Breaking News

Nodavlat tashkilotlar yo'lidagi to'siqlar olib tashlanadi


O’zbekiston turg’unlik yillarida yo’q qilingan fuqarolik jamiyati harakatini tiklamoqchi. Prezident Shavkat Mirziyoyev imzolagan yangi farmon nodavlat tashkilotlarni ro’yxatdan o’tkazishni, ular faoliyatiga qo’yilgan to’siqlarni bartaraf etishni nazarda tutadi.

Prezident nodavlat tashkilotlar to'g'risida farmon imzoladi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:30 0:00

Mamlakatni demokratik yangilash jarayonida fuqarolik institutlari rolini tubdan oshirish chora-tadbirlari to’g’risidagi farmon nazorati, jumladan, prezidentning xavfsizlik bo’yicha maslahatchi Rustam Inoyatov zimmasiga ham yuklatilgan. Bu esa fuqarolik jamiyati vakillari orasida shubha va xavotir uyg’otmoqda.

So’nggi yillarda ayovsiz yo’q qilingan fuqarolik jamiyatini tiklash, nodavlat tashkilotlarni ro’yxatdan o’tkazish tartibini soddalashtirish maqsad qilingan.

Farmonda mamlakatda 9200 ta nodavlat tashkiloti borligi aytiladi. Shu bilan bir qatorda fuqarolarning siyosiy madaniyatini, huquqiy ongini oshirishda bu tashkilotlar faoliyat olib borishi uchun to’siqlar mavjudligi e’tirof etiladi. Masalan, buyruqbozlik, davlat tomonidan nodavlat sektorga ajratilayotgan mablag’ yetishmovchiligi.

Nodavlat sektorni rivojlantirish, faoliyatini muvofiqlashtirish uchun prezident huzurida Maslahat kengashi tuziladi. Bu kengashni Milliy Xavfsizlik Xizmati (MXX) sobiq rahbari, ayni paytda prezidentning xavfsizlik bo’yicha maslahatchisi Rustam Inoyatov boshqarishi mumkin. Har holda, farmon ijrosi ustidan nazorat bosh vazir bilan bir qatorda Inoyatovga ham yuklangan.

Sir emaski, O’zbekistonda haqiqatda davlatdan mustaqil bo’lgan, fuqarolarning siyosiy madaniyati va ongini oshirish maqsadida ishlagan nodavlat tashkilotlar yo’q qilinishida MXX asosiy o’rin tutgan.

Siyosiy muhojirlikda yashayotgan jurnalist Ulug’bek Ashurga ko’ra, Mirziyoyevning niyatlari samimiy bo’lishi mumkin, ammo vazifa Inoyatovga yuklatilishi samimiyatdan darak emasdek.

“Bu farmonda hammasidan o’tib tushgani nazorat qilishni Rustam Inoyatovga yuklaganidir. Mayli, Aripov bosh vazir, lekin Inoyatov mamlakatda fuqarolik jamiyatini yo’q qilinishi, ularning faoliyatini bo’g’ib kelgan tashkilot boshida turgan. Shuning o’ziyoq bu farmonning kuchiga nisbatan shubha uyg‘otadi. Chunki Inotayovning nomi hali odamlarning ongidan o’chgani yo’q, jamiyatda hamon undan qo’rquv mavjud”, - deydi Ashur.

Mamlakatda 10 mingga yaqin nodavlat tashkilot borligiga qaramasdan, deyiladi farmonda, davlat va fuqarolik jamiyati o’rtasida samarali muloqot yo'lga qo'yilmagan, ayniqsa fuqarolarning siyosiy madaniyati va huquqiy ongini shakllantirish ehtiyoji mavjud.

Ulug’bek Ashurga ko’ra, ayni paytda ishlab turgan nodavlat tashkilotlar Karimov davrida chig’iriqdan o’tkazilgan.

“Demokratik jarayon davlat haqiqatda nodavlat tashkilotlar faoliyatiga aralashmagan bir paytda yuzaga chiqishi mumkin. Lekin biz nimani kuzatib kelyapmiz, ayniqsa Karimov davrida, nodavlat tashkilotlarni asosiy vazifasi hukumatni qo’llash qilib belgilandi, hukumatni o’zi mamlakat bo’ylab yuzlab shunday tashkilotlarni tuzdi. Bu tashkilotlar asosan o’tkazilgan mablag’ni o’zlashtirish, hukumatni qo’llab-quvvatlashdan iborat bo’ldi. Hozir nima uchun prezident birdan nodavlat tashkilotlar faoliyati bilan qiziqib qoldi, bilmadim. Ehtimol u rostdan ham bu tashkilotlarning jamiyatdagi o’rnini tushunib yetgandir. Agar shunday bo’lsa, nima uchun bunga yana mustaqil nodavlat tashkilotlar yo’q qilinishiga xizmat qilgan Rustam Inoyatov, Akmal Saidov kabi amaldorlar tortilmoqda, tushunarsiz. Qolaversa, bugun mamlakatda davlat siyosatiga nisbatan mustaqil pozitsiyada turgan biror nodavlat tashkilotning o’zi yo’q, bo’lganda edi, bunga guhov bo’lardik”, - deydi jurnalist.

Yangi farmon xorij mablag’lari ko’magida faoliyat yuritayotgan nodavlat tashkilotlar uchun yo’l ochadi, xususan ularga banklarda maxsus hisob raqamlari ochishga, o’z mablag’laridan erkin foydalanishga izn beradi.

Yana bir o'zgarish - avval nodavlat tashkilotlar o’z tadbirlarini Adliya vazirligi roziligi bilan o’tkazishi shart qilib belgilangan bo’lsa, endilikda vazirlik faqatgina tadbir o'tkazilishi haqida xabardor qilinadi.

“Mamlakatda haqiqatda demokratik fuqarolik jamiyati shakllanishi uchun aslida jamiyatning ovozi bo’lishi kerak. Ammo biz bugun O’zbekistonda faqat prezidentning ovozini eshityapmiz, jamiyatni emas. Matbuot faqat prezidentning gaplari atrofida yuribdi, mustaqil emas. Yagona mustaqil tanqidchi ham, amaldorlarga nisbatan muxolif ham, ovoz chiqarayotgan ham prezidentning o’zi. Media, jamiyat jim. Shunday bir vaziyatda davlat siyosatidan xoli, haqiqatda mustaqil bo'lgan nodavlat tashkilotlar paydo bo'lishiga imkoniyat beriladimi? Bu savol hozircha ochiq qolmoqda”, - deydi Ulug’bek Ashur.

Adliya vazirligiga mazkur farmondan kelib chiqqan holda qonun hujjatlariga qo’shimcha va o’zgartirishlar kiritish taklifini hozirlash uchun ikki oy muhlat berilgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG