Breaking News

O'zbekistonda zilzila oqibatida 13 kishi halok bo'lgan


O'zbekistonda zilzila oqibatida 13 kishi halok bo'lgan
O'zbekistonda zilzila oqibatida 13 kishi halok bo'lgan

AQSh Geologiya tadqiqot markazi berayotgan ma'lumotlarga ko'ra, 20 iyulning ilk soatida Toshkent, Farg'ona, Qo'qon, Andijon va Namanganda yer qimirlagan.

Zilzila markazi Qirg'iziston janubida, Farg'ona shahridan 42 kilometr uzoqlikda, tog'li bir hududda bo'lgan. Rixter shkalasida 6,5 - 7 balda ro'y bergan.

Toshkentda o'sha payt 12:35, Bishkekda 1:35, umumjahon (Grinich) vaqti esa 19:35 bo'lgan.

O'zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma'lumotiga qaraganda, Farg'ona viloyatining Rishton, Bag'dod va O'zbekiston tumanlarida 13 kishi halok bo'lgan, 35 odam kasalxonaga yotqizilgan. Uy-joylarga shikast yetgan.

Guvohlarning aytishicha, zilzila qaytarilishi mumkin deya ko'plab odamlar ancha payt tashqarida o'tirgan. Ayrimlar esa uning allaqachon qaytarilganini ham aytmoqda.

"Uyg'onib ketdik. Hamma narsa ancha payt shiqillab turdi. Qancha zarar yetkazganini ertalab ko'ramiz. Devorlar rosa darz ketgan bo'lsa kerak. Uyimizni yaqinda ta'mirlagan edik",- deydi toshkentlik bir ona.

Mana bu rishtonlikning aytishicha, yer qimirlashi bir minutcha davom etgan.

"Keyin hammamiz sekin-sekin tashqariga, hovliga chiqdik. Bilsak, ko’chada ham shovqin. Qo’shnilar ham ko’chaga chiqib olishgan ekan”, - deydi u.

Tabiiy ofat oqibatida uy-joylarga shikast yetgan.

“Reuters” axborot agentligining yoritishicha, Marg’ilonda pastak binolar, qadim imoratlar zarar ko’rgan. Uznews.net xabariga qaraganda, kasalxonalarda jarohat olganlar uchun xona yetishmay qolgan.

“Kattalardan so’rayman, biz bunaqasini hech ko’rmaganmiz, deyishadi. Televideniye hozircha bu haqda axborot bergani yo’q", - deydi rishtonlik guvoh.

"O’lganlar haqida shifokorlardan eshitdik. Rishtonning har xil qishloqlaridan – Avazboyev, Zohidon, Qipchoq qishloqlaridan. Markaziy shifoxona ham jiddiy zarar ko’rgan va o’sha yerda ham o’lganlar bor. Binoni borib, o’z ko’zim bilan ko’rdim, s’yomkalar qildim. Devorlari ko’chib tushgan, kardiologiyaning kirish qismi, birinchi etaj batamom buzilgan”, - deydi u.

“Hamma o’zining ko’chib tushgan uylarini tozalash bilan ovora bo’lgan obedgacha. Bozorlar ham uncha gavjum emas. Bog’chalar bolalarni qabul qilmayapti, tozalik ishlari deb. Endi, o’sha paytda svet o’chib qoldi. Shunisi juda jiddiy ta’sir qildi. Ham zilzila bo’layapti, odamlar panikada. Darrov birov chiroqni yoqadi, bilasiz.. Ko’chani yoritadigan stolbalar bo’lishi kerak. Ular ham yo’q. Bu vahimaga vahima qo’shdi”, - deydi suhbatdosh.

Tungi zilzila poytaxt Toshkentda ham sezilgan, shahar ziyon ko’rmagan. “Hamma bir oz vahimada”, - deydi guvohlar.

Qirg’iziston Favqulodda vazirligining bildirishicha, Botken viloyatida elektr toki uzilib, binolar qalqigan, o’lganlar yo’q.

Biroq hukumat safarbar etgan qidiruv-qutqaruv guruhi hali to’liq hisobot bermagan.

2008 yilda Qirg’izistonni titratgan zilzila 70 kishini hayotdan olib ketgan. 1966 yilda 7.5 ballik ofat Toshkentni yer bilan bitta qilib, yuz minglab odam boshpanasiz qolgan.

O'zbekiston rahbariyati zilzila oqibatida halok bo'lganlarning oila a'zolari va yaqinlariga ta'ziya izhor etgan.

Yer qimirlagani haqida Tojikistondan ham ma'lumotlar kelmoqda. Xususan Xo'jandda zilzila bo'lgani ayon.

AQSh Geologiya tadqiqot markazi ko'rsatayotgan xarita:

O'zbekistonda zilzila oqibatida 13 kishi halok bo'lgan
O'zbekistonda zilzila oqibatida 13 kishi halok bo'lgan

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG