Breaking News

Venesuela muxolifati harbiylarni o'z tomoniga og'dirishga harakat qilmoqda


Muxolifat yetakchisi, parlament spikeri Xuan Guaydo (markazda) o'zini muvaqqat prezident deb e'lon qilgan
Muxolifat yetakchisi, parlament spikeri Xuan Guaydo (markazda) o'zini muvaqqat prezident deb e'lon qilgan

Venesuela muxolifati yetakchisi Xuan Guaydo Prezident Nikolas Maduroni himoya qilayotgan harbiylarni o’z tomoniga og’dirishga harakat qilmoqda. Guaydo fuqarolarni chorshanba kuni ish kuni o’rtasida ikki soatlik tinch namoyishga chaqirdi. U Maduro hukumatidan yuz o’girgan askarlar javobgarlikka tortilmasligini aytdi.

“Venesuela askarlariga buyrug’im shuki, tinch namoyishchilarga qarshi kuch ishlatishmasin”, - deydi Guaydo.

Faollar harbiylarga muxolifat tomoniga o’tish murojaati bitilgan varaqalarni tarqatmoqda. Ba’zi askarlar varaqarlarni tashlab yuborgan yoki yirtib tashlagan, ammo boshqalari mamlakatdagi iqtisodiy qiyinchiliklar, oziq-ovqat kamomidan charchaganini aytgan.

Maduro Yevropa Ittifoqining yangi saylovlar o'tkazish talabini qabul qilmadi. Unga ko'ra, parlament spikeri Xuan Guaydo o'zini muvaqqat prezident deb e'lon qilib, konstitutsiyani buzgan. Davlat rahbari muxolifat bilan muloqotga tayyor.

CNN telekompaniyasining turk xizmatiga intervyu bergan Nikolas Maduroning aytishicha, Oliy sud va Adliya vazirligi Guaydo harakatlariga yuridik baho beradi. Yevropa Ittifoqi Maduro yangi saylovlarga rozi bo'lmasa, Guaydoni tan olishini bildirgan, biroq Maduro tashkilot talabini inkor etdi.

"Yaxshiyamki, Yevropa Ittifoqiga tobemasmiz. Bizni mensimay, o'zini katta olib gapirayotgan Yevropa elitasining Yevropa xalqiga aloqasi yo'q. Yevropa rahbarlari Donald Tramp siyosatiga ergashuvchi laganbardorlar. Butun Yevropa Tramp oldida tiz cho'kib turibdi. Venesuela bo'yicha siyosatga kelganda ham shunday", - deydi Venesuela rahbari.

Maduro o'tgan yil mayida o'tkazilgan saylovlarda g'alaba qozonib, ikkinchi olti yillik muddatga saylandi. Biroq muxolifat saylov soxtalashtirilganini aytadi. AQSh, Janubiy Amerikadagi ayrim mamlakatlar va Isroil yangi saylovlar o'tgunga qadar Xuan Guaydoni vaqtinchalik prezident deb tan oldi. Maduro Vashington bilan diplomatik aloqalarni uzib, amerikalik diplomatlarni mamlakatdan haydadi.

Qo'shma Shtatlar muxolifatga qarshi kuch ishlatish yoki amerikalik diplomatlarga hujum qilish jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligini aytib, Maduroni ogohlantirdi. Rossiya AQShni Venesuelada davlat to'ntarishi uyushtirishga harakatda aybladi.

"Qo'shma Shtatlar Maduro hukumati va Venesuela xalqi o'rtasida ziddiyat bordek qilib ko'rsatishga intilyapti, ammo asl vaziyat bundan ancha farq qiladi. Xalqning katta qismi Maduroni qo'llab-quvvatlamoqda", - deydi Rossiyaning BMTdagi elchisi Vasiliy Nebenzya.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG