Breaking News

Rivojlanayotgan davlatlar koronavirusga qarshi vaksinaga tayyormi?


AQShning “Pfayzer” va Germaniyaning “Biontek” kompaniyalari koronavirusga qarshi birgalikda yaratayotgan vaksinaning sinovlardan so’ng 90 foizga samarali ekani aniqlangan. 4400 ko’ngilli ishtirokidagi sinov hali yakunlanmagan, vaksina davlat nazoratidan o’tishi kerak.

Xalqaro hayot – 12-noyabr, 2020-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:46 0:00

“Vaksinani ishlab chiqarish, xaridorlarga yetkazish oson bo’lmaydi. Uni minus 80 daraja sovuqda saqlash zarur”, - deydi Oksford universiteti olimi Piter Drobak.

Ayrim mutaxassislarning xavotir bildirishicha, rivojlanayotgan va qashshoq mamlakatlarda emlash dasturini amalga oshirish oson bo’lmaydi.

Masalan, Afrikaning Burkina-Faso davlatidagi mana bu klinikada sovitgich tez-tez ishdan chiqib turadi. Natijada vaqti-vaqti bilan unda saqlangan dorilarni tashlashga to’g’ri keladi. BMTning bildirishicha, dunyo aholisining uchdan ikki qismiga xizmat ko’rsatuvchi tibbiy muassasalarda sovitgich tizimi qoniqarli darajada emas.

“Agar koronavirusga qarshi bugun emlashga to’g’ri kelib qolsa, vaksinani saqlash uchun qo’shimcha sovitgichlar kerak bo’ladi, ammo bizda bunday imkoniyat yo’q”, - deydi YUNISEF tashkiloti vakili Jan-Klod Mubalama.

Mamlakatlarda elektr quvvati muammosi ham mavjud.

“Iqlimi issiq mamlakatlarda sovitgich moslamalari ko’proq ekspluatatsiya qilinadi. Buning uchun ko’proq elektr quvvati kerak, ammo rivojlanayotgan davlatlarda bu borada yetishmovchilik kuzatilmoqda. Ayrim joylarda tibbiy markazlarning 30-40 foizida elektr quvvati yo’q”, - deydi Angliyaning Birmingem universiteti professori Tobi Piters.

BTMning Bolalar jamg’armasi 2019-yilda sovitgich moslamalar xarid qilishga 85 million dollar sarflagan. Asosan Afrika va Osiyoga quyoshdan quvvat oluvchi sovitgichlar yetkazildi.

Vaksina so’nggi tasdiqdan o’tishi uchun uni saqlash va tashish tizimi ham mukammal bo’lishi zarur. Biroq ayrim mamlakatlarda emlash dasturini tez o’tkazish uchun zarur tibbiy infratuzilma yo’q.

Aholini emlash uchun klinikaga keltirish yoki turgan joyida xizmat ko’rsatish, vaksina xavfsiz ekaniga ishontirish ham qo’shimcha muammo. “Pfayzer-Biontek” vaksinasi bir kishiga ikkita dozani ko’zda tutadi.

Yana bir muammo shuki, boy mamlakatlar o’z aholisi uchun vaksinalarning katta qismiga oldindan buyurtma berib qo’ygan. Vaksinaning teng taqsimlanishini ta’minlash uchun 150 dan ortiq mamlakat “COVAKS” global dasturiga qo’shilgan.

“Dastur COVIDga qarshi 2 milliard dona turli xil vaksinani ishlab chiqarishda yordam berib, 2021-yil oxirigacha mana shu mamlakatlarning barchasiga yetkazishni ko’zlaydi”, - deydi Drobak.

Ayni paytda dunyoda o’ndan ortiq vaksina ustida izlanish olib borilmoqda.

“Pfayzer-Biontek” vaksinasi AQShda Oziq-ovqat va dori-darmon boshqarmasi litsenziyasini olishi bilan bu mamlakatga har oy 20 million doza yetkazib turiladi. Kompaniya bashoratiga ko’ra, dekabr oyidan vaksinaga o’tkir ehtiyoji bor odamlar Amerikada emlana boshlaydi. Bular, asosan, qariyalar uylaridagi odamlar, tibbiy xizmatchilar, bemorlar bilan aloqa qiluvchi boshqa mutaxassislar.

Qo’shma Shtatlar ushbu vaksinaning 100 million donasiga buyurtma bergan. Bu 50 million odamni emlashga yetadi.

Bu o'rtada Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning hafta boshida koronavirusga uchrab, kasalxonaga yotqizilgani ma'lum bo'ldi.

“Karantin davrida davlat rahbari uyda bo’lishni va virusni boshqalarga yuqtirishni istamadi”, - deydi Zelenskiyning matbuot kotibasi.

Ukraina rahbarining kasalligi jiddiy emasligi aytilmoqda. Undan tashqari moliya va mudofaa vazirlari hamda prezident maslahatchilaridan birida ham COVID aniqlangan.

Bu mamlakatda shu onga qadar yarim milliondan ortiq koronavirus bemori qayd etilgan, o’lganlar 9000 dan oshgan. Virus sentabrda tez tarqala boshladi. Chorshanba kuni mamlakat bo’ylab karantin joriy etildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG