Breaking News

Homilador ayol Toshkent hibsxonasida qiynoqqa solingani aytilmoqda


Umida Uzoqova farzandlari bilan

Toshkentda hibsdagi homilador ayoldan qiynoq qo’llash orqali va zo’rlash tahdidi bilan aybiga iqrornoma yozdirib olingan. Prezident Shavkat Mirziyoyevning qiynoqqa qarshi chaqiriqlariga qaramasdan jismoniy tazyiqlar O’zbekiston huquq-tartibot idoralarining asosiy ish uslubi bo’lib qolayotgani kuzatiladi. Huquq faollari noqonuniy diniy guruhlarga aloqladorlikda gumonlangan namozxonlar tahqirlanayotgani, qiynoqqa solinayotgani haqida xabarlar tarqatmoqda. So’nggi paytda noqonuniy diniy guruhlarga aloqadorlik aybi bilan hibslar ko’paygani ham asosan qiynoq qo’llash kuchda qolayotgani bilan bog’liq ko’rilmoqda.

Toshkentdagi hibsxonada 17 kun ushlangan Umida Uzoqova yechintirib zo’rlash tahdidi, o’z yaqinlariga ko’rsatilgan qiynoqlarga bevosita guvoh qilinishi ortidan huquq-tartibot idoralariga “Hizbut tahrir” guruhiga aloqadorligi, qasamyod qabul qilganligi haqida tilxat, iqrornoma yozib bergan.

Umida Uzoqova 17 kunlik hibsdan 6 oylik homilasi borligi uchun ozod qilingan, ayni paytda u uyida, ammo muloqot qilish holatida emas. O’zbekiston inson huquqlari tashabbus guruhiga yozma ariza bilan chiqqan.

Arizada uch farzandning onasi Umida Uzoqova hibs davomida o’ziga nisbatan qo’llangan tazyiqlar, xususan, yechintirib suratga olish va internetda tarqatish, hibsxonada saqlanayotganlar ishtirokida zo’rlash tahdidlari, qiynoq qo’llangani haqida yozadi. Shuningdek, bu arizada Umida Uzoqovaning hibsda ushlab turilgan onasi, ukasi qiynoqqa solingani haqida ham ma’lumotlar berilgan.

“Men o’zim uchrashmoqchi edim bu ayol bilan, ammo hozir bunday ahvolda emas, menga homiladorligini, ahvoli og’ir ekanligini aytishdi. Shunga qaramasdan Umida Uzoqova o’ziga nisbatan qo’llanilgan qiynoqlar, zo’rlash tahdidi haqida yozma ariza bilan murojaat qilishga jur’at topdi. Hibsxonada ekan, o’ziga nisbatan qiynoq qo’llanilmgani haqida tilxat yozib bergani, qiynoqlar haqida hech kimga gapirmaslik yuzasidan ko’rsatma olgani ehtimol”, - deydi Sur'at Ikromov.

Tergov jarayonida qiynoqlar qo’llanilayotgani haqidagi ma’lumotlar Prezident Mirziyoyevning O’zbekistonda qiynoq qo’llanilishini taqiqilashga doir farmoni ortidan kuzatilmoqda.

“Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish bo’yicha qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida” deb nomlangan farmonni O’zbekiston prezidenti konstitutsiya bayrami arafasida imzolagan edi.

Bu farmonda qiynoq, tazyiqlar, tahdidlar va aldov yo’li bilan olingan ko’rsatmalarning jinoyat ishida dalil sifatida ishlatilishi taqiqlangan.

“Bundan buyon O‘zbekistonda qiynoqqa solish, ruhiy, jismoniy bosim o‘tkazish va boshqa zo‘ravonlik holatlariga mutlaqo yo‘l qo'yilmaydi. Bunday jinoiy qilmishlarni sodir etgan har qanday shaxs, u kim bo‘lishidan qat’i nazar, muqarrar ravishda javobgarlikka tortiladi. Qiynoqqa solish, himoyaga bo‘lgan huquqni buzish, insonni aldash va tergov jarayonida boshqa noqonuniy usullarni qo‘llash man etiladi”, - deyiladi prezident tomonidan imzolangan farmon sharhida.

Mirziyoyevning o’zi Konstitutsiya kuni munosabati bilan chiqishida sud-tergov tizimi haqida gapirar ekan, huquq-tartibot idoralarini keskin tanqid qildi, adolatsiz siyosat tufayli minglab odamlar davlatga, jamiyatga dushman bo`lib qolgani haqida gapirdi.

Surat Ikromov ayni paytda huquq-tartibot idoralari prezident islohotlarini qabul qilish, jumladan, qiynoq vositalarisiz ishlash niyatida emas deb hisoblaydi. Huquq himoyachisiga ko’ra, aynan qiynoqlar huquq-tartibot idoralariga yuzlab ishlarni soxtalashtirish, kuch ishlatar tizimlarining samaradorligini ko’rsatuvchi asosiy omil bo’lib kelgan.

“Gap shundaki, kuch ishlatar tizimlari, MXX, IIV va boshqa idoralardagi xodimlar soni nihoyatda ko’payib ketgan. Bu tizim samaradorligini saqlab qolish uchun jinoiy ishlarni ularning o’zlari tashkil qilishi kerak. Bu degani har qanday odamga nisbatan ish qo’zg’atib, qiynoq orqali uning bo’yniga qo’yish, soxtalashtirish, sudga oshirish, qamash mumkin. Shunda ularning hisoboti samarali chiqadi. Chunki har bir idora MXX, IIV, prokuratura yoki boshqasi bo’lsin, o’z faoliyati haqida hisobot topshiradi”, - deydi Surat Ikromov.

Prezidentning sud-tergov jarayonida qiynoq qo’llashni taqiqlash, qiynoq yo’li bilan olingan ko’rsatmalardan foydalanmaslik, qiynoq ko’rsatganlarni javobgarlikka tortish haqidagi farmoni dekabr oyining boshidan kuchga kirgan. Ammo huquq tartibot idoralarining ishlash amaliyoti prezident farmoni mutlaqo ahamiyatsiz qolayotganini, tergov jarayonidagi asosiy ish usuli hamon qiynoq, tahdidlar bo`lib qolayotganini ko’rsatmoqda.

Surat Ikromov prezident farmonining amaliyotga ko’chishi, qiynoqlarga barham berilishi jiddiy islohotlar, xususan, minglab diniy ishlar soxtalashtirilishiga asos bo’lgan ayrim jinoiy moddalar yo’qotilishi bilan ham kuzatilishi kerak.

“Ular (kuch ishlatar tizimlari) o’zlarining kerak ekanligini isbotlashmoqchi, ammo hamma ishlari asosan qiynoqlar orqali bo’lyapti. Mana, prezidentning o’zi 17 ming kishi diniy motivlar bo’yicha qamoqda ekanligini ochiqladi. Biz hatto bundan kamroq, deb o’ylayotgan edik. Bu qatlam amnistiyaga tushmaydi, qamoqda faqat jazo qo’shib beriladi. Umuman, hukumat jinoyat kodeksidagi 159, 244-moddalarni o’zgartirish, uni yo’qotish haqida jiddiy o’ylab ko`rishi kerak. Shuningdek, bu moddalardan o’ta og’ir degan sifat ham olib tashlanishi kerak, chunki qamoqdan odam o’ldirgan, haqiqatda og`ir jinoyat sodir etgan, xavfli jinoyatchilar chiqib kelayapti, oddiy namozxonlar esa qancha yillardan buyon qamoqda o’tiribdi. Farmon amaliyotga tatbiq etilishi uchun prokuratura qiynoq alomatlarini aniqlash bo’yicha jiddiy ishlashi kerak, chunki farmonning o’zida hamma narsa belgilab berilgan, uni qabul qilmaslik esa bu sobotaj bo’ladi”, - deydi Surat Ikromov.

Prezident farmonida qiynoq holatlarini aniqlashtirishda prokuratura asosiy mas`ul idora sifatida ko’rsatilgan. Ammo hozirgacha prokuratura tomonidan qiynoq qo’llagan amaldorlar yoki huquq-tartibot idoralari vakillariga nisbatan biror tekshiruv boshlangani ma`lum emas.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG