Breaking News

Komilov: O'zbekiston iqtisodiyoti jadal rivojlanayotgan beshtalikda


Birlashgan Millatlar Tashkiloti taraqqiyot forumida O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov mamlakat iqtisodiyoti jadal sur'atlarda o'sayotgani, sog'liqni saqlash sohasidagi yutuqlar hamda ekologik muammolar haqida gapirdi.

Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining yillik sessiyasida Markaziy Osiyo respublikalaridan tashqi ishlar vazirlari qatnashmoqda.

"Xalqaro moliyaviy tashkilotlarga ko'ra, O'zbekiston iqtisodiy o'sish bo'yicha dunyoda beshinchi o'rinda turadi. Global krizisga qaramasdan, so'nggi 10 yilda O'zbekiston iqtisodi yiliga o'rtacha 8 foizdan o'smoqda", - dedi Abdulaziz Komilov.

Respublika byudjetining taxminan 60 foizi ijtimoiy sohada, jumladan, 10-12 foizi ta'lim uchun sarflanmoqda, deydi vazir.

Mamlakat mustaqillikka erishganidan buyon aholining real daromadi to'qqiz baravar oshgani, aholi o'rtacha 73 yosh umr ko'rayotgani, Komilovga ko'ra, O'zbekistonda turmush to'xtovsiz yaxshilanib borayotganidan dalolat.

Bosh diplomat BMT 2000-yilda qabul qilgan Mingyillik rivojlanish maqsadlari doirasida O'zbekiston amalga oshirgan ishlarni sanab o'tdi. Xususan, qashshoqlikni kamaytirish va yuqumli kasalliklarga barham berishni o'z ichiga olgan deklaratsiyani o'shanda O'zbekiston ham imzolagan.

Bugungi kunda respublikada besh yoshdan kichik bolalar hamda onalar o'limi 30 foizga kamaygan. SPID kasalligining tarqalishini bartaraf etishda ham 2009-yildan beri sezilarli yutuqlar bor, deydi Abdulaziz Komilov. 2013-yildan beri bezgak kasali qayd etilgan emas.

O'zbekiston o'z oldiga qo'ygan bosh maqsad - iqtisodiyoti barqaror o'sayotgan, turmush darajasi yuqori demokratik jamiyatlar qatoridan o'rin olish, dedi Komilov BMT minbaridan turib qilgan nutqida.

Ekogoliya va Orol dengizi masalasiga to'xtalar ekan, O'zbekiston vazir ushbu fojia oqibatlaridan Markaziy Osiyoda 65 million aholi aziyat chekayotganini eslatdi.

"BMT rahnamoligida Orol dengizi va mintaqasi uchun maxsus jamg'arma tuzish lozim", - deydi Komilov.

Unga ko'ra, mintaqada ekologik muvozanatni tiklash, odamlar hayoti va sog'lig'ini yaxshilash va suv taqsimotini ta'minlashda madad bo'ladi.

Shu o'rinda Komilov butun region uchun ob-hayot manbai bo'lgan Amudaryo va Sirdaryoda yirik gidroinshootlar qurilishiga O'zbekiston qat'iyan qarshi ekanini ta'kidlab o'tdi. Bunday loyihalar oqibatida daryoning quyi qismidagi mamlakatlarda suv yetishmasligi, Orol muammolari yanada keskin tus olib, ekologik falokatga yetaklashi mumkin, deya ogolantirdi O'zbekiston vaziri.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG