga sabab bo’lmoqda. Saudiya Arabistoni yetakchiligidagi arab koalitsiyasining hutiy isyonchilarga qarshi harbiy kampaniyasi davomida ko’plab tinch fuqarolarning nobud bo’layotgani aytilmoqda.

Xalqaro hayot - 12-sentabr, 2018-yil - AQSh Yaman urushida Saudiyani qo'llamoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:39 0:00

AQSh Kongressidagi ayrim respublikachi va demokrat qonunchilar byudjetning mudofaa haqidagi bandiga bir talab qo’ygan edi. Unga muvofiq, Davlat kotibi Mayk Pompeo Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari uch yildan beri davom etayotgan mojaroga siyosiy yechim topish uchun hamda tinch aholi orasidagi talofatlarni kamaytirish uchun jiddiy qadamlar qo’yayotganini 12-sentabrgacha tasdiqlashi zarur edi, aks holda Amerika qurolli kuchlariga Saudiya Arabistoniga bu mojaroda harbiy yordam berish man qilinar edi. Qo’shma Shtatlar arab koalitsiyasiga, shuningdek, nishonlar haqida ma’lumot va qurollar uzatib turadi, logistik madad beradi.

Yamandagi urush 10 mingdan ziyod odamning yostig’ini quritdi, millionlab yamanlik ochlik bilan yuzlashmoqda. Hutiylar 2014-yilda Yaman prezidentini hokimiyatdan quvdi, Saudiya Arabistoni sobiq rahbar yonini olib, hutiylarga qarshi harbiy kampaniya boshladi. Bir necha arab mamlakati hutiylarga Eron yordam beryapti deb, ushbu kampaniyaga qo’shildi.

AQSh qonunchilari oddiy xalq jabr ko’rayotganidan xavotirda.

“Amerika qo’shinlari ham Kongress ruxsatisiz boshlangan bu urushda Saudiya Arabistoniga yordam bermoqda. Bunga chek qo’yish kerak. Dunyoning turli burchaklarida odamlarga vayrona, o’lim, azob keltirayotgan intervensiyalarni to’xtatishimiz lozim”, - dedi demokrat kongressmen ayol Tulsi Gabbard.

Biroq mudofaa vaziri hutiylarga qarshi kampaniyani himoya qilmoqda.

“Yamanda biz hamkorimiz Saudiya Arabistonining o’zini mudofaa qilish huquqini qo’llab-quvvatlayapmiz. Mojaroga chek qo’yish uchun Pentagon va Davlat departamenti BMT maxsus vakili Martin Griffits bilan hamkorlikda siyosiy yechim ustida ishlashi kerak”, - deydi Jim Mattis.

Mudofaa vazirining aytishicha, yanglish havo hujumlari natijasida tinch aholi o’limini kamaytirish maqsadida Vashington Saudiya Arabistoni bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda. Avgust boshida Saudiya hujumida raketa bolalar to’la avtobusga tegib, kamida 40 o’quvchi o’lgan.

Kongress Davlat kotibi Mayk Pompeodan arab koalitsiyasi fuqarolar orasidagi talofatlarni cheklash uchun chora ko’rayotganini 12-sentabrgacha tasdiqlashini talab qilgan edi, aks holda AQSh harbiylariga Saudiya samolyotlarini yoqilg’i bilan ta’minlash man qilinar edi.

Pompeo chorshanba kuni bayonot chiqarib, Saudiya Arabistoni ham, Birlashgan Arab Amirliklari ham bu borada qator choralar ko’rayotganini ma’lum qildi. Unga ko’ra, Yamandagi mojaro AQSh xavfsizligi bilan bog’liq. Aytish joiz, Eronni buzg’unchi davlat deb biluvchi Tramp ma’muriyati shia hutiylarga qarshi kampaniyani ularga yordam berayotgan Eronning mintaqada ta’sirini tushirishga qaratilgan harakat deb biladi. Tehron Yamanda hutiylarni qurol va jangchilar bilan ta’minlayotganini inkor etib keladi.

Tahlilchilarning aytishicha, urushda minglab tinch aholi nobud bo’layotganiga qaramay, Tramp ma’muriyati saudiyaliklarga harbiy yordamini to’xtatmaydi.

“Buning uchun Amerika jamoatchiligi va qonunchilar orasida yetarlicha norozilik yo’q. Tramp ma’muriyati Saudiya Arabistoniga bu urushda yordam berishda davom etadi”, - deydi Tauson universiteti siyosatshunosi Charlz Shmits.

Tahlilchiga ko’ra, boshqa mavzularga chalg’iyotgan amerikaliklar Yamandagi voqealarga yetarlicha e’tibor qaratmayapti va shu sabab AQShning u yerdagi harbiy amaliyotlariga ommaviy tarzda noroziliklar kuzatilmayapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG