Breaking News

Nyu-Yorkda uyg'urlar va yahudiylar Xitoy siyosatiga qarshi namoyish qildi


Nyu-Yorkdagi namoyish paytida
Nyu-Yorkdagi namoyish paytida

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-Yorkdagi qarorgohi oldida uyg’urlar Xitoyning zulm siyosatiga qarshi namoyish qildi. Tadbir “Yosh yahudiylar adolat uchun” tashkiloti bilan birga uyushtirildi.

Xalqaro hayot – 23-mart, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:52 0:00

“Xitoy konsentratsion lagerlarida uch million uyg’ur saqlanayotgan bir paytda yahudiylar qanday qilib pasxa bayramini nishonlasin? Yahudiy xalqi qatliom nimaligini, e’tiqodi uchun ta’qib etilish qanday bo’lishini yaxshi biladi. Biz Xolokostni boshdan kechirgan avlod farzandlarimiz. Yahudiy yoshlari shunday paytda jim qarab tura olmaydi. Xalqaro hamjamiyat ovozlarimizni eshitib, chora ko’rishiga umid qilamiz”, - deydi “Yosh yahudiylar adolat uchun” tashkiloti rahbari Shabbos Kestenbaum.

Bayden ma’muriyati Xitoyning uyg’urlarga nisbatan zug’umini genotsid deb atarkan, unga qarshi choralar ustida o’ylanmoqda.

“Xitoyning insoniyatga qarshi jinoyatlari, uyg’urlarga qarshi qatliomidan chuqur xavotirdamiz”, - dedi Oq uy matbuot kotibasi Jennifer Psaki.

O’tgan hafta AQSh va Xitoy rasmiylari Alyaskada uchrashganida Davlat kotibi Entoni Blinken uyg’urlar masalasini ham ko’targan. Pekin Vashingtonni Xitoy ichki ishlariga aralashmaslikka chaqirib, Amerikadagi irqiy muammolar bilan shug’ullanishni tavsiya qildi.

Nyu-Yorkda namoyish qilgan uyg’urlarning aytishicha, Shinjondagi deyarli har bir uyg’ur oilaning kamida bir a’zosi lager va qamoqxonalarda o’tiribdi. Xitoylik o’zbeklar, qozoqlar ham zug’um ostida.

“Mening opam ana shunday qurbonlardan biri. Amerikadagi siyosiy faolligim sabab uni 28-sentabr kuni o’g’irlab ketishdi. U shifokor bo’lib ishlagan, nafaqaga chiqqan edi. Xalqaro hamjamiyat, Birlashgan Millatlar Tashkiloti bunday holatga jim qarab turibdi. Biz majburiy mehnat to’xtatilishini, konsentratsion lagerlar yopilishini, qatliomga, ayollarning ommaviy ravishda sterilizatsiya qilinishiga chek qo’yilishini talab qilyapmiz. Turmush o’rtog’imning barcha oila a’zolari ham qamoqxonada. Ularning aybi nimada? Oddiy odam bo’lishsa, dehqon, uy bekasi bo’lishsa”, - deydi “Uyg’urlar kampaniyasi” tashkiloti ijrochi direktori Rushan Abbos.

Xitoy konsentratsion lagerlar haqidagi da’volarni inkor etarkan, musulmonlar hunar bilim yurtlarida ilm olayotganini aytadi.

Hafta boshida Britaniya hukumati Xitoyning Shinjondagi to’rt rasmiysi va qurilish kompaniyasini uyg’urlar huquqlarini buzganlikda ayblab, ularni qora ro’yxatga qo’shdi. Bunga javoban Xitoy Yevropa Ittifoqining 10 rasmiysiga sanksiya qo’yishini bildirdi.

Xitoy hukumatining uyg’urlarga qarshi qatag’onlarini dunyoga fosh etishda Buyuk Britaniyada ham yahudiy faollar jonbozlik ko’rsatmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG