Amerikada opioid va geroinga qaramlikka qarshi kampaniya boshlanmoqda

  • Amerika Ovozi

Qo’shma Shtatlarda giyohvand moddalar yoki opioidlarni haddan tashqari suiiste’mol qilish oqibatida o’lim hollari ko’paygan. Shifokor retsepti bilan beriladigan giyohvand moddalar hamda geroin iste’moli yiliga salkam 60 ming odamni nobud qilmoqda. Dorixonalardan olinadigan giyohvand moddalar suiiste’moli kuniga 91 amerikalik yostig’ini quritmoqda.

Filadelfiya shahrining Kensington mahallasida har kuni fojia – retseptli giyohvand moddalarni dozasidan haddan tashqari ko’p qabul qilish natijasida mahalla ahli o’lmoqda.

“Temir yo’lga yaqin joyda kayf qilgani borib, bir jasadni ko’rib qoldim. O’lganiga ancha bo’lgan ekan. Axir bu kimningdir farzandi, otasi yoki akasiku”, - deydi Entoni ismli giyohvand.

Amerikaning opioid epidemiyasiga oksikodon preparatining shifokorlar tomonidan haddan ko’p yozilishi sabab bo’ldi.

“Dunyoning hech bir joyida opioidlarni Amerikada bo’lganichalik suiiste’mol qilishmaydi. Amerikaliklar jahon aholisining besh foizini tashkil qiladi, xolos, ammo opioidlar iste’molining 85 foizi bizning hissamizga to’g’ri keladi”, - deydi Amerika tibbiy qaramlik jamiyati prezidenti Kelli Klark.

1999-yildan beri bu turdagi preparatlar dozasining ko’pligidan 183 ming odam nobud bo’lgan. Biroq laboratoriya sharoitida ancha kuchliroq sintetik opioidlar yaratilishi bilan o’lim hollari to’rt baravar ko’paydi.

Hammasiga oilaviy shifokorlar sabab bo’lgan. Doktor Jon Dombrovskiy opioidlarga muqobil preparatlar bilan davolaydi. Uning aytishicha, o’tmishda shifokorlar opioidlarni ko’p yozib berardi.

“Mijozdan yuqori baho olish maqsadida shifokorlar ular istagan dorilarni yozib berardi. Bemor ko’nglini ko’tarish, unga yoqish uchun shunday qilishga majbur bo’lishgan”, - deydi Og'riqni qoldirish markazi rahbari.

Opioidlar og’riqni qoldiradi. Biroq ularning jiddiy yon ta’siri bor - boshqa dorilar bilan qabul qilganda bu preparatlarga qaramlik kelib chiqadi. Ularni qonuniy yo’l bilan qo’lga kirita olmaganlar geroin kabi arzonroq, ammo noqonuniy muqobil preparatlarga o’tishdi.

“Doriga o’rganib qolganlar endi ko’chada 10 dollarga geroin sotib olmoqda”, - deydi Brovard grafligi sherifi idorasidan Don Meyns.

“Giyohvand moddalarga qaramlik bu mamlakatda jiddiy muammo. Unga kasallik sifatida yondashmayapmiz. Natijada yillar davomida muammo yiriklashib boraverdi”, - deydi giyohvandlikning oldini olish va uni davolash bo'yicha mutaxassis Beki Von.

Kensington mahallasining ba’zi joylarida opioid preparatlar bozori bo’lib, Amerikadagi eng arzon geroin o’sha yerda sotiladi.

“Bir do’stim meni geroinga o’rgatib qo’ydi. So’nggi besh yildan beri undan qutulishga harakat qilyapman, ammo behuda”, - deydi giyohvand Entoni.

Hisoblarga ko’ra, Amerikada salkam 2,5 million odam opioidlarga qaram, jumladan fentanil kabi AQShdagi qora bozor uchun Xitoyda tayyorlangan o’ta kuchli sintetik dorilarga. Fentanil geroindan 50 baravar kuchli bo’lishi mumkin.

“Onam shu doriga o’rganib qolganidan so’ng unga jahl qilib, men ham qabul qila boshladim. Qanday ta’sir qilishini sizga bir ko’rsatay dedimu, o’zim ham uni yoqtirib qoldim”, - deydi o'zini Deyvi deb tanishtirgan giyohvand.

U opioidlarni 10 yildan beri iste’mol qiladi. Uning aytishicha, fentanilni geroin bilan qorishtirib qabul qilish o’limga olib keladi.

“Bir yaxshi do’stim bor edi. Ana shunday holatga uch marta tushgan, dozadan oshirib yuborgan, uni o’z holiga keltirish uchun narkan dorisini berishga majbur bo’lganman. Albatta, hech kim ham bu holatga tushishni istamaydi”, - deydi u.

Mutaxassislar fikricha, giyohvandlar toifasi o’zgarib bormoqda va bu epidemiyaga qarshi kurashni kuchaytirishga yana bir sababdir.

“Amerikada e’tibordan chetda qolmagan oq tanli o’smirlar ham endi bu baloga mubtalo bo’lib bormoqda. O’tmishda, asosan, boshqa irq va ozchilikdagi guruhlar vakillari giyohvandlikka moyil bo’lar edi, ammo muammoga hozirgiday diqqat qaratilmasdi”, - deydi Beki Von.

Siyosatchilar shifokorlar bilan yangicha ishlash, giyohvandlikka doir qonunlarni yaxshilashni taklif etmoqda.

“Amerikada eng ko’p kutilmagan o’lim hollariga preparatlarni dozadan oshirib iste’mol qilish sabab bo’lmoqda. Giyohvandlarga yordam berishimiz kerak”, - deydi Prezident Tramp.

Sog’liqni saqlash mutasaddilariga ko’ra, narkotik moddalarga qaram bo’lib qolganlarni davolash bilan bir qatorda yangi holatlarning oldini olish ustuvor vazifa.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG