SSSR parchalanganidan so’ng Yevropa qanday xatolarga yo’l qo’ydi?

  • Amerika Ovozi

Berlin devorining qoldiqlari

25 yil oldin Sovet Ittifoqi qulashi bilan Yevropada kommunizmga ham barham berildi. G’arb demokratiya, liberalizm va erkin bozor munosabatlarini sobiq kommunistik mamlakatlarda olg’a sura boshladi.

Biroq Sharqiy Yevropada taraqqiyot sur’ati turlicha bo’lib, G’arbiy Yevropa mamlakatlari bilan bu boradagi nomutanosiblik Yevropa Ittifoqiga og’ir kelgach, mintaqada millatchi guruhlar kuchaydi.

Chorak asr o’tib Yevropaning qiyofasi o’zgardi.

“Berlin devorining qulashi orzularning ushalishi mumkinligini ko’rsatdi”, - dedi Germaniya rahbari.

Biroq odamlar ko’nglini quvonch bilan birga afsuslar ham egalladi. Ba’zi mamlakatlar Yevropa Ittifoqining g’arbcha demokratik tizimga to’liq moslasha olmadi.

“Sharqiy Yevropa mamlakatlarining aksariyati zamonaviylashish, demokratlashish, rivojlanish maqsadida G’arbga yuz tutdi, ammo biz jarayonni tezlashtirib yubordik”, - deydi Oksford universitetidan Aleks Pravda.

Yevropa Ittifoqiga a’zo bo’lgan mamlakatlar tashkilotning korrupsiyaga qarshi kurash, qonun ustuvorligini ta’minlash, so’z erkinligi kabi huquqlarni himoya qilishga doir talablarini qondirdi. Biroq ayrimlar nazarida, imtihon o’ta oson bo’lgan, ba’zi mamlakatlarda sovet usulidagi tizimlar o’zgarmadi.

“Qonunlarni ittifoq talablariga moslashtirishdi, korrupsiyaga qarshi kurashishdi. Tashkilotga kirib olgach, endi islohotlar uchun rag’bat qolmadi. Xavfsizlik ustun bo’lgan avtoritar uslubdagi ba’zi beqaror davlatlar G’arbiy Yevropani o’rab oldi”, - deydi Pravda.

Rossiya 1990-yillarda tashqi siyosatga jiddiy e’tibor bermay, ichki barqarorlikni ta’minlash bilan mashg’ul edi. O’shanda Yevropa bu mamlakatda haqiqiy islohotlarni amalga oshirsa bo’lardi, deydi tahlilchilar.

“So’nggi 25 yil Yevropa Ittifoqi uchun tashqi tahdidsiz, bosimsiz davr bo’ldi va shu payt ichida tashkilot o’zi istagan o’zgarishlarni amalga oshirishi mumkin edi. Biroq hozir migrantlar masalasi paydo bo’ldi, Rossiya yana bosh ko’taryapti - xalqaro siyosatda faollashib, Yevropa Ittifoqiga bosim qo’ymoqda”, - deydi siyosiy tahlilchi Gregori Uiks.

Yevropa Ittifoqi bugun ikkiga bo’linib qolgan - bir qismi g’arbda, yuqori rivojlangan asoschi davlatlar bo’lsa, ikkinchisi esa sharqda, yoshroq va kamroq rivojlangan a’zo mamlakatlardir. Yaqin sharqlik migrantlar oqimi ikkinchi toifa mamlakatlarida millatchi harakatlarning kuchayishiga olib kelib, ba’zilar Rossiya ittifoqqa bosim qo’yishda bundan foydalanishi mumkin deya xavotir bildirmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG