Breaking News

O'zbekistonlik jurnalist: AQSh bilan aloqada OAVning roli katta


AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton O'zbekiston rahbari Islom Karimov bilan, Toshkent, 22-oktabr, 2011-yil.
AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton O'zbekiston rahbari Islom Karimov bilan, Toshkent, 22-oktabr, 2011-yil.
O’zbekiston so’z erkinligi cheklangan davlatlardan. Jurnalistlar nafaqat ichki muammolarni, balki tashqi siyosatga oid mavzularni ham mustaqil yorita olmaydi. Amerika-O’zbekiston munosabatlari ana shunday mavzulardan. Bu borada bugun ahvol qanaqa? Ommaviy axborot vositalarida AQSh hayoti tilga olinyaptimi?

Toshpo’lat Rahmatullayev O’zbekistonda turib AQSh-O’zbekiston munosabatlari haqida yozadigan sanoqli jurnalistlardan biri. Davlat departamentining jurnalistlar uchun tashkil etgan maxsus dasturi asosida va boshqa sabablar bilan AQShda ko’p ijodiy safarlarda bo’lgan. Ikki davlat rishtalari, Qo’shma Shtatlardagi o’zbeklar hayoti haqida turkum maqolalar, shuningdek, “Amerika jurnalist nigohida” nomli kitob muallifi.

“Jurnalistlarimiz Amerika haqida keng, har tomonlama, tahliliy maqola va chiqishlar qilyapti, deb aytolmaymiz. Amerika elchixonasi oyda bir-ikki marta jurnalistlar uchun “Press-gap” tashkil qilib, Amerikadan kelgan mehmonlar bilan uchrashuvlar qilib turmaganda, bu haqda maqola va xabarlar deyarli umuman bo’lmasdi”, - deydi u.

Jurnalist Toshpo'lat Rahmatullayev
Jurnalist Toshpo'lat Rahmatullayev
To’shpo’lat Rahmatullayev buning sababini nafaqat hukumat qo’ygan cheklovda, balki jurnalistlarning o’zida tashabbus va mustaqillikning yo’qligida ko’radi.

“Gazetalar siyosiy masalalarda, davlatlararo muammolarni yoritishda qandaydir ko’rsatma kutib turgandek. Ularga tayyor material yuqoridanmi yoki ma’lum bir tashkilotdanmi, berilsa, chiqarishadi. Jurnalistlar bevosita o’zlari shu haqda yozib, davlatlararo masalalar haqida yoki hatto Amerikada shu kunlarda bo’layotgan voqealar haqida va ayniqsa, O’zbekiston-Amerika munosabatlari, u yerdagi vatandoshlarimizning hayoti haqida yozyapti, shu masalalarni ko’tarib chiqyapti, ikki tomonlama munosabatlarni yanada yaxshilashga hissa qo’shyapti, deb aytish juda mushkul”, - deydi suhbatdosh.

“Press-gap” deya ataladigan yig’inlarda ommaviy axborot vositalari xodimlari elchxona vakillari, xususan, AQShdan tashrif buyurgan turli davlat yoki jamoatchilik vakillari bilan uchrashib, Amerika hayotiga oid so’nggi yangiliklardan boxabar bo’ladi.

“Har bir viloyatdan bir-ikki, har oyda 25-35 nafar jurnalistning borib, elchixonada uchrashayotgani tufayli ba’zi bir ma’lumotlar chiqib turibdi. Bunda elchixona e’lon qilgan eng yaxshi maqolalar tanlovi ham ma’lum rol o’ynayapti. Bundan keyin ham elchixona va O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligi hamkorlik qilishi kerak. O’zbekiston va AQSh munosabatlarini yaxshilashda, bu yerda va ayniqsa, u yerda aholini o’zaro munosabatlar haqida xabardor qilishda jurnalistlarning roli katta deb hisoblayman”, - deydi Rahmatullayev.

O’zbekistonda matbuot ustidan senzura rasman 2002-yilda bekor qilingan. Ammo Toshpo’lat Rahmatullayevning aytishicha, hozir jurnalistlarning o’zlari, muharrirlar norasmiy senzuraga aylangan.

“Ayniqsa, muharrirlarda va undan keyingi pastdagi jurnalistlarda o’zini o’zi senzura qilish, ushlab turish, shuni berishdan ko’ra bermasam yaxshiroq, qulog’im tinch, degan kayfiyat ommaviy ravishda hukm surgan. Tashabbus yo’qligi va tashabbus qo’llab-quvvatlanmasligi oqibatida mana shu ahvol yuzaga kelgan”, - deydi u.

Mahalliy nashrlarda hukumat qarashidan farqli fikrlarni topish qiyin. Matbuot va televideniye “O’zA” axborot agentligi kabi rasmiy kanallardan kelgan ma’lumotlarni berish bilan kifoyalanadi. AQSh-O’zbekiston munosabatlariga oid mustaqil xabar va maqolalarni hozir faqat internetda o’qish mumkin, deydi Toshpo’lat Rahmatullayev.

“Masalan, hozircha internet tarmog’iga kirib qarasangiz, bitta-yarimta maqolalar ko’rasiz. Hatto, o’sha “Press-gap”da qatnashadiganlarning aksariyati ham o’z xabar va maqolalarini internetga beryapti. Ommaviy axborot vositalarining boshqa turlari, masalan, radiodan, televideniyedan umuman jurnalistlar qatnashmaydi bu uchrashuvlarda. Gazetalardan ham juda kam. Asosan, mustaqil jurnalistlar, boshqacha qilib aytganda, ishsiz jurnalistlar qatnashadi yoki internetga chiqib turadiganlar. Demak, biz tomonimizdan bunday faoliyatni qo’llab-quvvatlash, rag’batlantirish yo’q desa bo’ladi”, - deydi mustaqil jurnalist.

Toshpo’lat Rahmatullayevning aytishicha, jurnalistlarning AQSh tashkil etadigan tadbirlarda ishtiroki ilgariga qaraganda hozir biroz jonlangan. Ijodkorlar bu voqealar haqida aholini qancha ko’p xabardor qilsa, ikki davlat aloqalari shuncha yaxshi bo’ladi, deydi u.

“AQSh-O’zbekiston munosabatlarini yaxshlash haqida gapirganda, aholining xabardorligini oshirish masalasi ko’ndalang bo’ladi. Shuning uchun bundan nafaqat AQSh elchixonasi, balki biz tomon ham manfaatdor bo’lishi kerak. Chunki Amerikada bundan 10 yil oldinga qaraganda, bilishadi, hozir odamlarimiz ancha ko’p. Lekin amerikaliklar boshqa chet davlatlarni bilgandek bizni bilishmaydi. Xabardorlikning oshishidan davlat ham manfaatdor. Shuning uchun ham jurnalistlar almashinuv dasturlarini, o’zaro matbuotlarda chiqishlarni yo’lga qo’yish kerak, deb o’ylayman,” - deydi ijodkor.

Jurnalistning aytishicha, xorij matbuoti, xususan, Amerika ommaviy axborot vositalari uchun xos mazmun va uslubda O’zbekiston xabarlarini yetkazib beradigan maxsus jurnalistlarni tayyorlash lozim. Bu kasb egalari uchun tashkil etilayotgan dasturlarda shunga e’tibor qaratish darkor, deydi Rahmatullaev.

Toshpo'lat Rahmatullayev bilan suhbat, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:48 0:00
Yuklab oling
  • 16x9 Image

    Behzod Muhammadiy

    Behzod Muhammadiy AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari bilan nom qozongan. 

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG