Breaking News

Olimpiada tarixidagi eng keksa gimnastikachi O'zbekistondan


Oksana Chusovitina (chapda) 17-Osiyo o'yinlarida kumush medal bilan taqdirlanish marosimida, Janubiy koreya, 24-sentabr, 2016-yil.
Oksana Chusovitina (chapda) 17-Osiyo o'yinlarida kumush medal bilan taqdirlanish marosimida, Janubiy koreya, 24-sentabr, 2016-yil.

Yettinchi marta Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etish bilan gimnastika sohasida rekord o‘rnatgan asli o‘zbekistonlik gimnastikachi Oksana Chusovitina yakshanba kuni Rio olimpiadasida bellashuv maydoniga tushdi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, jismoniy va ruhiy jihatdan yaxshi tayyorgarlik bilan maydonga tushgan Chusovitina, nafaqat yettinchi marta olimpiada o‘yinlarida qatnashish, balki ularda medal uchun da’vogarlik qilishga ham qodir.

"Ozodlik" radiosi o'zbek xizmatining xabar berishicha, “gimnastikaning buvisi” deb laqab olgan Chusovitina Rioda o‘ziga murojaat qilayotgan muxbirlarga hozircha tabassum bilan, “sabr qiling, azizim”, deyish bilan cheklanmoqda.

“Men maydonda musobaqalashayotganimda, yoshim uchun bir-ikkita ochko qo‘shishsa, yaxshi bo‘lardi. Lekin musobaqa maydonida hamma teng, bir-birimiz bilan teng asosda kurashamiz”, dedi Chusovitina "USA Today" muxbiri bilan 7-avgust kungi suhbatida.

5-avgust kuni Braziliya poytaxtida boshlangan yozgi olimpiada o‘yinlarida qatnashish rejasini e’lon qilib, xalqaro jamoatchilikni hayratga solgan Chusovitina, may oyida Ozodlik muxbiriga bu musobaqalarga tayyorgarlik jarayoni, o‘zini katta sportda rekord muddatda bellashishga undayotgan omillar haqida hikoya qilib bergan edi.

Asli buxorolik Oksana Chusovitinaning katta sportdagi faoliyati bundan 25 yil avval boshlangan. 1992-yilda MDH terma jamoasi safida Barselonada ilk bor yozgi olimpiadada ishtirok etgan Chusovitina oltin medalni qo‘lga kiritgan edi. 2000-yillar boshlarida oiilaviy sabablarga ko‘ra Germaniyaga ko‘chib ketgan gimnastikachi 2008-yilgi Pekin olimpiadasida kumush medalni qo‘lga kiritgan.

2012-yilgi London Yozgi Olimpiya o‘yinlarida ham Chusovitina Germaniya jamoasi safida qatnashgan edi. Lekin 2013-yilda uning O‘zbekiston fuqaroligi qayta tiklangan va o‘shandan beri xalqaro musobaqalarda O‘zbekistonni tamsil etmoqda.

1975-yilda Buxoroda tug‘ilib, badiiy gimnastika bilan shug‘ullanishni ham aynan shu erda boshlagan Oksana 1992-yilda birinchi bor Barselona Olimpiadasida qatnashib, musobaqalarni yettinchilikda tugatdi.

So‘ngra 1996-yilda Atlanta, undan keyin 2000-yilgi Sidney Olimpiadasida qatnashdi. Bu o‘yinlarda medal sohibasiga aylanmagan bo‘lsa-da, Oksananing qo‘lida 9 oylik chaqalog‘i Alisher bilan xalqaro musobaqalarda qatnashganining o‘ziyoq, badiiy gimnastika mutaxassislari tomonidan, mislsiz jasorat sifatida baholandi.

Sidney tugagach, 25 yashar Oksana katta sportni tark qilishi mumkin edi. Ammo qo‘lidagi go‘dagi saratonning og‘ir ko‘rinishi – oqqonga chalingani ma'lum bo'lgach, sportchi qiz yashirin matonatining bulog‘ini ochib yubordi.

Bolasini davolatish uchun Germaniyaga kelgan Oksana, Germaniyadagi musobaqalarda qatnashib, yutgani evaziga berilgan pullarni o‘g‘lining muolajasiga to‘lay boshladi.

Alisher tuzalib ketdi va o‘z minnatdorligini izhor qilish yo‘li sifatida Oksana, o‘z talantini Germaniya badiiy gimnastika jamoasiga taklif etdi. Shu tarzda u Germaniya fuqaroligi, uning asosida milliy jamoasiga qabul qilindi va 2008 yilgi Pekin olimpiadasida 33 yashar Oksana Germaniya bayrog‘i ostida musobaqalarga kirdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG