Seshanba kuni AQShning Virjiniya shtatida bo’lib o’tgan gubernatorlik saylovida davlat idoralarida ishlash tajribasi yo’q respublikachi nomzod so’nggi 10 yilda ilk bor g’alaba qozondi.
Nyu-Jersi shtatidagi saylovda esa demokrat gubernator Fil Myorfi lavozimini arang saqlab qolishga muvaffaq bo’ldi.
Virjiniyada demokratlardan saylanishga harakat qilgan Terri Makolif raqibi Glen Yangkinni sobiq prezident Donald Trampga bog’lashga harakat qildi. Bu bilan Makolif o’tgan prezident saylovida demokrat Jo Baydenga Trampga qaraganda 10 foiz ko’p ovoz bergan virjiniyaliklarni o’ziga qaratmoqchi bo’ldi. Respublikachilar esa soliqlar, ta’lim, jinoyatchilik kabi oshxona mavzularini ko’tardi.
“Xalq Vashingtonda hukmron demokratlar ishni eplay olmayapti degan fikrda. Demokratik partiyaning nufuzi tushmoqda”, - deydi Jorj Meyson universitetidan Mark Rozell.
Masalan, ijtimoiy dasturlarni kuchaytirish va iqlim o’zgarishiga qarshi kurashga qaratilgan va Prezident Bayden tashabbusi bilan olg’a surilayotgan 1,75 trillion dollarlik qonun loyihasi joyida turib qolgan.
“Bu qonun inflyatsiyani tushiradi, maoshlarni ko’taradi, raqobatni kuchaytiradi, yiliga ikki million ish o’rnini yaratadi”, - dedi shu hafta Bayden tashabbusini tashviq qilarkan.
Biroq Kongressdagi demokrat qonunchilarning o’zi loyihaning ayrim bandlariga kelisha olmayapti. Virjiniyadagi saylov natijasi respublikachilarga kuch va ishonch bag’ishladi.
“Demokratlar saylovchilar fikriga quloq solishi, soliq va xarajatlarni oshirib yuboradigan mas’uliyatsiz tashabbusidan voz kechishi, mamlakatni amerikaliklar so’ramagan sotsialistik o’zgarishlarga sho’ng’itish harakatlarini bas qilishi kerak”, - dedi respublikachilarning Senatdagi sardori Mitch Makkonel.
Biroq demokratlar bergan va’dalarining ustidan chiqishini aytadi.
“Amerikalik oilalar va ishchilar bugun yuz tutayotgan muammolar kattadir. Prezident Baydenning tashabbusi ko’p muammolariga barham beradi. Bu Amerika xalqi istagini ifoda etadi”, - dedi demokratlar sardori senator Chak Shumer.
Demokratlar ayni paytda Kongressning har ikki palatasida kichik ustunlikka ega. Kelasi noyabrda Vakillar palatasidagi barcha qonunchilar, Senatdagi qonunchilarning esa uchdan biri saylovga yuz tutadi.
Respublikachilarning shu hafta Virjiniyadagi g’alabasi ularga 2022-yildan oldin umid va kuch bag’ishlamoqda.
Facebook Forum