Breaking News

Karimova bilan bog'liq korrupsiya ishi Shvetsiya sudida ko'rilmoqda


O’zbekistonda Ucell brendi ostida ishlagan Telia shirkati Gulnora Karimovaga 400 million dollarga yaqin pora bergani ta’kidlanadi.

Stokgolm mahkamasi Bosh vazir Abdulla Aripovni O’zbekistondagi korrupsiyani fosh qiluvchi yoki inkor etuvchi guhovlardan biri sifatida yuzaga chiqarmoqda. Uning ko’rsatmasi sobiq prezident Islom Karimovning qizi Gulnora Karimovaga tegishli mablag’ taqdirida muhim ahamiyatga egaligi aytiladi.

O'zbek mulozimlari pora ishida guvohlik beradimi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:28 0:00

Shvetsiyadagi sudda O’zbekiston aloqa bozoriga kirish uchun Karimovaga pora berilgani to’g’risidagi ish ko’rib chiqilmoqda. Ayblanuvchilar - TeliaSonera (hozirda Telia) aloqa kompaniyasining sobiq rahbarlari.

O’zbekistonda Ucell brendi ostida ishlagan shirkat Gulnora Karimovaga 400 million dollarga yaqin pora bergani ta’kidlanadi.

4-sentabrda boshlangan mahkamada ayblanuvchilar TeliaSonera shirkatining pora berishda gumon qilinayotgan sobiq rahbarlaridir. Pora olgan shaxs sifatida esa ayni paytda korrupsiyada ayblanib qamoq jazosini o’tayotgan Gulnora Karimova ko’rsatilmoqda.

Shvetsiya fuqarolari ustidan o’tayotgan bu mahkamada Gulnora Karimova qudratda bo’lgan yillardagi voqelik, O’zbekiston aloqa bozoriga kirish, mobil aloqa operatori sifatida ish boshlash uchun to’langan 400 million dollarga yaqin mablag’ yuzasidan o’tkazilgan surishtiruv ko’rib chiqilmoqda.

Bu pullar pora sifatida uzatilgani tasdiqlansa, ular Yevropa davlatlarida, AQShda qoladi, O’zbekistonga qaytarilmaydi.

Shvetsiya prokuraturasi olg’a surayotgan ayblovning tasdiqlanishi yoki inkor etilishi Gulnora Karimova taqdirida biror o’zgarish qilishi qiyin, ayni paytda u O’zbekiston jinoyat kodeksining bir necha moddalari bo’yicha aybdor topilgan, qamoq jazosini o’tayapti.

Mahkamada ayblanuvchilar O’zbekiston bozoriga kirish uchun pora berilganini rad etishgan, advokatlar o’sha yillarda O’zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi rahbari sifatida ishlagan Abdulla Aripovni mahkamaga guvoh sifatida chaqirish taklifini olg’a surishmoqda.

“Ozodlik” radiosi xabar berishicha, ayblanuvchilarning advokati Apirov bilan aloqaga chiqishga urinib ko’rgan, uni guvoh sifatida sudga chaqirish shved prokuraturasi vakolatida ekani ta’kidlangan.

Ayni paytda bosh vazir lavozimida ishlayotgan Abdulla Aripovning sudda ko’rsatma berishi ehtimoldan yiroq, ammo uning ko’rsatmasi Karimova ishi, u qudratda bo’lgan davrdagi korrupsiyaga doir muhim tafsilotlarni ochiqlashi mumkin.

Gulnora Karimova ishi bo’yicha mustaqil surishtiruv o’tkazgan faollardan biri Safar Bekjonga ko’ra, Aripovda Karimov davridagi moliyaviy jinoyatlarni ochiqlash imkoniyati bor.

“Bu jarayonda Aripovni bevosita ishtiroki bor, u hammasini tan olishi, Karimovadan qo’rqqani, o’ldirilishi mumkinligi uchun hujjatlarga imzo chekib bergani, shu orqali Karimova va kompaniya o’rtasidagi aloqani bog’lab berganini aytishi kerak. Buni o’z hayotidan qo’rqqani, majburiyat ekanligi uchun qilganini tan olishi kerak. Bu pullarning kelib chiqishi poraga taqaladimi, yoki boshqa manbalarni nazarda tutadimi, mobil bozori uchun buncha miqdorda pora berilishi o’zini oqlaydimi, yo’qmi, ko’rsatma, tushuntirish berishi kerak”, - deydi Bekjon.

Abdulla Aripov marhum Karimovning qahriga uchragan amaldorlardan biri sifatida ko’riladi. 2001-yildan Aloqa va axborotlashtirish davlat agentligi rahbari bo’lgan Aripov keyinchalik bosh vazir o’rinbosari darajasiga ko’tarildi. 2012-yilga kelib ishdan chetlatildi, buning ortidan ayrim axborot vositalari unga nisbatan mobil operatorlari faoliyati bilan bog’liq jinoiy ish ochilgani haqida xabar tarqatishgan edi.

Katta ehtimol bilan Abdulla Aripovning O’zbekiston huquq-tartibot idoralarida hisobot berishi Gulnora Karimova bilan bog’liq mojaroni chetlab o’tmagan. Yevropada Karimovaning moliyaviy firibgarlikda ayblanishi, buning ortidan O’zbekiston prokuraturasining Karimova faoliyati bilan qiziqa boshlashi 2012-13 yillarga to’g’ri keladi.

2012-yilda bosh vazir o’rinbosari lavozimidan olingan Aripov hokimiyat o’zgarganidan keyin hukumatga qaytdi. Aripov 2016-yilda axborotlashtirish sohasida bosh vazir o’rinbosari lavozimiga tayinlandi, dekabr oyiga borib nomzodi bosh vazirlikka tasdiqlandi.

O'zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov
O'zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov

O’zbekiston Bosh prokuraturasining Karimovaga qarshi e’lon qilingan ayblovida bevosita TeliaSonera shirkati nomi keltirilmagan, ammo “davlat organlari vakolatlarini asossiz o’zlashtirish”, “turli shaxslarning manfaatlarini “ilgari surish” uchun jinoiy guruh offshor kompaniyalari hisob raqamiga “bo’naklar” olish, (869,3 million AQSh dollari), radiochastota va yer uchastkalarini noqonuniy sotish (520 million AQSh dollari)” kabi ayblovlar bor.

400 million dollar O’zbekiston prokuraturasi Gulnora Karimova tomonidan o’zlashtirilgan deb ko’rsatgan milliarddan oshiq mablag’ ichiga kiradimi, yo’qmi, bu hozircha noma’lum.

Safar Bekjonga ko’ra, mahkamada Gulnora Karimovaga pora berilgani tasdiqlanishi mablag’ni musodara qilish uchun asos bo’ladi.

“Bu pullar pora sifatida uzatilgani tasdiqlansa, ular Yevropa davlatlarida, AQShda qoladi, O’zbekistonga qaytarilmaydi. Gap Gulnoraga tegishli bir milliardga yaqin muzlatilgan mablag’ning bir qismi haqida bormoqda”, - deydi Bekjon.

Stokgolmdagi mahkamada O’zbekiston bosh prokuraturasining korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo’limidan vakil ham ishtirok etishi ma’lum qilingan. Sud davom etadi, sud qarori 2019-yilga borib chiqishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG