Venesuela muxolifatida AQShda Jo Bayden prezidentlikka kelishi bilan umid uchqunlari paydo bo’ldi. Ayrim muxolifatchilar mamlakatni tark etishga majbur bo'lgan. Leopoldo Lopes shulardan biri. Hukumat 2019-yilda Ispaniyaga qochgan Lopesni muxolifat rahbari Xuan Guaydo bilan isyonda ayblagan.
“Prezident Bayden tashqi siyosatda inson huquqlariga, ko’p tomonlama siyosatga urg’u berishini aytgan. Bu biz uchun bir imkoniyatdir. So’nggi yillarda Qo’shma Shtatlar Venesuela masalasidan o’zini chetga olgan edi”, - deydi Lopes.
Ispaniyada 200 ming venesuelalik yashaydi. Lopesning aytishicha, Ispaniya Yevropa Ittifoqida o’z ta’siriga ega bo’lib, ittifoq AQSh bilan birga Venesuelani erkin va halol saylovga majburlashi mumkin.
“Diplomatik harakatlar samarali bo’lib, Yevropa bir yoqadan bosh chiqarib, AQSh bilan birgalikda diktaturaga bosim qo’ya olishiga umid qilamiz”, - deydi Leopoldo Lopes.
Xalqaro bosim samara berishi uchun, deydi ayrim tahlilchilar, Venesuela muxolifatining mamlakatda qolgan vakillari bir bo’lishi, umumiy maqsadni olg’a surishi kerak, biroq ayni paytda bunday emas.
“Muxolifat Milliy majlisni nazorat qilgani, parlamentda vakillari sonini oshirgani yo’q. Busiz hukumat bilan muzokaraga erishib bo’lmaydi”, - deydi Barselona xalqaro aloqalar markazidan Anna Ayuso.
Leopoldo Lopes muxolifatni birlashtirishga va Yevropa rahbarlari ishonchini qozonishga urinmoqda.
“Demokratik kuchlarni birlashtirib, umumiy maqsad sari yo’naltirish kabi muhim vazifa bilan yuzlashyapmiz. Bu ishda xalqaro hamjamiyat yordamiga muhtojmiz”, - deydi u.
Ispaniya Baydenning ko’p tomonlama siyosat yuritish tashabbusini olqishlamoqda. Bayden ma’muriyati so’nggi yillardagi tashqi siyosat natija bermaganini aytgan. Ispaniya Tashqi ishlar vaziri Arancha Gonsales Laya esa bu xulosaga qo’shilishini bildirdi.