Breaking News

Mo'tabar Tojiboyeva: Xalqaro yordam puli o'z maqsadida ishlatilmayapti


O'zbekiston jahondagi yirik korporatsiyalar bilan hamkorlikni oshirishga harakat qilar ekan, korrupsiya aloqalar rivojiga salbiy ta’sir qilayotgani ma’lum.

Huquq himoyachilariga ko’ra, korrupsiya shu darajada keng tarqalganki, u hatto chet mamlakatlardan, jumladan, Yaponiyadan ijtimoiy sohalar uchun ajratilayotgan moliyaviy yordamni ham chetlab o’tmayapti. Xorij davlatlari bunday tashabbuslar ustidan jamoatchilik nazoratini o’rnatishni tavsiya qilmoqda.

O'zbekistonda korrupsiya, Malik Mansur
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:15 0:00
Yuklab oling

Yaponiya O'zbekistonda ijtimoiy sohalarga beg'araz yordam ko'rsatishda yetakchi davlatlardan biri. Shu yilning yanvar oyida tomonlar Toshkentdagi O'zbek-Yapon Markazida 1,5 million AQSh dollari qiymatidagi 14 loyihani moliyalashtirish haqida navbatdagi shartnomani imzolagan. Bunday yordam tibbiyot, ta'lim, qishloq xo'jaligi va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo'llab-quvvatlashga qaratilgan.
Yoponiy ajratayotgan beg'araz yordam viloyatlardagi bir nechta maktablarni, nogironlar uchun ixtisoslashgan tibbiy markazlarni zarur jihozlar va uskunalar bilan ta’minlashni nazarda tutadi.

Beg'araz yordam uchun tanlangan sohalarning ijtimoiy qo'llovga muhtojligi shubhasiz. Huquq himoyachilarini tashvishga solayotgan narsa bu loyihalarning ijrosi bilan bog'liq.

Bir guruh faollar yaqinda Yaponiya hukumatiga grantlarning qanday sarflanayotganini tekshirish iltimosi bilan chiqdi. Murojaat muallifi “O't yuraklar” klubi rahbari Mo'tabar Tojiboyevaga ko'ra, ijtimoiy sohaga ajratilayotgan yordamning muhtojlarga emas, korrupsiyaga botgan rasmiylar cho’ntagiga kirish ehtimoli kuchli.

“Biz O'zbekistondagi korrupsiyaga doir qator materiallar e'lon qilish rejasidamiz. Bu borada tegishli hujjatlarga ham egamiz. Bu reja doirasidagi brinchi ma’lumotimiz Yaponiya hukumatining O'zbekistondagi nogironlarga ajaratgan yordami xususida bo'ldi. Bu yordam rahbarlar tomonidan o'zlashtirib yuborilgan, nogironlarning haq-huquqlari buzilgan. Shu munosabat bilan o'z murojaatimizni yapon hukumatiga, jamoatchiligiga jo'natdik. Nogironlar uchun ajratilgan mablag' o'zlashtirilishi yuzasidan tekshirish o'tkazishni, buning xulosasini matbuot orqali bildirishlarini so'rayapmiz”, - deydi huquq faoli.

“O't yuraklar” klubi yapon hukumatini O'zbekiston nogironlar jamiyatiga ajratilgan yordam yuzasidan monitoring o'tkazishga chaqirgan. Tashkilotga ko'ra, nogironlar uchun telekommunikatsion markazlar tashkil etish maqsadida ajratilgan 352 ming AQSh dollaridagi mablag' o'zlashtirib yuborilgan. O'zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiya va savdo vazirligi loyihasi uchun mo’ljallangan mablag'ning o'zlashtirlishida hukumat idoralari va amaldorlar aybdor, deydi Tojiboyeva. Shu bois tashkilot O'zbekistonga yordam ko'rsatayotgan xalqaro tashkilot va hukumatlarni mamlakatdagi korrupsiya muammosiga e’tibor qaratishga undamoqda.

“Agar biz O'zbekiston hukumatiga murojaat qilganimizda, bu murojaat hech qanday javobsiz qolishi aniq edi. Lekin biz hozir O'zbekistonga yordam berayotgan davlat rahbarlariga, jamoatchiligiga murojaat qiyapmiz. Marhamat, berilayotgan yordam yuzasidan tekshiruv o'tkazing, bu tekshiruv natijasini jamoatchilikka ham ma'lum qiling”, - deydi Tojiboyeva.

Yaponiya O'zbekistonga berilayotgan beg'araz moliyaviy yordam qanday sarflanayotgani yuzasidan ilgari biror tekshiruv o’tkazgani yoki loyiha ijrosidan shikoyat qilgani ma’lum emas. Bunday moliyaviy yordamning O'zbekistonga qanday maqsad va shartlar bilan berilayotgani haqida Yaponiyaning O’zbekistondagi elchixonasi saytidan quyidagi ma’lumotlarni o’qish mumkin:

“Barqarorlikni saqlash va O'zbekistonning rivojlanishi uchun mamlakatda islohotlar o'tkazilishi kerak. O'zbekiston hukumatining islohotlar o'tkazish va jamiyatni demokratlashtirish harakatlarini qo'llash maqsadida Yaponiya hukumati isohotlar jarayonidagi qiyinchiliklarni bartaraf etish va rivojlanish asoslarini yaratishda yordam ko'rsatadi. Bundan tashqari, Yaponiya hukumati sog'liqni saqlash, ta'lim sohasiga, bozor iqtisodiga o’tish davri qiyinchiliklarini boshdan kechirayotgan ijtimoiy muhtoj qatlamga bevosiya yordam ko'rsatadi”, - deyiladi Yaponiya elchixonasi veb sahifasida.

Huquq faollari e’tiroziga ko’ra, bunday yordamlar olishiga qaramay, O'zbekistonda jamiyat demokratlashtirilmadi, bozor iqtisodiga o'tish islohotlari yakuniga yetmadi, aksincha, ijtimoiy kasallikka aylangan korrupsiya mamlakatda keng avj oldi.

Huquq himoyachilari jamoatchilikni shundan - ijtimoiy nochor qatlamlarga ajratilayotgan yordam ham korrupsiya changalida qolayotganidan ogohlantirmoqda.
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG