Amerikaning dunyo bilan muloqoti virtual diplomatiya orqali jonlanmoqda. Pandemiya xorijiy safarlarni cheklab qo’ydi. Natijada dunyo rahbarlari bir-biri bilan raqamli shaklda aloqa qilib, yangi imkoniyatlarga yo’l ochdi. Muloqotning yangicha uslubi ba’zilar xavotiriga ham sabab bo’lmoqda.
Yaxshi kunlarda diplomatiya juda faol va gavjum bo’ladi, biroq pandemiya kabi paytlarda, dolzarb muammolarni muhokama qilish uchun rahbarlar yuzma-yuz ko’risha olmaydigan davrda no’noqliklarga guvoh bo’lish mumkin.
Virtual majlislarning noqulayligiga endi millionlab odamlar ham amin bo’ldi. Biroq dunyo ahamiyatiga ega muloqotlarda virtual format ba’zilarni tashvishga solmoqda.
Pandemiyadan oldin o’tkaziladigan yirik sammitlar fuqarolik jamiyati guruhlari va namoyishchilarni ham o’ziga tortar, kichikroq mamlakatlar uchun ayojib forum bo’lardi.
Biroq hozir bunday tadbirlar onlayn o’tkazilar ekan, ularni internet orqali tomosha qilish imkoni paydo bo’lgani bilan odamlar uyushish va so’z erkinligini amalda qo’llash, jarayonda ishtirok etish imkoniyatidan mahrum.
“Bu huquqlar nafaqat internetdan tashqarida, balki onlayn ko’rinishda ham ta’minlanishi kerak. Bu juda muhim. Davlatlaro institutlar va xalqaro idoralar bunday majlislarni tashkil etayotganda ulardan boshqalarni ham jalb qilishni so’raymiz. Internet eng muhim inson huquqi deb tan olinishi kerak deb o’ylayman”, - deydi SIVIKUS (CIVICUS) xalqaro notijoriy tashkilotidan Mandip Tivana.
Janubiy Afrikada uzoq yillar ishlagan amerikalik sobiq diplomat, hozir esa jurnalist Bruks Spektorning aytishicha, virtual diplomatiya pandemiyadan so’ng ham qoladi. AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken shu hafta Afrikaga ilk bor virtual tarzda safar qildi – Keniya va Nigeriya rasmiylari bilan elektron muloqot olib bordi.
AQSh bosh diplomati muloqotning yangi uslubiga tez moslashdi, deydi Spektor.
“Toni Blinkenning kamera orqali prezident bilan bir xil qobiliyat va iliqlikni namoyish etish darajasi unga yaxshi xizmat qilishi mumkin, chunki dunyoda ish ana shunday tarzda hali ancha yuritiladi deb o’ylayman. Xalqaro tashriflar ancha kam bo’ladi, global maslahatlashuvlar endi ko’proq elektron ravishda olib boriladi”, - deydi Janubiy Afrikadagi “Deyli Mavrik” (Daily Maverick) kundalik gazetasida ishlovchi sharhlovchi.
Biroq sobiq diplomatning aytishicha, muloqotning yangicha shakli doim ham yangi va hatto ochiq mazmun taklif etmaydi. Muloqot vositasi qanday bo’lishidan qat’i nazar, deydi Spektor, tayyorgarlik hamisha diplomatiyaning muhim qismi bo’lib qoladi, virtual muloqot ham oddiylari kabi puxta tayyorgarlikni talab qiladi.
“Virtual diplomatiya samarasi, muloqotning boshqa usullarida bo’lganiday, xodimlarning undan oldin qiladigan tayyorgarlik ishlariga bog’liqdir. Agar munozara birato’la ochiq bo’lsa va unda o’ndan ortiq odam qatnashsa, natijasi salkam tartibsizlik bo’ladi deyavering”, - deydi Spektor.
Nima bo’lgandayam, deydi mutaxassislar, pandemiya tugamaguncha va tugaganidan keyin ham virtual diplomatiya hali anchagacha amal qiladi.
Facebook Forum