Breaking News

Sport va palov - vatandoshlarni birlashtiruvchi omillar


Uzbek Soccer
Uzbek Soccer

Amerikadagi o'zbekistonliklar mahallasida yana futbol turniri. “Mustaqillik kubogi” turnirini o'tkazish yillik an'anaga aylangan. Bu yilgi turnirda 10 shtatdan 12 ta jamoa qatnashdi.

Sport va palov - vatandoshlarni birlashtiruvchi omillar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:45 0:00

Nyu-Yorkning Bruklin tumanidagi Kayzer Parki hududidagi futbol maydonida to'rtinchi marotaba o'tkazilayotgan “Mustaqillik kubogi” futbol turnirining bu yilgi g'olibi - “Lochinlar”. Bu jamoa uzoq Kanzasda yashovchi o'zbekistonlik muhojirlardan tarkib topgan. Yaqinda Bruklinda tashkil topgan “Mahalla USA” tashkiloti futbol orqali AQShning turli burchaklarida yashovchi o'zbekistonliklarni birlashtirish payida.

“Dunyoning eng rivojlangan mamlakatlaridan birining qoq markazi, AQShning Nyu-York shahrida vatandoshlarni yig'ib futbol turniri o'tkazilyapti. Futbol bu shunchaki bahona, bilasizki, bu yerda yangi avlod yetishib chiqayapti. Ular o'zbek tili, madaniyati, tarixini yoddan chiqarmasligi maqsadida milliy qo'shiqlarni eshittiryapmiz. Ochilish marosimida milliy raqslar bo'ldi. Yosh avlod ota-onalari qayerdan kelganini, bu mamlakat qanday boy tarixga egaligini bilib katta bo'lishsin. Assimilyatsiya, adaptatsiya orqali juda ham amerikalashib ketishmasin. Bilim, ilm jihatdan mayli, lekin madaniyat jihatdan olganda o'zining o'zbekligini unutmasligini targ'ib qilish maqsadida biz mana shunday loyihalarni qilganmiz. Shuning uchun, o'ylaymanki, futbol, sport, palov, mana shunday pikniklar orqali biz, xudo xohlasa, o'zbeklarni bir-biriga yanada yaqinlashtirish niyatidamiz. Ajab emas, bo'lajak kelin-kuyovlar, bo'lajak oila vakillari mana shunaqa ajoyib tadbirlarda tanishishsa, baxtli oila qurishsa, biz ham savob ishlarga sababchi bo'lardik”, - deydi turnir asoschilaridan biri San'at Sharipov.

Tashkilot faollariga ko'ra, shu kunlarda Nyu-York va uning tevaragida 50 mingdan 100 minggacha o'zbek va o'zbekistonliklar yashaydi. Biroq ular tarqoq.

Amerikadagi o'zbekistonliklarni kimdir madaniyat yoki til, ba'zilar kelib chiqish joyi, yana kimdir din yoki siyosiy g'oyalar atrofida birlashtirishga harakat qilib keladi. Yaqinda tuzilgan “Mahalla USA” tashkiloti sportga, xususan, futbolga urg'u bergan. To'p va yashil maydonni tanlagan bu tashkilot bu yil 700 dan ortiq yurtdoshlarni bir joyga to'plashga muvaffaq bo'ldi.

“Bu turnir boshqa shtatlardan kelgan do'stlarim bilan yana diydor ko'rishib, yangi do'stlar orttirishga yordam berdi”, - deydi bruklinlik Mukarramxon Qahramon qizi.

Turnir ilk bor 4 yil oldin o'tkazilganida olti shtatdan jamoa qatnashgandi. Bu yilgi musobaqaga 10 shatdan 12 ta jamoa yig'ildi. Chikago vakillari turnirning doimiy ishtirokchisi. Chikagodagi o'zbekistonliklar jamiyati rahbari Olimjon Sharipovga g'oya ma'qul.

“O'zbeklarimiz ko'p shtatlarda yashaydi. Sport orqali o'zbeklarni birlashtirishning bir yo'li-da bu. Bu yaxshi narsa. O'zbekni osh birlashtiradi deb hazillashishardi, lekin men bugun aytardimki, o'zbekni sport birlashtiradi. Va bugun palov ham bo'ldi. Albatta, osh bilan sport bir bo'lsa, xalqimiz yanada ko'proq birlashadi deb o'ylayman”, - deydi u.

Kuzatuvchilar e'tiroficha, 1996-yildan 2019-yilga qadar 60 mingdan ortiq o'zbekistonlik “grin karta” sohibi bo'lgan. Ularning oilaviy ko'chib kelgani hisobga olinsa, umumiy soni 200 mingdan oshganini taxmin qilish mumkin.

Diplomatlar ma'lumotiga ko'ra, 90-yillardan so'ng O'zbekistondan Amerikaga 90 mingdan ortiq turli millat vakillari Amerikaga ko'chib, AQSh fuqaroligini olgan. Shularning bir qismi "grin karta" yutib, yana boshqasi ish va o'qish ortidan kelib qolib ketgan. Bu davlatda siyosiy boshpana topganlar ham talaygina. Turnir ularni bir joyda yig'a olgan kam sonli, ammo muvaffaqiyatli loyiha. Uning doirasida nafaqat vatandoshlar, balki o'zbekistonlik diplomatlar, mahalliy hokimiyat vakillari ham muloqotda.

AQSh bu muhojirlar uchun ikkinchi vatanga aylangan. Ularning yangi vatanda boshidan kechirayotgan muammolari o'xshash. Vatandan olisda o'sayotgan farzandlarining sharqona qadriyatlardan yiroqlashayotgani bir muammo. Shuning uchun bo'lsa kerak, turnirga yosh bolalarini yetaklab kelayotganlar soni ham yildan-yilga oshmoqda. Bu yil 120 dan oshiq bolakay parkka tashrif buyurdi. Tashkilotchilar ularni sovg'a-salomlar bilan siyladi.

10 yashar Ibrohimning sevimli o'yini ham, erkin so'zlashadigan tili ham o'zgacha.

“Men beysbolni yaxshi ko'raman. Bu yerda futbolni ko'rib zavq olyapman”, - deydi ingliz tilida Ibrohim.

8 yashar Matlubaning xotirasida esa katta qozondagi osh muhrlanadi.

“Menga osh yoqdi. Hammaning futbol o'ynagani, yugurishlarimiz hamda ashulalar menga yoqdi”, - deydi u.

Turnirga kelganlarning deyarli hammasi muhimi g'alaba emas, ishtirok deyishadi. Bu yilgi musobaqaga o'zbek futbolining afsonaviy to'purari Birodar Abduraimov tashrif buyurdi.

“Mustaqillik kubogiga uzoq-uzoq shtatlardan futbolni yaxshi ko'rgani uchun, vatandoshlar bilan diydorlashish uchun 10-12 ta jamoa keldi. Hammalari yosh yigitlar. Ularning futbolga bo'lgan ishtiyoqi baland. Asosiy maqsadi "Mustaqillik kubogi" va boshqa turnirlar bahonasida birlashib, ko'rishib turish. Futbol orqali ular, albatta, sog'lig'ini ham ushlab turishadi,” - deydi faxriy mehmon.

Olis Shimoliy Karolinadan kelgan Elbek va Solihjonlar musobaqada g'alaba qozona olmagan bo'lsa-da, ortga ko'tarinki ruh va katta ishonch bilan qaytishmoqda.

“Shimoliy Karolinaning Sharlot shahrida har yili xalqaro musobaqa o'tkaziladi. Butun dunyo mamlakatlaridan - Braziliya, Germaniya, Angliya va Afrikadan muhojir jamoalari qatnashadi. Biz o'tgan yil Rossiya jamoasi safida to'p surganmiz. 2020-yil shu yerda orttirgan do'stlarimiz bilan jamoa tuzib, O'zbekiston termasi sifatida qatnashib ko'rmoqchimiz,” - deydi Shimoliy Karolinadagi yosh va kam sonli o'zbekistonliklar jamiyati vakili Elbek Kariyev.

“Bu Amerikadagi diasporalar o'rtasida bo'ladigan jahon chempionatidir. Nasib bo'lsa, o'zbeklar jamoasini yig'ish niyatimiz bor”, - deydi Solihjon Abramatov.

"Mustaqillik kubogi"ni bu yili qo'lga kiritgan "Lochinlar" jamoasi vakili taassurotlari bilan o'rtoqlashdi.

“G'alaba biz uchun qiyin bo'ldi. Chunki bir kunda 5-6 ta o'yin ketma-ket o'ynash juda qiyin. Dam olishga orada bir soatgina vaqt berishadi. Shuning uchun iloji boricha ko'proq bolalar bo'lishi kerak”, - deydi Rustam Mahmudov.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG