Breaking News

Yaman notinch, AQSh yordamni oshirmoqda


AQSh elchixonasiga kirishda, Sano, Yaman, 4-avgust, 2013-yil
AQSh elchixonasiga kirishda, Sano, Yaman, 4-avgust, 2013-yil
AQSh Davlat departamentiga ko’ra, Yamandagi elchixona xodimlarining ayrimlari mamlakatni terror xavfi bois tark etganiga qaramay, Qo’shma Shtatlar u yerda faoliyatini to’xtatgani yo’q. Amerikaning mintaqadagi 19 ta elchixona va konsulligi hali ham yopiq.

Amerikalik diplomatlarning bir qismi Yamanni tark etar ekan, AQShning pilotsiz samolyoti hujumida kecha Al-Qoidaning to’rt a’zosi o’ldirilgan. Bugun esa Marib viloyatida yana olti jangari yo'q qilingan. Qo’shma Shtatlar bu mamlakatda terror xuruji ehtimoli haqida ogohlantirar ekan, bir necha yildan beri hukumat roziligi bilan pilotsiz samolyotlar yordamida jangarilarni nishonga olib keladi.

Bu so’nggi 10 kunda oltinchi havo hujumidir.

Yaman xavfsizlik kuchlari Al-Qoidaning neft va gazni eksport qilish inshootlariga xuruj uyushtirish rejasini fosh qilganini bildirmoqda. Mamlakat bosh vaziri idorasi ma’lumoticha, o’ndan oshiq jangari harbiy forma kiyib, Mukalla va Shabva shaharlarida hamda ikki portda strategik obyektlarni nishonga olib, xorijiy ishchilarni o’g’irlashni yoki o’ldirishni rejalagan.

Qo’shimcha askarlar safarbar etilgach va obyektlar xavfsizligi kuchaytirilgach, xurujning oldi olindi.

Xurujlar ehtimoli tufayli o’tgan haftadan beri AQShning Yaqin Sharq va Afrikadagi bir nechta elchixonasi yopilgan, jumladan Yamandagi vakolatxona ham. Davlat departamenti bu mamlakatdagi amerikaliklarni ham xuruj haqida ogohlantirib, ularga Yamanni tark etishni tavsiya qilgan.

Prezident Barak Obama tahdidlarni jiddiy qabul qilamiz, biroq ular oldida bo’yin egmaymiz, dedi.

Al-Qoida arab yarimorolida bir necha yildan beri faol. Qo’shma Shtatlar uni Amerika manfaatlariga tahdid soluvchi jiddiy guruh sifatida ko’radi.

Davlat departamenti so’zlovchisi Jennifer Psakining aytishicha, guruh AQSh va uning manfaatlariga tahdid solishda davom etar ekan, bu Amerika xavfsizligi uchun eng muhim masala bo’lib qoladi.

Yaman arab davlatlari orasida eng qashshog’i bo’lib, siyosiy beqarorlikni boshdan kechirmoqda.

Notinch joyda esa terrorchilar ko’payaveradi, deydi Vashingtondagi Yaqin Sharq siyosati instituti tahlilchisi, sobiq elchi Jeyms Jeffri.

"Ular chegara yaxshi muhofazalanmagan joyda, Interpol va xalqaro razvedka tizimlariga ulanmagan zamonaviy xavfsizlik kuchlari yo’q joyda harakatlanadi", - deydi elchi.

Bu hududda xurujlar tez-tez uyushtiriladi, terror guruhlari kattaroq nishonlarni ko’zlaydi.

"Yaqin Sharqda elchixonaga hujum qilsangizgina siz bilan hisoblashishadi. Kemani cho’ktirib yoki biror harakatingiz bilan Amerikani zaif qilib ko’rsatsangizgina sizni hurmat qilishadi", - deydi Jeyms Jeffri.

Biroq AQSh va ittifoqchilari bunday xurujlarning oldini olishga tayyor turibdi. Xeritij jamg’armasidan vashingtonlik tahlilchi Jeyms Karafanoning aytishicha, terrorchilar nishon haqida to’liq ma’lumotga ega bo’lsagina, hujum qiladi.

"Ular qancha soqchilar borligini, smena qachon almashishini, yo’l harakati o’sha kuni qanday bo’lishini, odamlar nima bilan shug’ullanishini bilishni istaydi. Agar e’lon qilib, inshootni yopayotganingizni yoki xavfsizlikni kuchaytirayotganingizni ma’lum qilsangiz, xuruj uchun sharoit o’zgardi, deyavering", - deydi Karafano.

Davlat departamenti rasmiylariga ko’ra, Yaman hukumati terror guruhlariga qarshi kurashda AQSh bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG