Breaking News

Ziyolilar: Tojikiston-O'zbekiston do'stligi davomiy bo'ladi


Tojikistonlik ziyolilar
Tojikistonlik ziyolilar

O’zbekiston-Tojikiston munosabatlari iliqlashar ekan, bu iliqlik shabodalari har ikki mamlakat aholisinning turli qatlamlarida ko’tarinkilik bilan kutib olinmoqda. Bu borada so’z yuritayotgan tojik tahlilchilarining aytishicha, qo’shnilar bilan madaniy aloqalar doimo bo’lib kelgan, adabiyot, san’at va sport chegara bilmagan. Hozir ikki qo’shni davlatlar, Tojikiston va O’zbekiton o’rtasida kuzatilayotgan iliqlik chegaraning har ikki tomonidagi xalq orasida yangi umidlarni uyg’otmoqda.

Tojikistonda xizmat ko’rsatgan artist, xushovoz xonanda Qodirjon Mirashurov shirali ovozi bilan butun Markaziy Osiyoda tanilgan san’atkor.

Ikki davlat orasida ko’rilayotgan iliqlik mujdalarini xushhollik bilan qabul qilgan taniqli sana’tkor davlatlar, xalqlar o’rtasidagi do’stona munosabatlar rivojida madaniyat ahlining o’zga xos o’rin tutishini ta’kidlab, aloqalar, albatta, rivojlanadi deb ishonadi; o’zining ijodiy faoliyatini namuna sifatida talqin etadi.

"O’zbekiston san’atkorlari bilan aloqamiz avvaldan yaxshi bo’lgan. Xudo xohlasa, yaqin kunlarda yanada yaxshi bo’ladi, degan xabarlani eshitib turibmiz. Inshaalloh, yo’llar ham ochilib ketadi degan umiddamiz.
Bir vaqtlar biz Abdurauf Olimov do’stimiz bilan Toshkentlarga borib, “Xalqlar do’stligi” saroylarida konsertlar berganmiz. O’zim ham yakkaxon konsertimni qo’yganman. Biz O’zbekistonning barcha hofizlarini hurmat qilamiz , ko’plari bilan aloqani uzganimiz yoq, haligacha aloqamiz bor. G’iyosbek, Elmurod bizning shogirdimiz, ukamiz Ozodbek… Rahmatli Nuriddin, Oxunjon, Muhriddin… Bizlar hammamiz birga “gap” yeb yurganmiz. Hozir O’zbekistondan juda yaxshi yoshlar chiqmoqda. Kun kelib, ularni yurtimizda qayta-qayta ko’ramiz deb o’ylayman. Ilohim, ular Tojikistonga kelib turishsin, biz O’zbekistonga borib, birgalikda hamkorlik qilaylik. Bordi-keldilar qayta tiklanib, yo’llar ochilib ketsa, aloqamizni yanada mustahkam qilamiz. Tojigu-o’zbekning do’stligini bundan ham yaxshiroq qilishga harakat qilib, qo’limizdan kelgan sa'y-harakatlarimizni amalga oshiraveramiz", - deydi Qodirjon.

Shuning barobarida ayrim OAVlarda ba’zi mahalliy va xorijiy ekspertlarning Islom Karimov vafotidan so’ng rahbarlik vakolatlarini vaqtincha bajaruvchi Bosh vazir Shavkat Mirziyoyevning qo’shni respublikalar bilan munosabatlarni iliqlashtirish tomon qo’yayotgan qadamlarini turlicha baholab, uni vaqtinchalik saylovoldi targ’iboti deb baholashayotganini kuzatish mumkin.

Tojikistonda chegaraoldi qo’shnichilik munosabatlari va ijtimoiy-siyosiy holat haqida yaxshi xabardor mahalliy ekspert Bahrom Fayzulloyev bu kabi fikrlarga qo’shilmaydi.

"Yaqindagina O’zbekistondan o’ttizdan ortiq taniqli tadbirkorlar, ziyolilar Tojikistonning Xo'jand va Isfara shaharlariga tashrif buyurdilar, muhtasham Arbob qasrini ziyorat qildilar. Bu ham, ko’ryapsizki, amaliy harakat borligidan nishonadir. Ishonchim komilki, bu kabi harakatlar yanada ko’lamli bo'ladi, xalqlarimiz birligi real asoslarda rivojlanadi. O’zbekiston rasmiylarining ikki qo’shni mamlakat aholisi o’rtasida chegaradan o’tish qoidalarini osonlashtirish, kelajakda viza tartibini yanada yengillatish yoki bekor etishga harakat bo’lishi mumkinligiga ishoralar, bularning barchasi, ishonch bilan aytish mumkinki, yaqin yillarda o’zaro aloqalarning yanada rivojlanishidan darak beradi. Ba’zilar o’rtada kuzatilayotgan iliqlikni O’zbekistonda o’tadigan prezidentlik saylovi tufayligina ko’rilayotgan vaqtinchalik holat deb baholashlariga qo’shilmayman, mintaqa davlatlarining do’stlik rishtalari yanada chuqur ildiz otadigan vaqt keldi, - deydi Fayzulloev.

Tojikistondagi Shukur Burhonov nomidagi yagona o'zbek musiqali drama teatri direktori Abduqodir Yahyoev bir vaqtlar Toshkent oliygohida ta’lim olgan. Hozir O’zbekistonda ko’plab kinofilmlarni suratga olayotgan taniqli ozbek kinorejissori Zulfiqor Musoyevning kursdoshi bo'lgan Abduqodirning aytishicha, ikki mamlakat o’rtasidagi aloqalarni rivojlantirishdan xalq ham, hukumat ham manfaatdor, ikki xalq do’stligini rivojlantirish tarixiy zaruratdir.

"Kuni kecha millat peshvosi, respublikamiz prezidenti, janobi oliy Emomali Rahmon Rog’unga qilgan safarlarida qo’shni mamlakatlar, xususan, O’zbekiston bilan do’stona aloqalar haqida chiroyli so’zlarni tilga olib, biz oldindan yaxshi edik, bundan keyin ham yaxshi bo’lamiz, hech qachon qo’shni davlatlarga farqsiz emasmiz dedi. Buni ularning zukkoligi, qo’shnichilik siyosatida mana shunday har taraflama chuqur o’ylashlari deb bilaman.
Tojikistondagi o’zbek teatri rahbari sifatida shunday demoqchimanki, qo’shni davlatlar bilan qanchalik yaxshi bo’lsak, arzonchilik bo’ladi, ittifoq mustahkamlanadi. Tojikistonda o’zbek eli sevgan buyuk artist, Shukur Burhonov nomidagi teatrning 83 yildan beri faoliyat yuritib kelayotganining o’zi qo’shni davlatlar, O’zbekiston bilan Tojikistonning do’stligi, aka-ukaligi, qavmu-qarindoshligi isbotidir. Ikki qondoshu-jondosh xalqlar o’rtasidagi rishtalarni bog’ovchi ko’prikdir", - deydi Yahyoyev.

Tojikiston va O’zbekiston o’rtasidagi aloqalarning sur'atli rivojlanishi, mahalliy tahlilchilar fikricha, yaqin kelajakda o’z natijalarini ko’rsata boshlaydi. Ularning ta’kidlashlaricha, O’zbekiston OAVlarida, xususan, telekanallarida Tojikiston bilan mushtarak aloqalar haqida so’z yuritilayotganining o’ziyoq o’rtadagi munosabatlar nechog’lik rivojlanishidan darak beradi. O’zbekiston telekanallarida biz haqimizda, o’zaro aloqalar borasida iliq fikrlarning bildirilayotgani mamlakat miqyosida Tojikistonga e’tiborning ijobiy tomonga o’zgarayotganini anglatadi, deyishadi tojik ziyolilari.

Qo’shni davlatlar chegara hududlaridagi vaziyat bilan yaqindan tanish, qo’shnichilik munosabatlari borasida qator tahliliy maqolalar qilgan tojik tadqiqotchisi, jurnalisti Negmatullo Mirsaidov ikki qo’shni mamlakat o’rtasida kuzatilayotgan iliqlikni qutlar ekan, u ham Dushanbeda O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov hamda elchi Shoqosim Shoislomovlarning qilgan chiqishlariga xos e’tibor qaratib, ularning so’zlari bejiz emas, deydi.

"Vaqtiki, qo’shni respublikaning nufuzli idorasi rahbari, tashqi ishlar vaziri so’zlar ekan, bunga, albatta, ishonish kerak. Hozir o’tgan asr oxirlari, 2000-yillargacha bo’lgan o’zaro bordi-keldilarga qaytish, oradagi do’stona munosabatlarni tiklash ehtimoli bor. Ishonamanki, har ikki xalq vakillari ko’proq uchrashib tursalar, birinchidan, qardoshlik rishtalari yanada rivojlanadi, mustahkamlanadi. Boshqa tarafdan shuni tushunish zarurki, o’tgan yaqin yillarda bir-biriga tarixan yaqin bo’lgan ikki xalq o’rtasidagi aloqalar ko’p sustlashib, qariyb, uzilib qolgan edi. Buni tiklash uchun, albatta, harakat qilishimiz zarur. Hozir qo’shi mamlakat sardori Mirziyoyev ham, davlatimiz rahbari Emomali Rahmon ham buni juda yaxshi anglamoqda. Ishonchim komilki, bugungi harakatlar munosabatlarni tiklashdagi avvalgi qadamlar bo’lib, kelajakda ikki tomonlama aloqalar rivojiga turtki beradi. Qo’shnilarimiz ham yaxshi biladilarki, o’tgan yigirma yilcha orasida mintaqa mamlakatlari qariyb iqtisodiy blokadada edi, ko’pgina aloqalar uzilib qolgan edi. Bugun O‘zbekiston Qirg’iziston bilan ham munosabatlarni yaxshilamoqda. O’ylaymanki, tojik xalqi o’zbeklarga yaqinroq, bir tarix va madaniyat-u ma’rifatga ega. Shunday ekan, O’zbekiston bilan munosabatlarimizning yaxshilanishi, uni izchil rivojlantirish tarixiy zaruratdir", - deydi tojik eksperti Mirsaidov.

Hozirgi vaqtda ikki davlat o’rtasida mavjud ayrim muammolarni yo'qotish, an'anaviy qo’shnichilik, birodarlik va do’stlik aloqalarini rivojlantirish, iqtisodiy-madaniy, kommunikatsiya va energetika sohalarini mushtarak barqarorlashtirish masalalari zinama-zina ko’rib chiqilmoqda.

Ming yillar davomida etu-tirnoq kabi birlashib ketgan mintaqa xalqlari birligini rivojlantirish, mushtarak aloqalarni qayta tiklash bugungi kunning dolzarb masalasi sifatida ko’rilar ekan, muammolar yechimi bilan uzoq yillar kutilgan mintaqa integratsiyasiga yo’l ochiladi, degan ishonch har ikki mamlakatda ustuvorlik qilmoqda.

XS
SM
MD
LG