Breaking News

General Petreus qo'shinlar Afg'onistondan o'zaro kelishilgan jadvalga muvofiq chiqariladi demoqda


General Deyvid Petreus Senatdagi tinglovda, Vashington, 15-mart, 2011-yil
General Deyvid Petreus Senatdagi tinglovda, Vashington, 15-mart, 2011-yil

Biroq, deydi general, jarayon bosqichma-bosqich bo'ladi, toki afg'on kuchlariga og'ir bo'lmasin.

AQSh va NATOning Afg'onistondagi qo'mondoni general Deyvid Petreusning aytishicha, xavfsizlik bo'yicha mas'uliyat yaqin orada afg'on qo'shinlariga topshirila boshlaydi, AQSh askarlari esa Afg'onistonni iyul oyidan tark etishga kirishadi. Biroq, deydi general Senatdagi qonunchilar oldida so'zlar ekan, jarayon bosqichma-bosqich bo'ladi, toki afg'on kuchlariga og'ir bo'lmasin.

General Deyvid Petreusning aytishicha, so'nggi bir yilda Afg'onistonda xorijiy qo'shinlar va mutaxassislar soni oshib, Tolibonga qarshi kurash osonlashdi, jangarilarning aholiga ta'siri susaydi. Qandahor va Hilmand kabi ilgari jangarilar nazorati ostidagi viloyatlarda ahvol ancha barqarorlashgan.

General deydiki, 70 ta tumanda mahalliy politsiya kuchlari tashkil etilgan, AQSh armiyasi afg'on askarlarini tayyorgarlikdan o'tkazmoqda.

Afg'onistonda hozir 150 ming amerikalik askar bor. Iyuldan ular chiqarila boshlaydi. General Petreus prezident Obamaning bu qarorini qo'llab-quvvatlagan holda jarayonni shoshma-shosharlik bilan amalga oshirmaslik kerak, deydi.

"Qo'shinlar chiqqandan so'ng ularning Afg'onistonga qaytib kiritilmasligini bilgan holda bu ishga mas'uliyat bilan yondashmoq zarur. Jarayon silliq va bir nafasda amalga oshirilishi kerak", - deydi Petreus.

Afg'oniston prezidenti Hamid Karzay birinchi bo'lib qaysi tumanlar afg'on kuchlari nazoratiga o'tishini Navruz bayramidan so'ng e'lon qiladi. Xalqaro va afg'on rasmiylaridan iborat guruh bunga kelishib, NATO ga a'zo-davlatlar mudofaa vazirlari rejani yoqlagan.

General Petreusning aytishicha, xorijiy kuchlar tumanlarni butunlayin tark etmaydi, saflari siyraklashadi xolos. Ba'zi bo'linmalar esa boshqa hududlarga ko'chirilib, mahalliy armiya tayyorgarligi bilan shug'ullanadi. Oz qismigina vataniga qaytadi. Aksariyatiga yangi vazifalar yuklanadi, deydi Petreus.

"Bahor kelib jangarilar boy berilgan hududlarni qayta qo'lga kiritishga harakat qilishi kutilsa-da, 2010-yilda erishilgan tashabbus va yutuqlarni qo'ldan chiqarmaymiz", - deydi general.

Petreusning aytishicha, hozirgi muvaffaqiyatlar nozik, ahvol esa qaltis. NATO 2014-yil oxiriga borib, mamlakat nazoratini butunlay afg'on kuchlariga topshirishni rejalagan. Biroq, deydi ba'zi rasmiylar, shundan keyin ham AQSh harbiylari va xalqaro koalitsiya mahalliy armiyaga yordam berish uchun mamlakatda qolishi kerak bo'ladi.

Yevropada urushga sabr-toqat anchadan beri yo'q ekan, Amerikada ham shu ahvol kuzatilmoqda. "Vashington Post" gazetasi va ABC News telekanali birgalikda o'tkazgan yangi ijtimoiy so'rov natijasiga ko'ra, amerikaliklarning uchdan ikki qismi urushga qarshi. So'ralganlarning 75 foizi esa qo'shinlarning katta qismi shu yiliyoq Afg'onistonni tark etishini istaydi.

"Omma kayfiyatini tushunsa bo'ladi. 10 yildan beri urush qilyapmiz. Mo'l-mo'l pul sarfladik. Ko'p vatandoshlarimiz qurbon bo'ldi, mayib-majruh bo'lganlar undanda ko'p. Biroq urushdan asosiy maqsad nima ekanini esdan chiqarmasligimiz kerak. Axir al-Qoida Afg'onistonda in qurib, Tolibon homiyligi ostida edi", - deydi AQSh generali.

Petreusning ta'kidlashicha, Afg'onistonda yolg'iz harbiy maqsadlar ko'zlanayotgani yo'q. Davlat boshqaruv tizimi yaxshilanmas, korrupsiyaga qarshi kurashilmas, siyosiy kuchlar murosa qilmas ekan, birgina qurol bilan g'alabaga erishib bo'lmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG