Venesuelada giperinflyatsiya joriy yilda 10 million foizga yetishi kutilar ekan, oziq-ovqat va dori-darmon kamomadi mislsiz gumanitar inqirozga sabab bo’lmoqda.
Bir paytlar Lotin Amerikasining farovon va boy mamlakatida vaziyat hozir ayanchli, mahalliy valyuta kun-sayin qadrsizlanib bormoqda. Aholi kun kechirish uchun mahsulot va xizmatlar ayirboshlashga o’tgan.
Vargas shtatidagi baliqchilar mahalliy bozorda tutilgan baliqni oziq-ovqatga alishmoqda.
“Baliq evaziga guruch, un, shakar olyapmiz. Odamlarda naqd pul yo’q”, - deydi baliqchi Rojer Rodriges.
Uning aytishicha, ba’zilar hukumatdan olgan yordamni baliqqa ayirboshlamoqda.
Mamlakat bo’ylab elektr ta’minotining uzilgani va mahsulotlarni sovutgichda saqlash imkonining yo’qligi baliqlardan tezroq qutulishni taqozo etmoqda.
“Eng qimmat baliqning bir kilosiga ikki kilo guruch alishyapmiz”, - deydi yana bir baliqchi.
Barter kelishuvlar nafaqat bozorlarda, balki ijtimoiy sahifalar orqali ham amalga oshirilmoqda. Odamlar shaxsiy gigiyena mahsulotlari va dorilarni shu tariqa qo’lga kiritmoqda.
Qishloq xo’jaligi vazirligi ham barterni targ’ib qilmoqda.
“Mamlakat bo’ylab fermerlar urug’larini boshqa mahsulotlarga alishmoqda”, - deydi mutaxassis Mariya Garsiya.
Iqtisodchilarning aytishicha, ekonomikaning barter kelishuvlariga o’tgani uning inqirozidan dalolatdir.
Facebook Forum