Breaking News

"AQSh Markaziy Osiyoda mavjud tuzumlar bilan ishlashga majbur"


AQSh Davlat kotibasi Xillari Klintonning Toshkentga safari chog'ida. 22-oktabr, 2011-yil.
So’nggi paytda AQSh-O’zbekiston munosabatlarida jonlanish sezilmoqda. Bir yil davomida AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton, qonunchilar, Davlat departamenti va Pentagon rasmiylari O’zbekistonda bo’ldi. Tahlilchilar buni qo’shinlarni Afg’onistondan chiqarishda O’zbekistonga bo’lgan ehtiyoj bilan izohlamoqda.

Yaqinda “Vashington Post” gazetasida AQShning Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalarini tahlil qiluvchi taniqli jurnalist Valter Pinkus qalamiga mansub bir maqola chiqdi. Unda aytilishicha, Qo’shma Shtatlar so’nggi paytda mintaqadagi diktatorlik tuzumlari bilan apoq-chapoq munosabatda bo’lmoqda.

Qisqa muddatli sabab – Markaziy Osiyo davlatlari yordamida Shimoliy ta’minot tizimi orqali Afg’onistondan 2014-yil oxirigacha qo’shinlarni chiqarish. Uzoq muddatda esa AQSh mintaqada chuqurroq ildiz otib, Rossiya va Xitoy ta’siriga qarshi turmoqchi.

Maqoladan bir necha kun o’tib, gazeta sahifasida Qozog’iston elchisi Yerlan Idrisovning qisqacha izohi chop etildi. Diplomat jurnalistni prezident Nursulton Nazarboyevni nohaq ravishda “diktator” deb ataganlikda va bir tomonlama fikr bildirganlikda ayblagan.

AQSh-O'zbekiston aloqalari / Odil Ruzaliev
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:54 0:00
Yuklab oling


“Maqolada ashaddiy tanqidchilarning qarashlari keltirilgan, biroq Qozog’iston hukumati yoki unga xayrixoh tomonlar fikri inobatga olinmadi” deyiladi elchi Idrisov izohida.

Pinkusning maqolasi Vashingtondagi tahlilchi Joshua Foust tanqidiga ham uchradi. Fostning aytishicha, AQShning O’zbekiston va mintaqadagi boshqa davlatlar bilan aloqasi yaxshi, ammo “apoq-chapoq” darajada emas.

"AQSh-O’zbekiston aloqalarining so’nggi paytda iliqlashganiga guvohmiz. 20 yilda munosabatlarning tekis bo’lmaganini bilamiz. Hozirgi iliqlashishga Afg’onistondagi urushni sabab qilib ko’rsatish mumkin. Chunki harbiy uskuna va askarlarni olib chiqishda Pokistonga muqobil yo’nalishlar qidirilmoqda. Biroq shu bilan birga buni asosiy sabab deb bo’lmaydi", - deydi Foust.

Amerikaning O’zbekistonga qiziqishi oshgandek tuyulgani bilan, deydi tahlilchi, aslida bu munosabatlarga O’zbekistonning ehtiyoji kattaroq.

"O’zbekistonning AQShga afg’on masalasida hamkorligi zarur. Bu qisqa muddatda. Ammo 2014-yildan keyin bu ehtiyoj o’z-o’zidan yo’qoladi. Ana o’shanda kim kimga kerakligi yaxshiroq ayon bo’ladi", - deydi Foust.

O’zbekistonda elchi vazifasida ishlagan Jozef Preselning bir vaqtlar aytishicha, Amerika qisqa muddatli manfaatlar davlatidir, ya’ni tashqi siyosat ko’p jihatdan prezidentlikka kim kelishiga bog’liq.

Bu borada Jorj Bush va Barak Obamaning Markaziy Osiyoga doir siyosatlarida qanday farq bor?

"Obama ma’muriyati Markaziy Osiyoni tashqi siyosatdagi ustuvor yo’nalishlardan deb belgiladi. Bush prezidentligi davrida esa bunday emas edi. Garchi afg’on urushi boshida mintaqa davlatlari bilan yaqindan hamkorlik qilgan bo’lsa ham. Biroq Bush keyinchalik Iroqqa chalg’ib, Markaziy Osiyoni diqqat markazidan chiqardi. Obama esa AQSh tashqi siyosatini yana bu mintaqaga qaratdi", - deydi Foust.

Ekspertning aytishicha, Xitoy va Rossiyaning Markaziy Osiyoda faollashishi ham Amerikani bunga undagan omillardan.

"Vashingtonda ba’zi arboblar borki, AQShning mintaqaga bog’liq siyosatini Rossiya va Xitoy ta’sirini kamaytirishga qaratilgan harakat doirasida ko’radi. Biroq bunday qarashlarning Oq uy siyosatiga ta’siri katta emas, deb o’ylayman. Qiziqish ko’proq umumiy manfaatlarga bog’liq", - deydi Foust.

Jurnalist Valter Pinkusning “Vashington Post” gazetasidagi maqolasida AQSh mintaqa davlatlariga katta harbiy yordam ko’rsatib, ularni muxolif kuchlarga nisbatan kuchaytirmoqda, deb yozadi.

Biroq Joshua Foust nazarida yordam ko’lami u qadar katta emas. Tabiiy resurslarga boy Qozog’iston va Turkmaniston uchun 2-3 million dollar sezilarli miqdor emas.

Foustning aytishicha, Qo’shma Shtatlar mintaqada demokratik tuzumlar bo’lishini istaydi, ammo siyosatini yuritishda mavjud hukumatlar bilan ishlashga majbur.

“Amerikaning Markaziy Osiyoda biror tuzumni ag’darish yoki himoya qilish rejasi yo’q”,- deydi mutaxassis.
  • 16x9 Image

    Odil Ruzaliev

    Odil O'zbek xizmatiga 2005-yilda kelgan. Diktor va prodyuser. AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) xalqaro aloqalar sohasida magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekiston TV 1-kanalida ingliz tilidagi yangiliklar – FCN (First Channel News) – ko'rsatuvining muallif-boshlovchisi edi. "Axborot" dasturida mehnat qilgan. Odil ko'p yillar AQShning Toshkentdagi elchixonasi axborot bo'limida ishlagan. O'zbek, ingliz va rus tillarida chop etilgan qator maqolalar muallifi. Farg'ona shahrida tug'ilgan.

    Odil Ruzaliev is a reporter, radio and TV anchor, web editor and producer for Voice of America’s Uzbek Service since 2005. Prior to joining VOA, he worked at the State Radio and TV of Uzbekistan, BBC International’s Central Asia region, and was a regular Contributor for CNN World Report. He has also worked as an Information Assistant at the US Embassy in Tashkent, Uzbekistan. He was the creator and host of the TV program First Channel News, Uzbekistan’s first English language news broadcast. In his spare time he is a freelance photographer. A native of Ferghana Valley, Uzbekistan, Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. In addition, he was an exchange student at Pace University in New York City and holds a master’s degree in international affairs from the Fletcher School of Law and Diplomacy at Tufts University in Medford, Massachusetts.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG