Breaking News

AQSh COVID-19 vaksinalarini patent himoyasisiz qoldirishga rozilik berdi


Bayden ma’muriyati COVID-19 ga qarshi ishlangan vaksinalarga qo’yilgan patent cheklovlarini Jahon savdo tashkiloti doirasida vaqtincha bekor qilish tashabbusini qo’llab-quvvatlab, 100 dan ortiq mamlakatlar olqishiga sazovor bo’ldi. Tashabbusni o’tgan yil oktabrida Hindiston va Janubiy Afrika olg’a surgan.

Xalqaro hayot – 7-may, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:12:30 0:00

“Bu mamlakatimiz ta’sirini namoyish etmoqda. Boshqa davlatlar bilan hamkorlik orqali gapimiz, fikrimiz kuchga ega ekanini ko’rsa bo’ladi”, - deydi Janubiy Afrika Prezidenti Siril Ramafosa.

Bayden ma’muriyati tashabbusni amalga oshirish uchun endi unga qarshi chiqayotgan mamlakatlarni murosa qilishga undab ko’radi. Yevropa Ittifoqi, Yaponiya va Birlashgan Qirollik vaksina tayyorlash sirlarini dunyoga oshkor qilishga hozircha rozi bo’lmayapti.

“Qo’shma Shtatlar ko’p tomonlama hamkorlikka qaytishi, nafaqat o’z ichki manfaatlari, balki dunyo manfaatlari uchun ham g’amxo’rlik qilishga, liderlikni qo’lga olishga tayyor ekani o’ta muhim signaldir”, - deydi Kolumbiya universitetining yuridik fakultetida intellektual mulk bo’yicha professor Shiyam Balganesh.

Biroq Qo’shma Shtatlar tashabbusning bir qismini, ya’ni vaksinalarga patentlarni olib tashlashni qo’llab-quvvatlamoqda, xolos. COVID-19 diagnostikasi va uni davolashga doir texnologiyalar bundan mustasno.

“Yakuniy hujjat qanday bo’lishini bilmaymiz hozircha. Bayden ma’muriyati xalqaro sahnada, boshqa mamlakatlar bilan va ichki siyosatida qanchalik murosa qilishini ham. Amerikaning yirik farmatsevtika kompaniyalari patentlar bekor qilinishidan xavotirda”, - deydi Balganesh.

Jarayon uzoq vaqt olishi aytilmoqda. Jahon savdo tashkilotida qarorlar konsensus, ya’ni umumiy kelishuv, barcha a’zo mamlakatlar roziligi asosida qabul qilinadi. Tashabbusga qarshi chiqayotgan Yevropa Ittifoqi va boshqalar pandemiyaga qarshi kurashning boshqa yo’llarini muhokama qilishga tayyor ekanini bildirmoqda.

"AQShning muayyan vaksinalarga doir intellektual mulk himoyasini olib tashlash taklifi umumiy maqsadga erishishda qandam yordam berishi mumkinligini muhokama qilishga tayyormiz”, - deydi Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Leyen.

Tashkilot a’zolari hujjat matni va mazmuniga kelishganidan so’ng – bunga bir necha oy vaqt ketishi mumkin - mamlakatlar vaksinalarning patentlanmagan variantlariga qarshi yuridik tahdidlarni bartaraf etuvchi qonunlar qabul qilishi kerak bo’ladi.

Ba’zilarning umid qilishicha, vaksinalarni ommaviy ravishda ishlab chiqarish global emlash dasturini tezlashtirib, vaksina taqsimotidagi tengsizlikni kamaytiradi. AQSh va yana bir necha mamlakat aholisining katta qismini emlab bo’lgan, biroq emlashni hali boshlamagan davlatlar ham bor.

Farmatsevtika kompaniyalari patentni himoyasiz qoldirish salbiy oqibatlarga olib keladi, deya ogohlantirmoqda.

“Bu xavfli vaziyatga yetaklashi mumkin. Chunki vaksinani ishlab chiqarish uchun zarur resurslar ishlab chiqarish texnologiyasidan bexabar kompaniyalar qo’liga tushib, foydadan ko’ra zarari kattaroq bo’lishi mumkin”, - deydi Britaniya farmatsevtika sanoati rahbari Richard Torbett.

Bu kompaniyalar mamlakatlarga litsenziya asosida vaksina ishlab chiqarishga ruxsat berish orqali butun dunyoni emlagan afzalroq, deydi.

Gumanitar tashkilotlar bunday kelishuvlar muayyan talablarga javob berishini so’ramoqda.

“Kelishuvlar shaffof bo’lsin, ta’minot dunyo bo’ylab tashkil etilsin, nazorat mexanizmi bo’lsin”, - deydi “Chegara bilmas shifokorlar” tashkilotidan Yuan Xu.

Jahon savdo tashkilotida intellektual mulkka doir murakkab muzokaralar boshlanar ekan, Hindiston va qator boshqa davlatlarda koronavirusning keskin tarqalishi global miqyosda emlash dolzarbligini elsatmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG