Breaking News

Nyu-York: Pandemiya davrida vatandoshlar boshlagan yangi bizneslar


O’zbekistonlik immigrantlar pandemiya davrida boshlagan yangi bizneslar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:36 0:00

Pandemiya davrida AQShda ko’plab bizneslar mijozlaridan ayrilib yopilib ketdi, kasodga uchradi. Nyu-Yorkda yashovchi tadbirkor Olim Muhammadiyev karantin sharoitida onlayn biznes loyihalar boshlagan va ularni O’zbekistonga ham olib kirmoqda.

“Hozirgi vaqtda yo’lni birinchi bo’lib boshini bosib o’tgan bizlar bo’lamiz. Sababi - Toshkentdan tashqaridagi viloyatlarimizni o’zi ham, masalan, Samarqand ancha orqada. Lekin 3 oy bo’lganiga qaramasdan bir kunlik buyurtmalarimizni soni 200 dan oshiq desak ham bo’ladi”, - deydi u.

“Karantin bois 2020-yil boshida vatanimizdagi kichik tadbirkorlik subyektlarini qo’llab-quvvatlash maqsadida bir loyiha-startapni boshlaganmiz – “iExpress.uz”.

Pandemiya uni o’zgacha o’ylashga undagan. Zero, o’zi boshlagan kichik biznes ham, vatandoshlari yuritadigan minglab bizneslar qatori koronavirus sabab yopilishi tayin edi.

“2020-yilning boshlarida o’zim Samarqandda bo’lganimda karantinning hali boshlanishi edi. Samarqanddagi tadbirkorlarni karantin davrida qo’llab-quvvatlash maqsadida shu loyihani ishlab chiqarganmiz”, - deydi Muhammadiyev.

Olim Muhammadiyev 10 yildirki Qo’shma Shtatlarda, Nyu-Yorkning Bruklin tumanida yashaydi. Millionlab chet ellarda yashayotgan yurtdoshlar kabi topganining bir qismini O’zbekistonda sarflaydi. So’nggi yillarda u yerda korxonalar ochishga ham mablag’ yo’naltirgan.

“Jami oxirgi uch oy mobaynida 3 ta loyiha xizmat ko’rsatib kelmoqda, Samarqandda. 2020-yilning o’zida ikkitasini ishga tushirdik. Bu “iExpress”, ikkinchisi “Halol Market”. O’zbekistondagi birinchi va hozircha yagona halol supermarketi. Hozirgi kunda jami loyihalarimizda kamida 500 kishi ish bilan ta’minlanib kelmoqda”, - deya tushuntiradi suhbatdosh.

Onlayn yechim pandemiya sharoitida shuncha odamni ozmi-ko’pmi daromad bilan ta’minlab turgan. “iTaxi” loyihasini u okean ortidan turib O’zbekistonda boshlagan. Uning ana shu ilk muvaffaqiyatli kompaniyasi pandemiya bois yangi sinovlarga duch keldi. Muhammadiyev bu sinovlardan o’tib nafaqat o’zining, balki boshqa hamshaharlari bizneslarini ham saqlab qolishga erishmoqda.

“Platformada jami bo’lib allaqachon 200 dan ortiq muassasalar bor. Deylik, nondan tortib xo’jalik mollarigacha hamma narsa bor”, - deya “iExpress” platformasini ta’riflaydi Olim Muhammadiyev.

Hammasi karantin sharoitida yo’lovchi tashish emas, uydan chiqolmay qolgan odamlarga dori-darmonlarni bepul yetkazishdan boshlangan. Undan keyin esa oziq-ovqat mahsulotlarini ham. Endi u “iExpress” nomi ostidagi alohida startap.

“Karantin sababchi bo’ldi, ya’ni bu loyihamizdan oldin bizda Samarqandda yuqori pog’onadagi taksi firmam ham bor, o’shanda taksi orqali ham mijozlarga kerakli mahsulotlarni yetkazib berish bilan shug’ullanib kelganmiz. Lekin karantin bois talab kuchaytirilgani sabab, ya’ni vatandoshlarimiz ko’p murojaat qilganliklari uchun shu loyihani o’ylab chiqib, ishga tushirdik”, - deb eslaydi Muhammadiyev.

Loyihasini rivojlantirar ekan, endi u bitta shahardagi mijozlar bilan cheklanmoqchi emas. “iExpress” xizmatidan dunyoning istalgan nuqtasida foydalansa bo’ladi.

“Hozirgi vaqtda mijozlarimizning soni kundan kunga ko’paymoqda. Xudoga shukur, odamlarda ishonch paydo bo’ldi. Ya’ni aldanmaydi va bizlarning loyihamizdan oldingi loyihalar orqali shu narsalarni yo’lga qo’yish uchun “Zelle”, “QuickPay”lardan odamlar foydalangan edi. Bizni platforma birinchilardan bo’lib o’zini ichida Visa, Master kartalaridan to’g’ridan-to’g’ri to’lov qilish xizmatlarini ham tashkil qildik. Bu odamlarga ham qulaylik yaratdi”, - deya to’lov uslubini tushuntiradi tadbirkor.

“Loyihamizni chegarasi yo’q. Bizlar musofir bor davlatlarning hammasiga kirib bormoqchimiz. Nasib bo’lsa”, - deya qo’shadi u.

“Platformamiz Samarqandda sinovdan muvaffaqiyatli o’tdi”, - deydi Muhammadiyev. - U yopilish arafasida turgan bizneslarni aksincha kengaytirishlarigacha xizmat qilmoqda. Chunki “iExpress” ularning mahsulotlarini odamlar uyigacha yetkazib berish imkonini bergan”.

Bu natijalardan ilhomlangan tadbirkor endilikda Nyu-Yorkda vatandoshlar yuritadigan bizneslarga ham shu yechimni taklif qilmoqda.

“Hozirgi vaqtda AQShning o’zida ham karantin kuchli bo’lganligi sababli bizlar Nyu-Yorkdagi vatandoshlarimiz, ya’ni tadbirkorlarimizga ham ushbu platformadan foydalanishni joriy qilyapmiz. Asosan o’zimizning vatandoshlar. Birinchi navbatda restoran egalari, kichik tadbirkorlik bilan shug’ullanib keladigan o’zbekistonlik fuqarolar. Ularning bizneslari yopilib ketmasligi uchun shu narsani joriy qildik. Ular uchun bu platforma tekin, birgalashib ishlayapmiz. Bizni loyihaga o’xshagan, ya’ni bizlar ko’chirib olgan desak to’g’ri bo’lar, “Uber Eats”, “Grubhub” degan loyihalar bor, lekin asosiy minuslari va bizlarning odamlar ishlatmasligi sababi - til baryeri. Ya’ni hammasi ingliz tilida. Ikkinchisi menyu. Mijozlarning sotib olish jarayoni qiyinroq kechadi va shu sababli o’sha platformalarni bizning odamlar deyarli ishlatmaydi. Bizning platforma “iExpress”da rus, o’zbek, ingliz tili mavjud. Xohlagan tillarida buyurtma berishlari mumkin”, - deya platformasi til bilmagan musofirlar uchun ham qulay qilib yaratilganini tushuntiradi uning asoschisi.

“Masalan Bruklinning o’zini olsak, kamida 100 ming kishi bor, o’zimizning samarqandliklarning o’zi. Bizlar 3 hafta oldin e’lon qilganimizdan keyin shu narsani, ya’ni Nyu-Yorkdan turib Samarqandda xarid qilish mumkinligini e’lon qilganimizdan keyin, ikki kun ichida 1700 kishi programmani yuklab oldi. Hozirgi vaqtda qiziqish katta. Umumiy auditoriyani chegarasiz qilib bizlar hozir Isroilga chiqdik, Yaponiya, Koreyada ham tanishlarimiz bor va ular hamkorlikka tayyor. Birinchi Nyu-Yorkni boshlab yuborganimizdan keyin, ular bilan bu tomondan ham ishlaymiz”, - deydi Muhammadiyev.

Olim bu loyiha bilan cheklanib qolmoqchi emas. Asl kasbi huquqshunos bo’lgan bu yigit ushbu platformasi negizida jahon bo’ylab harakatlanadigan har bir yurtdoshiga, keyinchalik esa har bir insonga hatto huquqiy manfaatlarini ham himoyalashda dastyor bo’ladigan ilovani ham tezroq ishga tushirishni orzu qiladi.

“Oxirgi ikki yilda sakkizta davlatga, chet elga chiqib kelganman. Ko’p joylarda bo’lganimda musofir, ya’ni o’sha MDH tomonlaridan kelgan nafaqat O’zbekiston, balki rossiyalik, ukrainaliklar juda ko’p. Boshqa davlatlardan kelgan musofirlarga e’tibor juda kam ekan. O’shalarni e’tiborini bir joyga jamlab, “iExpress” orqali loyihalarni amalga oshirmoqchimiz”, - deydi u.

Shunda deydi, suhbatdosh, Meksikadan tortib Moskva-yu Qozongacha, har yerda yurgan vatandoshlar aldanmay, manfaatlarini bir platformada, telefondagi ilova yordamida himoya qilish imkonini qo’lga kiritadilar.

Ungacha esa jamoa bosib o’tadigan katta yo’l bor. Boshlaganlarini maromiga yetkazish.

“O’zbekistonning ichida ham barcha viloyatlarga chiqayapmiz. Hozirgi vaqtda komandamiz bor, Toshkent shahri bo’yicha ishlayapti. Hozircha u yerda ishni yo’lga qo’yganimiz yo’q. Chunki bizning maqsad avvalo Samarqand bilan Nyu-Yorkni bog’lab qo’yish edi. Bu etapdan o’tib bo’ldik. Hozirgi vaqtda ishni Nyu-Yorkda yo’lga qo’ymoqchimiz. So’ngra Toshkent va boshqa viloyatlarga ham nasib bo’lsa chiqamiz”, - deya xulosa qiladi Olim Muhammadiyev.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG