Breaking News

Tolibonning Toshkentga tashrifi tinchlik muloqotida siljishmi?


Tolibonning Qatardagi idorasi

O’zbekistonda Tolibonning rasmiy delegatsiyasi bilan muzokaralar o’tgan. Harakatning Qatardagi siyosiy idorasi rahbari Sher Muhammad Stanikzay yetakchilik qilgan delegatsiya 7-10 avgust kunlari O’zbekistonda bo’lgan.

Tolibon delegatsiyasi O'zbekistonda bo'ldi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:16 0:00

Toshkent Tolibon delegatsiyasining O’zbekistonga safari davomida afg’on hukumati rasmiylari bilan muzokaralar o’tganmi, yo’qmi, aniqlashtirmagan. Delegatsiya a'zolari bilan Afg’onistonda tinchlik o’rnatish jarayoni istiqbollari yuzasidan fikr almashilgani xabar qilinadi.

11-avgust kuni tarqatilgan bu xabar delegatsiya Tashqi ishlar vazirligida qabul qilinganini ta’kidlash bilan cheklanadi, O’zbekistonda yana boshqa uchrashuvlar o’tkazilganmi, yo’qmi, noma’lum.

Tolibon tashrifi - Toshkent olg'a surayotgan tinchlik muloqoti tashabbusida jiddiy siljish. Hozirgacha bu tashabbusga Tolibon qanday munosabatda ekanligi jamoatchilikka mavhum qolayotgan edi.

Mehmonlar O’zbekistonda to’rt kun davomida bo’lgan, bu muddat uchrashuvlar faqatgina Toshkent, O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bilan cheklanmaganini anglatadi. Ammo afg’on hukumati vakillaridan iborat biror rasmiy delegatsiya haqida, ziddiyatli tomonlar o’rtasida biror muloqot o’tganiga doir ma’lumot yo’q.

Kobul va toliblar o’rtasida shartsiz muloqot boshlash Toshkentda prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Ashraf G’ani ishtirokida o’tgan yuqori darajali xalqaro konferensiyada muhokama qilingan, Toshkent deklaratsiyasi imzolangan edi.
Bu deklaratsiyaga ko’ra, afg’on hukumati va toliblar muloqoti biror shartlarsiz boshlanishi kerak. Toshkent shu muloqotning asosiy tashabbuschisi, Tolibonning tashrifi Toshkent tashabbusiga nisbatan jiddiy qiziqishdan darak beradi.

O’zbekistonning Afg’oniston bo’yicha siyosati qarama-qarshi tomonlarni sulhga keltirish, o’n yillar avval qaror topgan bu siyosat hokimiyat almashishi ortidan qayta jonlandi. Mirziyoyev Afg’oniston prezidentini Toshkentda kutib oldi, uzilgan aloqalarni qayta tiklay boshladi.

Bu muzokaralar soyasida Toshkentning muloqot tashabbusi yana kuchaydi, Afg’onistonda tinchlik o’rnatish Prezident Mirziyoyevning xalqaro miqyosdagi dastlabki va eng muhim tashabbusi bo’lib qolmoqda.

Sharhlovchi Kamoliddin Rabbimov fikricha, Toshkent Karimov davrida Afg’oniston bo’yicha bildirilgan avvalgi takliflaridan saboq chiqargan, bugungi tashabbus bir qadar o’zgargan.

“Toshkentni Afg’oniston bo’yicha tashabbusi jiddiy o’zgarishlardan darak beradi. Karimov o’z davrida tashabbusga qaramasdan, Rossiya yoki AQShni chetlab bu borada biror bayonot qilishga ham cho’chib turardi. Mirziyoyevning hozirgi tashabbusi toliblarga ham, afg’on hukumatiga ham biror shart qo’ymaslik, muloqot uchun imkoniyatni ko’rish, urushsiz, qon to’kishsiz, faqat fikrlarni eshitish, o’rganishdan iborat. Ya’ni Karimov davridek 6+2 yoki mana bunaqa strategik yo’nalish deb taklif qilinayotgani yo’q”, - deydi Rabbimov.

Mirziyoyev Afg’onistonda tinchlik muloqotini boshlash taklifini dastlab BMT doirasidagi ma’ruzasida bildirgan edi. Bu taklif ortidan Afg’onistonga nisbatan siyosat ham jiddiy o’zgardi. Prezident Ashraf G’ani ikki bor Toshkentga tashrif buyurdi.

Shu yil mart oyida Afg’oniston bo’yicha o’tgan Toshkent konferensiyasida qatnashgan G’ani O’zbekiston tashabbusini qo’llab-quvvatladi, tinchlik muloqotining muhimligi haqida gapirdi.

Ayni paytda afg’on hukumati ham toliblar bilan muloqotga kirishish, sulh tuzish tarafdori, Tolibon mamlakatdagi muxolif siyosiy kuch sifatida tan olingan.

Toshkentning Afg’oniston bo’yicha tinchlik tashabbusi mamlakatdagi muxolif guruhlarni murosaga keltirish, shu orqali urushga, beqarorlikka chek qo’yishni maqsad qiladi. Ammo hozirgacha xuddi shu maqsadda dunyo bo’ylab o’tgan ko’plab muzokaralar natijasiz tugagan, 30 yildirki Afg’onistonda urush davom etmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG