Breaking News

O'zbeklar va terrorizm. AQSh sobiq elchisi bilan suhbat


Sayfullo Soipov
Sayfullo Soipov

31-oktabr kuni Nyu-Yorkning Manxetten rayonida o’zbekistonlik Sayfullo Soipov terror xurujiga qo’l urdi. Bu dunyo bo’ylab terrorizmga qo’l urgan yagona va ilk o’zbekistonlik emas.

Nega bunday bo’lyapti, nega so’nggi paytda matbuotda aynan o’zbekistonliklar haqida ana shunday voqealarni eshityapmiz? “Amerika Ovozi” mana shu savollar bilan 1997-2000-yillarda AQShning O’zbekistonda elchisi bo’lgan Jozef Preselga murojaat qildi.

Odil Ruzaliev (Amerika Ovozi): Janob elchi, xonadoningizga taklif etganingiz va ko’rsatuvimizda qatnashishga rozi bo’lganingiz uchun minnatdorman.

Jozef Presel: Dasturga taklif uchun rahmat.

Odil Ruzaliev: Janob elchi, siz O’zbekistonda 1997-2000-yillarda ishlagansiz. 1999-yilda Toshkentda portlashlar yangragani esingizda bo’lsa kerak?

Jozef Presel: U voqeani juda yaxshi eslayman. Axir o’shanda Amerika elchisi edim. O’zbekistonda xavfsizlikni yaxshilash uchun, prezident xavfsizligini yaxshilash uchun hukumat bilan hamkorlik qilganmiz. O’zbeklar ham, amerikaliklar ham shokda edi. Bu 2001-yildan oldin bo’lganini ta’kidlash lozim. Terrorizmning bu ko’rinishi biz uchun yangilik edi. O’sha voqeadan ko’p narsalarni o’rgandik o’zimiz uchun. Amerika-O’zbekiston aloqalari uchun juda muhim hol edi.

Odil Ruzaliev: O’sha voqeadan so’ng ish uslubingiz o’zgardimi?

Jozef Presel: U voqeadan keyin emas. Amerika hukumati uchun xavfsizlik dolzarb bo’la boshlashi bilan, hatto O’zbekiston kabi xavfsiz joyda ham, men qo’shimcha xavfsizlik choralarini ko’rishga majbur bo’ldim. Bin Laden hatto mening boshim uchun mukofot ham va’da qilgan edi. Olti oycha davom etdi bu. O’shanda xavfsizlikni kuchaytirdik. Aytish joiz, u paytda omadliroq edim. Hozirgi elchilarchalik xavfsizligim haqida xavotir olmasdim.

Odil Ruzaliev: Hukumat 1999-yil portlashlari ortida O’zbekiston Islomiy harakati turganini aytgan edi. Biroq keyinchalik ayrim mustaqil manbalar hukumatning o’zi bu ish ortida turganini da’vo qildi. Siz qanday ma’lumot olgansiz?

Jozef Presel: Prezident Karimovga qarshi xurujni islomiy harakat amalga oshirganiga shubham yo’q. Ular juda ham yaxshi tayyorgarlik ko’rishgan. O’z maqsadlariga erishishga yaqin edilar. Hukumat bu ish ortida turganiga ishonish uchun hech qanday asos yo’q.

Odil Ruzaliev: O’zbekiston hukumatining xavfsizlik bobidagi siyosati o’zgardi deb o’ylaysizmi o’sha voqeadan so’ng?

Jozef Presel: Albatta, choralar kuchaytirildi. Jumladan, prezidentning korteji yuradigan yo’lda, aeroportda.

Odil Ruzaliev: Bu choralar xavfsizlikning yaxshilanishiga olib keldimi?

Jozef Presel: Nazarimda shunday. Oldingidan ancha xavfsizroq bo’ldimi, yo’q, bilmaymanu, lekin umuman, ha.

Odil Ruzaliev: Xavfsizlikni hamma narsadan ustun qo’yuvchi ba’zi rasmiylar jamiyatda cheklovlarni kuchaytirish kerak, deb hisoblaydi. Bunday siyosat, chora o’zini oqlaydimi?

Jozef Presel: Ayni vaziyat dunyodagi barcha mamlakatlarga birday to’g’ri kelavermaydi. Bir mamlakat tajribasi boshqasiga mos tushmaydi. Amerikada fuqarolarga ko’proq erkinlik berilgan. Ammo so’nggi yillarda hukumat erkinliklarimizni cheklay boshlagan. Aytish joiz, xalq bunga e’tiroz bildirmadi ham. O’zbekistonda ham shunday. Xalq qattiqroq boshqaruv tarafdori. Vaziyat o’zgargani sari xavfsizlik ham o’zgaradi. Afsus, albatta, ammo hozirgi zamon talabi shu.

Odil Ruzaliev: Shu yil oktabr oxirida Nyu-Yorkda xuruj sodir etgan Sayfullo Soipov O’zbekistondan. Afsuski, bu o’zbekistonliklar ishtirokida uyushtirilgan yagona terror xuruji emas. Bungacha Turkiya, Rossiya, Shvetsiyada ham shunday holatlar qayd etilgan. Sizningcha, nega terrorizmga borgan sari o’zbeklar ko’proq aralashib qolayotganini ko’ryapmiz?

Jozef Presel: Buni faqat o’zbeklar bilan bog’lamagan bo’lardim. Markaziy Osiyoda, musulmon dunyosining katta qismida ota-onalari ko’rgan tarbiyani olmagan ko’plab yoshlar, yigitlarni ko’ryapmiz. Ular uchun ijtimoiy tizim o’zgargan. Yosh o’zbeklarni oladigan bo’lsak, marksizm va leninizm ular uchun yo’q, G’arbni tushunishmaydi. Bundaylar islom va bu dinning ayrim agressiv ko’rinishlariga mahliyo bo’lib qolgan. Ko’plari Pokiston va boshqa joylarga borib, islomni o’rganadi, ba’zilari radikallashadi. Bu yolg’iz o’zbeklarga xos muammo emas. Butun musulmon dunyosida guvoh bo’lyapmiz bunga, hatto Amerikada ham, musulmon bo’lmaganlar orasida ham.

Odil Ruzaliev: Soipov Amerikaga yetti yil oldin kelgan. Uni Amerikada radikallashgan deya olasizmi?

Jozef Presel: Nazarimda shunday.

Odil Ruzaliev: Qanday qilib?

Jozef Presel: Soipov bo’yicha mutaxassis emasman, ammo…

Odil Ruzaliev: Amerikaday farovon, erkinroq mamlakatda odamlar qanday qilib radikallashishi mumkin?

Jozef Presel: Bunday odamlar hayotiga aniqlik kiritmoqchi. Masjidga borsa va u yerda islomni ancha radikal shaklda o’rgatayotgan imomga duch kelib qolsa, unga ergashishi mumkin. O’z fikri va dunyoqarashiga sheriklar topilsa, islomiy inqilob yo’lida o’z hissasini qo’shishga harakat qiladi. Bu faqat o’zbeklarga yoki faqat amerikaliklarga xos holat emas, hamma joyda uchratish mumkin buni.

Odil Ruzaliev: Demak, ba’zilar ta’kidlaganidek, radikallashishga faqat qashshoqlik va ijtimoiy adolatsizlik sabab emas ekan-da?

Jozef Presel: Bu omillar ham muhim rol o’ynaydi, ammo yagona faktorlar emas.

Odil Ruzaliev: Nyu-Yorkdagi xuruj ketidan Prezident Tramp grin-karta lotereya dasturini yopishini aytdi. Nazaringizda, bu to’g’ri qarormi?

Jozef Presel: Yo’q.

Odil Ruzaliev: Dastur yopilsa, xavfsizlik yaxshilanadimi?

Jozef Presel: Amerikadami?

Odil Ruzaliev: Ha.

Jozef Presel: Bunga shubham bor. Grin-karta lotereya dasturi Amerikaning barcha ijobiy xislatlariga ajoyib bir misoldir. Hammani qabul qilamiz. Amerikaga kelmoqchi bo’lgan hammani. Kelganlaridan so’ng esa “amerikalik bo’ldingiz” deymiz, ulardan Amerika tarixini qabul qilib, ingliz yoki ispan tillarini o’rganishni so’raymiz.

Odil Ruzaliev: O’zbekistonga so’nggi marta qachon borgansiz?

Jozef Presel: Uch yilcha oldin. Smitson institutida O’zbekiston haqida bir guruhga ma’ruza o’qigandim, o’shalarga hamrohlik qilganman.

Odil Ruzaliev: O’zbekistondagi o’zgarishlar haqida eshitgan bo’lsangiz kerak?

Jozef Presel: Albatta.

Odil Ruzaliev: Qanday fikrdasiz?

Jozef Presel: E’lon qilingan barcha o’zgarishlarga bizning va G’arbning boshqa elchilari O’zbekistonni doim chaqirib kelgan. Biz istagandan sekin kechmoqda, ammo Sovet Ittifoqi qulaganidan keyin O’zbekiston hukumati qabul qilgan siyosatga qaraganda hozirgi o’zgarishlar to’g’ri yo’nalishda ketmoqda. Iqtisodiyotni yaxshilash, aloqalarni yaxshilash, O’zbekiston fuqarolari uchun chiqish vizasidan voz kechish, xorijiy sayyohlarga oldindan viza olish ehtiyojiga barham berish, o’zbek so’mi konvertatsiyasini ta’minlash shular jumlasidan.

Odil Ruzaliev: Bu o’zgarishlar AQSh bilan aloqalarni yaxshilashga yetaklaydi deb o’ylaysizmi?

Jozef Presel: Agar amalga oshsa, albatta.

Odil Ruzaliev: Siz elchilik qilgan paytda aloqalar qanday edi?

Jozef Presel: Elchi bo’lib borganimda biz amerikaliklar ham, o’zbeklar ham, markaziy osiyoliklar ham yangi dunyoga yuz tutgan edik. Biz O’zbekistonga, O’zbekiston bizga yordam bermoqchi bo’lgan, munosabatlar silliq edi, O’zbekiston diplomatiyani yo’lga qo’yayotgan edi, har ikki taraf ham xatoga yo’l qo’ydi, ammo imkoniyatlardan ham foydalandik. O’shandan beri, afsuski, nafaqat O’zbekiston bilan, balki mintaqaning boshqa mamlakatlari bilan ham aloqalarimiz sovuqlashdi, chunki Amerika hukumatining Markaziy Osiyoga qiziqishi so’ndi. Mintaqa hukumatlarining barchasi hozir dunyo ular o’ylagandan ancha murakkab ekanini tushunib yetdi.

Odil Ruzaliev: Hozir nima ish qilasiz?

Jozef Presel: Amerikaning iste’foga chiqqan barcha elchilari kabi ishlarni. Nodavlat tashkilotlar kengashiga a’zoman, ma’ruzalar qilaman, O’zbekiston va men ishlagan boshqa mamlakatlarga qaytib borishni orzu qilaman. Nafaqadaman.

  • 16x9 Image

    Odil Ro'zaliyev

    Odil AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekistonda Jahon tillar universitetida tahsil qolgan, Nyu-Yorkdagi Peys universitetida bir yil almashinuv dasturi bo'yicha o'qigan. 

    Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. Then he was an exchange student at Pace University in New York for one year (1993-1994). He got his Master's degree from Tufts University in Massachusetts in 2004.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG