Tanqid qiling, deydi O'zbekiston rahbari o'z iznidagi matbuotga


Hozircha O'zbekistonda axborot vositalari "yurt naqadar farovon" ekanini yoritish bilan band

Shavkat Mirziyoyev matbuotni tanqiddan qochayotganlikda tanqid qilmoqda. O'zbekiston axborot vositalari hozircha Prezident Mirziyoyev talabiga javob bermayapti. Mamlakatdagi asosiy tanqidchi hamon prezidentning o'zi.

“Yoshlar” telekanaliga taniqli xonanda Ozodbek Nazarbekovni boshliq etib tayinlagan prezident bu kanalni safsatabozlikda ayblab, vaziyatni o'nglash imkoniyatini jurnalistlarga emas, Nazarbekov zimmasiga yukladi.

“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tugatilib, Yoshlar Ittifoqi tashkil qilindi. Bu munosabat bilan o'tgan yig'ilishda aytilgan tanqidlar efirda ko’rsatilmagan, lekin oradan ikki hafta o'tib, video internetda paydo bo’ldi.

“…amaldorlar haqida matbuot, avvalo yoshlar matbuoti churq etmaydi. Mana gazetani o'qiyman, hammasi zo'r, besh yuz foiz. Birorta hokim yoshlar bilan uchrashmadi, bu bo'lmayapti, u bo'lmayapti degan gap yo'q. Hammasi zo'r, yest qilamiz… “Yoshlar” telekanali ham o'z imkoniyatidan saramarali foydalanmayapti. “Yoshlar” telekanali deydi, eshitinglar, unda yoshlarni hidi ham yo'q. Quruq o'sha safsata, bu gaplar bo'lmaydi. Ozodbekni bekorga taklif qilganim yo'q, shu kanalning eng katta boshlig'i bo'ladi”, - deydi Mirziyoyev.

“Tanqid qilish kerak, tanqidning tagi natija. Tanqidning ham ma'nosi, madaniyati, ma'rifati bor. Tanqid foydali bo'lishi kerak, ura-ura bo`lishi kerak emas. Shuning uchun men o'zim taklif qildim, Ozodbek Nazarbekov bosh bo'lsin”, - deydi prezident.

Nazarbekovning tayinlanishi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamada. Munozaralarda uning rahbarlikka kelishi yangi tashkil etilgan Yoshlar Ittifoqi faoliyatini jonlantirish bilan bog'liq ko'rilmoqda. Ammo prezident bayonotiga ko'ra, musiqa yulduzining tanlanishi ko`proq jurnalistlar faoliyatidan qoniqmaslik bilan bog'liq.

Prezidentning tanqid zarurligi haqidagi ketma-ket chaqiriqlaridan so'ng ham asosiy maqsadini davlat rahbari, yurtboshi tashabbuslarini qo'llashdan iborat ko'rayotgan o'zbek matbuoti hozircha o'zgarishlarga qodir emas, deydi mustaqil jurnalistlar.

Shvetsiyada siyosiy muhojirlikda yashayotgan jurnalist, “Eltuz.com” nashri muharriri Qudrat Bobojonning tahlilicha, Mirziyoyevning tanqidlaridan qat’i nazar, o'zbek jurnalistikasiga hali siyosiy imkoniyat berilgani yo'q.

“Mirziyoyev “xalq bilan muloqot” yilini e'lon qilishidan boshlab go'yoki qandaydir oshkoralik, o'zgarishlarga intilish boshlangandek. Ammo boshqa tomondan, o`zbek matbuotida hali biror jiddiy o`zgarishning o'zi yo'q. Matbuotda hali jurnalistikani oddiy prinsipi bo`lgan birorta mustaqil surishtiruvning o'zi yo'q. Jiddiy tahlil kuzatilmaydi. Bundan tashqari fuqarolik jamiyatini faollashtirish haqida gap borayotgan bo`lsa, jurnalist do'stlarimiz hamon qamoqda. Mana, so'z erkinligi bo`yicha Germaniyadagi nufuzli mukofotga loyiq ko'rilgan Solijon Abdurahmonov. Dilmurod Sayyid yoki boshqa jurnalistlar, hamon qamoqda o'tirishibdi. Ya’ni, mamlakatda bir yoqlama bir jurnalistika mavjud. Bu esa matbuotning to'rtinchi hokimiyatga aylanish darajasini ko`rsatmaydi, ammo bugun jurnalistika, uning missiyasi, mamlakatdagi vaziyatni o'nglashga hissa qo'shish lozimligi haqida o'ylaydigan bir payt”, - deydi Qudrat Bobojon.

Siyosiy muhojirlikda yashayotgan yana bir o'zbekistonlik mustaqil jurnalist Ulug'bek Haydarov Mirziyoyevning tanqidga muhtojligiga ishonmaydi.

"Axborot" va davlat televideniyesining boshqa informatsion dasturlari - hukumatning asosiy propaganda vositalari
"Axborot" va davlat televideniyesining boshqa informatsion dasturlari - hukumatning asosiy propaganda vositalari

“Agar Mirziyoyev o'z islohotlari, bayonotlariga shunchalik ishonar ekan, nega hozirgacha biror marta matbuot bilan bevosita aloqaga chiqmadi. Aholini islohotlarga ishontirmoqchi ekan, nega xorijdagi o'zbek radiolari bilan (“Ozodlik”, BBC, “Amerika ovozi”) bilan muloqotga bormayapti. Yoki hech bo'lmaganda, yangi ochilgan xalqaro press klub doirasida ham biror muloqot tashkil qilinmadi-ku”, - deydi jurnalist.

O’tgan yili prezidentlikka kelgan Mirziyoyev hozirgacha bir necha bor OAVni keskin tanqid qildi. Bu tanqidlardan so'ng xalq orasida “jannatdan xabarlar” nomi bilan mashhur bo'lgan “Axborot” dasturida ayrim o'zgarishlar kuzatildi. Matbuotda ayrim yengil tanqidlar yuzaga chiqa boshladi.

Ammo bu bilan davlat nazorati ostidagi matbuot prezidentni qoniqtirishga urinayotgandek, xalqni emas.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG