Breaking News

Venesuela birinchi gumanitar yukni qabul qildi


Venesuelaga birinchi insonparvarlik yordami yetib bordi. Qizil Xoch va Qizil Yarim oy jamiyatlari xalqaro federatsiyasi o’tgan oy Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro hukumati bilan shunga kelishib, yuk ortilgan ilk samolyot poytaxt Karakasga qo’ndi.

“Gumanitar yordam tashkilotimizning betaraflik, xolislik va mustaqillik kabi asosiy tamoyillariga ko’ra taqsimlanadi. Erishilgan kelishuvni siyosiylashtirmaslikni barchadan so’rab qolamiz. Maqsadimiz insonlar hayotini qutqarish”, - dedi Venesuela Qizil Xoch qo’mitasi rahbari Mario Villareal.

BMT bergan ma’lumotga ko’ra, Venesuelada 30 millionlik aholining choragi oziq-ovqat va tibbiy yordamga muhtoj, 3,7 million odam to’yib ovqatlanmaydi, jumladan, besh yoshgacha bo’lgan bolalarning 22 foizi.

“Gumanitar yordam oilalar uchun muhimdir. Ko’plab kasallar bor, ko’plariga dori kerak”, - deydi karakaslik Aleksis Rodriges ismli bir odam.

Maduro bungacha AQSh va boshqa davlatlarning gumanitar yordam taklifini rad etgan. Qo’shma Shtatlar mamlakatdagi siyosiy inqirozda Maduroning raqibi, parlament spikeri Xuan Guaydoni qo’llab-quvvatlamoqda.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG