Pens: Markaziy Amerikadan noqonuniy immigratsiya to'xtashi kerak

  • Amerika Ovozi

Vitse-prezident Mayk Pens

AQSh Vitse-prezidenti Mayk Pens Florida shtatining Mayami shahrida fuqarolarga soz'lashicha, Markaziy Amerika mamlakatlaridan hujjatsiz kelayotganlarga joy yo'q.

Jinoiy guruhlar, xalqaro qoradori savdosi va yulg'ichlikka qarshi kurash kuchayadi, deya va'da berdi Pens.

Amerika hukumati, deydi vitse-prezident, Markaziy va Janubiy Amerikadagi hukumatlar bilan birga ishlab, noqonuniy immigratsiyaga barham beradi.

"Biz bu davlatlar bilan hamkorlik qilamiz. Sherikmiz. Iqtisodiy va boshqa sohalardagi rishtalarimizni mustahkamlaymiz. Xavfsizligimi va farovonligimiz uchun birga harakat qilamiz", - deydi Pens.

Salvador, Gonduras va Gvatemaladan kelgan muhojirlar orasida hujjatsiz yurganlar ko'p. Narkotiklar savdosi bilan mashg'ul tizimlarda aynan markaziy amerikaliklar faol rol o'ynaydi, deya bildiradi organlar.

Gonduras rahbari Xuan Orlando Hernandez deydiki, mintaqada iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish bilan jinoyatchilikning, xususan Amerikaga noqonuniy ravishda migrant tashiyotgan odam savdogarlarining bizneslariga bolta urish mumkin.

Salvador va Gvatemaladan kelgan noqonuniy migrantlar, Texas shtati
Salvador va Gvatemaladan kelgan noqonuniy migrantlar, Texas shtati

Tramp ma'muriyati a'zolari Mayamida Markaziy Amerikadan kelgan rasmiylar bilan bu haqda gaplashib oldi.

Muxolifat nazarida esa bu mamlakatlarda hukumatlarga ishonch yo'q. Ular muammoni balandparvoz so'zlar bilan hal etishga urinadi lekin amalda konkret chora ko'rilmaydi. Korrupsiya, rahbarlarning oilaviy bizneslari, narkotiklar va odam savdosi va yulg'ichlik davlat tizimlariga borib taqaladi, deydi mutaxassislar.

Har yili Markaziy Amerika davlatlaridan yarim million odam shimolga intiladi. Aksariyat odamlar qashshoqlikdan emas, jinoiy to'dalardan qochadi. Ularga qarshi kurashishi kerak bo'lgan huquq-tartibot organlari va adliya sistemasi o'ta zaif va ko'p hollarda mafiya qo'lida o'yinchoq.

Tramp ma'muriyati bu mintaqaga sarmoya kirishi kerak desa, bu investitsiya xalq farovonligi uchun xizmat qilishiga ishonch past. Xususiy sektor pul tikishga oshiqmaydi chunki hukumatlarga va moliya tizimlariga ishonmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG