Breaking News

Pavel Ustinov hukmining o'zgartirilishi fuqarolik jamiyatining g'alabasimi?


Rossiyada jamoatchilik hamda shou-biznes yulduzlarining kuchli bosimi tufayli namoyish paytida politsiyaga qarshi kuch ishlatganlikda ayblanib qamalgan aktyor Pavel Ustinov ozodlikka chiqdi. Uch yarim yillik qamoq jazosi bir yil shartli muddatga, sinovga almashtirildi.

Pavel Ustinov aktyor sifatida unchalik tanilmagan edi. Moskvada ruxsatsiz namoyish paytida hibsga olinganidan so’ng mashhur bo’lib ketdi.

Uni hibsga olishga harakat qilgan politsiyachilardan biri Ustinovni zo’ravonlikda va unga tan jarohati yetkazganlikda aybladi. Hodisa tushirilgan videoda politsiyachining da’vosi asossiz ekani ayon bo’lganiga qaramay, sudya uni ko’rishdan bosh tortdi.

Ustinovning uch yarim yilga jazo koloniyasiga mahkum etilgani jamoatchilikni g’azabga soldi. Ko’plar norozilik bildirib, ko’chaga chiqdi. Namoyishchilar uni ozod etishni hamda shunga o’xshash vaziyatga tushgan 30 odamning ishini qayta ko’rib chiqishni talab qildi.

“Qamalganlarning ko’pi yosh hali. Ustinov kabi jinoyat sodir etmay, yoshlikni qamoqda o’tkazish ahmoqlik”, - deydi ulardan biri.

“Adolat ochiqchasiga poymol etilgani uchun ko’chaga chiqdim. O’g’ri va haqiqiy jinoyatchilarni jazolash o’rniga ulardan zarar ko’rgan odamlarni ayblashyapti”, - deydi Aleksey ismli yigit.

Sud hukmini oddiy odamlardan tashqari taniqli aktyorlar, askiyachilar, ko’zga ko’ringan jamoatchilik arboblari ham qoraladi. Natijada sud Ustinovning ishini qayta ko’rib, hukmni o’zgartirdi.

“Shunday paytlarda fuqarolik jamiyatining bosh ko’tarishi juda muhim. Chunki ma’lum payt hamma sukut saqlaganday bo’ldi. Sahna yulduzi emas, oddiy inson sifatida chetda jim qarab turolmayman”, - dedi aktrisa Yuliya Peresild.

Kutilmaganda ruhoniylar ham Pavel Ustinov va unga o’xshash yosh ayblanuvchilar himoyasiga turdi. Pravoslav cherkovning 78 ta xodimi ta’qiblarga chek qo’yishni talab qiluvchi ochiq xatga imzo chekdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG