Breaking News

Berlinda o'zbek muxolifati qurultoy o'tkazdi


O'zbekiston Xalq harakati namoyishi
O'zbekiston Xalq harakati namoyishi


Germaniya poytaxti Berlinda yaqinda tashkil etilgan O'zbekiston Xalq harakati muxolif guruhining ilk qurultoyi o'tdi. Unda "Erk" partiyasining lideri Muhammad Solih muassislar majlisiga rais etib saylandi.

O'zbekiston Xalq harakati 2005-yil may oyidagi Andijon voqealari oqibatida vatandan bosh olib chiqqan qochqinlar tashkil etgan bir necha guruh asosida hayotga kelgan tuzilmadir. Asosiy maqsadi O'zbekistonda hukmron tuzumni ag'darish. Muxolifat shunday maqsadda so'nggi yillarda bir necha bor birlashishga harakat qilgan, ammo uddasidan chiqmagan. Muhammad Solihning aytishicha, bu safar birlashish ehtimoli yuqori.

"O'zbekiston va dunyodagi siyosiy vaziyat so'nggi yillarda keskin o'zgargan. Odamlar ilgari gapira olmagan gaplarini bugun ochiq ovoza qilmoqda, siyosiy faollik oshgan. Xalq harakatiga xayrixohlar ko'paymoqda", deydi Solih.

So'nggi kunlarda O'zbekistonda va chetda yoz mavsumida mamlakatda namoyishlar bo'ladi, degan mish-mishlar keng tarqalgan. O'tgan hafta Toshkentdagi istirohat bog'larida huquq-tartibot organlari chiqishlarni tarqatishga qaratilgan mashg'ulotlar o'tkazgani ma'lum bo'ldi.

"O'zbekistonda arab dunyosidagi kabi namoyishlar ehtimoli qanday? Xalq bunga tayyormi?" deb so'raymiz Muhammad Solihdan.

"Misr va Tunis xalqlarini ham tayyor emas deyishgan. Bu mamlakatlarda ham rejimlar kuchli bo'lib, hech kim g'alayonlarni hatto xayoliga ham keltirmagan. Ammo chetdan abadiy ko'ringan tuzumlar bir zumda yo'q bo'ldi".

O'zbekiston Xalq harakati internetda bayonot chiqarib, muxolifatning O'zbekistondagi tuzumni o'zgartirishga qaratilgan ko'p yillik harakatlari meva bermadi, deya kurash uslubini o'zgartirishni taklif qildi.

Harakat nazarida Gandining nozo'ravon kurash uslubi O'zbekistonda ish bermaydigan xom-xayol, utopiyadir. "Bunga muqobil yo'l qanday, zo'ravonlikmi" deya so'raymiz qurultoyda kuzatuvchi sifatida ishtirok etayotgan inson huquqlari faoli Mo'tabar Tojiboyevadan.

"Qurultoyda zo'ravonlik tilga olinmadi, ammo bu kabi bayonotlarning mavhumligi Xalq harakatining ketidan O'zbekiston xalqi, fuqarolik jamiyati faollar hayotini xavf ostiga qo'yishi mumkin".

Mo'tabar Tojiboyeva Xalq harakatiga ishonchsizlik bilan qaraydi. Tashkilotdan shu kungacha biron-bir ijobiy amaliy ish ko'rmadik, deydi u.

Xalq harakati faollarining aytishicha, O'zbekistonda namoyishlarning bo'lishi muqarrar. Hozir buning uchun sharoit yaratilmoqda. Masalan, ichki ishlar xodimlaridan birining internetdagi muxolif saytiga bildirishicha, kun ora huquq-tartibot organlariga notanish kimsalar telefon qilib, g'alayonlar bo'lgudek bo'lsa, xalqqa qarshi qurol ishlatmang, omma tomoniga o'ting, deya da'vat qilmoqda.

O'zbekistonda hukumatga qarshi namoyishlar boshlangudek bo'lsa, amaldagi tuzum Misr va Tunisdagi kabi tez yengilishi, chiqishlar Liviyadagi kabi qonli tus olib, xalqaro kuchlar aralashuviga sabab bo'lishi yoki 2005-yil mayida Andijonda bo'lgani kabi bir kunda barham topishi mumkin.

Voqeaning yana bir rivoji shuki, ichki tortishuv va nizo sabab muxolifatning birlashib, amalda sezilarli ish qilish rejalari navbatdagi bor boshi berk ko'chaga kirib qolishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Odil Ro'zaliyev

    Odil AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekistonda Jahon tillar universitetida tahsil qolgan, Nyu-Yorkdagi Peys universitetida bir yil almashinuv dasturi bo'yicha o'qigan. 

    Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. Then he was an exchange student at Pace University in New York for one year (1993-1994). He got his Master's degree from Tufts University in Massachusetts in 2004.

XS
SM
MD
LG