Mirziyoyev: Markaziy Osiyo rahbarlari maslahat kengashi tashkil etaylik


O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev

O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari maslahat kengashini tashkil etish tashabbusini olg'a surmoqda. Uni birinchilardan bo‘lib qo‘llagan Qozog‘iston dastlabki yig‘ilishni kelasi yil Ostonada o‘tkazish taklifi bilan chiqdi.

O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga ko‘ra, Markaziy Osiyo yetakchilarining norasmiy kengashi mintaqaning dolzarb muammolarini muhokama qilish uchun zarur. Samarqandda o‘tayotgan Markaziy Osiyo hamkorligiga oid xalqaro konferensiyada bildirilgan bu taklif mintaqaning boshqa davlatlari tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanishi kutilmoqda.

Samarqandda BMT shafeligida o‘tgan mintaqaviy hamkorlikka oid xalqaro konferensiyada so'zlagan Prezident Mirziyoyev deydiki, Markaziy Osiyodagi mavjud dolzarb muammolarga yechim topish mintaqa davlatlaridan umumiy mas’uliyatni taqoza etmoqda. Bu esa ularni o‘zaro maslahatlashib turishga undaydi, dedi O'zbekiston rahbari.

"Bizning bu boradagi yondashuvlarimiz bugungi kunda mintaqada umumiy muammolarni hal etishning yo‘llarini birgalikda izlab topishga real zarurat mavjud ekanini anglashdan kelib chiqqan yondashuvdir. Bu yondashuv Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasi doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlari tashqi ishlar vazirlarining bayonotlarida ham o‘z ifodasini topgan. Bu o‘rinda gap Markaziy Osiyoda yangi xalqaro tashkilot tuzish yoki o‘z ustavi va milliy davlat organlaridan ustun turadigan integratsiyalashuv sohasida qandaydir tuzilma tashkil etish haqida ketmayotganini alohida ta’kidlamoqchiman”, - dedi Prezident Mirziyoyev Samarqanddagi nutqida.

O‘zbekistonning bu tashabbusini Qozog‘iston birinchilardan bo‘lib qo‘llab chiqdi. Qozog‘iston Tashqi ishlar vaziri Qayrat Abdurahmonov Samarqanddagi konferensiyadagi chiqishida Prezident Nursulton Nazarboyev Mirziyoyevning tashabbusini qo‘llab-quvvatlashi, mintaqa rahbarlari o‘rtasidagi dastlabki uchrashuvni kelasi yil Navro‘z bayrami arafasida Qozog‘istonda o‘tkazish taklifini bildirdi.

Sharhlovchilar o‘n yillar burun o‘z faoliyatini ixtiyoriy ravishda tugatgan Markaziy Osiyo iqtisodiy hamkorlik tashkilotini yodga olishmoqda.

Iqtisodchi ekspert Saparboy Jubayevga ko‘ra, Markaziy Osiyo iqtisodiy hamkorlik tashkiloti o‘z imkoniyatlaridan to‘liq faydalanmasdan tugatilgan edi.

“Bu 1994-1995-yillarda faoliyatda bo`lgan Markaziy Osiyo hamkorlik tashkilotini yodga solmoqda. Tashkilot Yevrosiyo Ittifoqiga qo’shilib yo’q bo’lib ketgan edi. Ammo Markaziy Osiyo davlatlarining biror tashkilotga ehtijoyi hamon saqlanib qolgan, ehtimol yaqin kelajakda yuzaga chiqar”, - deydi u.

Ekspertning aytishicha, bugun vaziyat o‘zgarmoqda, jumladan, O‘zbekistonning qo’shni davlatlar bilan munosabatlari iliqlashgan, ammo mintaqa integratsiyasi uchun noformal uchrashuvlar emas, mas’uliyat chegarasi aniqlashtirilgan muzokaralar zarur.

"Albatta, mintaqa rahablari uchrashuviga doir har qanday tashabbus amalga oshadigan bo‘lsa, bu mintqa hamkorligi uchun xizmat qiladi. Ammo uchrashuvlar shuchaki nomigagina uyushtirilsa, O’zbekiston real bir tashkilot tuzilishiga qarshi chiqadigan bo`lsa, bu Islom Abdug‘aniyevich (marhum prezident Karimov) tutgan yo‘lni eslatadi. Masalan, MDH davlatlari o‘rtasida ham doim neformal uchrashuvlar o‘tib turadi. Bu ham xuddi shunday uchrashuvlardan biriga aylanadi. Ehtimol, bunga Turkmaniston ham qo‘shilsa, albatta, hech narsa yo‘g‘idan ko‘ra bor bo‘lgani yaxshiroq ko‘rinar. Ammo biror tashkilot, tuzulma shaklida bo‘lganida aniq bir maqsadlar haqida gapirish mumkin bo‘lardi", - deydi Saparboy Jubayev.

Konferensiya "Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik", deb nomlangan.

Unda dunyoning bir qator davlatlaridan, xalqaro tashkilotlardan 500 atrofidagi delegatlar ishtirok etgan. Konferensiya doirasidagi muzokaralar Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida hamkorlikni chuqurlashtirish masalasiga qaratilgan.

Jubayevga ko‘ra, yirik xalqaro konferensiyaning Samarqandda o‘tayotgani yangi hokimiyat qilayotgan o‘zgarishlarning xalqaro hamjamiyat diqqatida turganidan, mintaqaviy hamkorlik, barqarorlik masalalarida O‘zbekiston o‘rni oshayotganidan darak beradi.

“Mintaqaviy hamkorlikda, barqarorlikda, xususan, Afg`onistondagi vaziyat ham inobatga olinganda, xalqaro hamjamiyat tomonidan O’zbekiston o’rniga berilayotgan diqqat-e’tibor oshmoqda”, - deydi ekspert.

Anjumanda Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar bo‘yicha Oliy vakili Federika Mogerini ham qatnashdi. Samarqandda tashqi ishlar vazirlari darjasida Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi muloqoti o‘tkazilgan.

Mogerini Prezidenti Mirziyoyev bilan alohida uchrashgan, muzokaralar Samarqandda o‘tgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG