Breaking News

AQShda koronavirusga qarshi emlash boshlanmoqda


AQShning “Pfayzer” va Germaniyaning “Biontek” kompaniyalari koronavirusga qarshi birgalikda ishlab chiqargan vaksina o’tgan hafta AQSh hukumatining litsenziyasini olishi ketidan mamlakat bo’ylab vaksinaning ilk 2,9 millionta dozasi tibbiy muassasalarga yetkazilmoqda.

Birinchi bo’lib virus yuqtirish ehtimoli yuqori bo’lgan tibbiy xizmatchilar hamda qariyalar uylari xodimlari va yashovchilari emlanadi.

Dunyo bo’ylab kasallanganlar soni 73 millionga yaqinlashib borarkan, salkam 17 millioni AQShdan. Ayrim shtatlar, jumladan Nyu-Jersida, virus yuqtirish hollari kuchaygan.

“Keyingi bir necha hafta ichida virus tez tarqalishi kutilmoqda. Odamlardan ehtiyot choralariga rioya qilishni o’tinib so’rayapmiz”, - deydi shtat gubernatori Fil Myorfi.

AQSh Oziq-ovqat va sog’liqni saqlash boshqarmasi “Moderna” kompaniyasi yaratgan vaksinaga ham qisman litsenziya berish masalasini ko’rib chiqadi.

Sog’liqni saqlash mutasaddilari ayrim odamlarning emlanishdan bosh tortishi mumkinligidan xavotirda.

“Ikkilanib turganlar ko’p. Hammaning o’ziga yarasha sababi bor. Vaksinalarning xavfsizligi, samarasi haqida, emlanishning har bir inson salomatligi va dunyo hamjamiyati uchun muhimligi haqida aholini boxabar qilib turishimiz kerak”, - deydi “Kayzer permanente” tibbiy konsorsiumidan Stiven Parodi.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish vaksinalarni dunyo bo’ylab teng taqsimlashga chaqirmoqda, aks holda qashshoq mamlakatlar aholisi himoya vositalarisiz qolishi haqida ogohlantirmoqda.

Davlatlar vaksinalar va koronavirusga qarshi choralarga katta mablag’ ajratishga majbur ekan, ayrim mutaxassislar buning salbiy tomonlariga e’tibor qaratadi.

“Buncha pul qayerdan keladi? Demak, sog’liqni saqlash sohasining qaysidir qismiga kamroq mablag’ ajratiladi. Rivojlanayotgan mamlakatlarda buning foydadan zarari ko’proq bo’lishi mumkinligi haqida xavotirlar mavjud”, - deydi AQShdagi Jons Xopkins xalqaro vaksinalar markazidan Chizoba Vonodi.

Koronavirusga qarshi boshqa vaksinalar ustida izlanishlar yakuniy pallada ekan, mutasaddilar hushyorlikni boy bermaslikka, xavfsizlik choralarini kanda qilmaslikka chaqirmoqda.

“Vaksina 2021-yilda bizga katta umid bag’ishlamoqda. Ammo virus tarqalishining kuchayayotgani bizni ogoh bo’lishga da’vat etishi kerak. Qo’llarni yuvish, niqob taqish, masofani saqlash hali ham dolzarb maslahatlar”, - deydi Parodi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG