Breaking News

Huquq faoli: O'zbekistonda "Islomiy davlat" bilan bog'liq vahima hukmron


O`zbekistonda “Islomiy davlat” guruhi rejalagan terror xuruji bartaraf qilingani haqida ovozalar ko'paygan. Ichki ishlar vazirligi aholini vahimaga tushmaslikka chaqirmoqda. Huquq-tartibot organlari o`tkazayotgan ommaviy hibslar, xavfsizlikka oid vaziyat bo`yicha xalqqa ma'lumot berilmasligi turli xavotirlarni yuzaga keltirmoqda, deydi faollar.

O'zbekistonda "Islomiy davlat" vahimasi, Malik Mansur
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:02 0:00

Toshkentda, Farg`ona vodiysida “Islomiy davlat” guruhi tarafdorlari tomonidan xurujlar kutilayotgani haqidagi mish-mishlar anchadan buyon mavjud edi. So`nggi paytga kelib bu gaplar “Islomiy davlat” guruhiga tegishli bayroqlarning militsiya boshqarmasiga ilib ketilgani, Toshkentda portlovchi moddalar o`rnatilgan avtomobil topilgani haqidagi taxminlar ko`rinishini oldi.

Ichki ishlar vazirligining aholini vahimali xabarlarga ishonmaslik haqidagi chaqirig`i bu kabi gaplar kuchayishi ortidan kuzatilmoqda.

Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi rahbari O`ktam Murodov mahalliy matbuotdagi chiqishida jamoat tinchligini buzish maqsadida internet, ijtimoiy tarmoqlar vositasida tarqalayotgan bunday asossiz xabarlarga qarshi qattiq choralar ko`rilishidan ogohlantirgan.

IIV vakili mamlakat jamoatchiligiga tahdid soluvchi xavf yo`qligini, jinoyatchilik nazorat ostidaligini, yangi yil munosabati bilan xavfsizlik choralari kuchaytirilganini ham aytgan.

Mamlakatda huquq-tartibot organlarining kuchaytirilgan xavfsizlik choralari asosida ishlayotganiga ancha bo`ldi, ammo aholiga bunday chora sabablari tushuntirilmaydi. Huquq faollari so`nggi paytda kuchaygan vahimalarni aynan kuch ishlatar organlari faoliyatining aholiga yetarli ma'lumot bermasligi, asossiz ommaviy hibslar o`tkazilayotgani bilan izohlashadi.

O`zbekiston Inson huquqlari tashabbus guruhi rahbari Surat Ikromov:

"Bomba topilgani, IGIL bayrog`i haqidagi mish-mishlar bor, buni har kim har xil atashi mumkin. Lekin shunaqa gap bor ekan, bu narsa matbuotda darhol aytilishi kerak edi, shunaqa vahimalar bor, lekin bu asossiz deb. Yoki IGILga qarshli hibslar bo`yicha ham hech narsa deyishmadi, bu bor narsa. Ammo ular lom-lim deyishmayapti-ku, odamlar nima bo`layotganini tushunishi kerak, bu davlat siri emas. Agar bir narsa hozirlanayotgan ekan, bu har bir insonga tegishli, bilishi shart. Hammasi ochiq bo`lishi kerak, ular sukut saqlagandan keyin, vahima, taxminlar, albatta, ko`payadi matbuot yopiq bo`lsa. Bu vahimani davlat idoralarining o`zi qilayapti, noto`g`ri ishlashi bilan”.

Avvalroq tashabbus guruhi huquq-tartibot organlari boshlagan amaliyot natijasida mamlakatda “Islomiy davlat” guruhiga xayrixohlik gumoni bilan 200 dan oshiq odam hibsga olingani, xorijdan qaytgan fuqarolar, ijtimoiy tarmoqlardagi diniy chiqishlari bilan tanilgan shaxslar nishonga olinayotgani haqida xabar tarqatgan edi.

“Misol uchun shu yilning o`zida kuzatilgan bir nechta vahimali hodisalar faqat keyinchalikgina MXX va IIV o`tkazgan o`quv mashg`uloti ekani ayon bo`ldi. Buni hamma ko`rgan, odamlar ko`rganini gapiradi, davlat ham darrov aytishi kerak, shunaqa mashg`ulot bo`layotganini, odamlarni qo`rqitmasdan. Oshkoralik yo`q ekan, vahima kuchayaveradi. Terrorizmga qarshi boshqarma, bevosita mas`ul idora, nega shu paytgacha sukut saqlab keldi, endi birinchi marotaba shunday chiqish qilayapti, vahimaga tushmanglar deb. Ammo yana qaytaraman, shunda ham IGIL bo`yicha ommaviy hibsga olinganlar haqida lom-lim deyilmayapti”, - deydi Ikromov.

Mahalliy matbuot Farg`ona vodiysida jihodchilik bilan shugu`llangan guruh a`zolari 6-10 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilingani haqida xabar bermoqda. Ayblovga ko`ra, 18 dan 30 yoshgacha bo`lgan bu guruh a`zolari birgalikda diniy ta`lim olishgan, ekstremistik ruhdagi materiallar saqlashgan, Suriyadagi voqealar bilan qiziqishgan, har juma kuni yig`ilish o`tkazib turishgan.

“Diniy yig`inlarda mamlakat konstitutsiyaviy tuzumini o`zgartirish va xalifalik qurish bo`yicha rejalar qilingan”, - deyiladi xabarlardan birida.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG