Kobul: Eron Tolibondan o'z qora maqsadlari yo'lida foydalanmoqda

  • Amerika Ovozi

Kajaki suv ombori, Hilmand viloyati

Afg'onistonning janubiy va g'arbiy viloyatlarining hokimlari Eronni Tolibon bilan hamkorlik qilib, quvvat va suv bilan ta'minlovchi manbalarni nishonga olayotganlikda ayblamoqda.

Hilmand viloyati hokimi Hayotulla Hayot "Amerika Ovozi" bilan suhbatda deydiki, Tehron afg'on suv omborlarini buzib, Hilmand daryosidagi suvdan o'zi foydalanmoqchi.

Afg'on razvedkasi bu borada aniq ma'lumotlarga ega, deydi Hayot. Shuningdek, Milliy Xavfsizlik Kengashi ham buni biladi, deydi u.

“Eronning maqsadi bizni ob-hayotdan ayirib, o'ziga ko'proq suv olish".

Afg'on rasmiylarining aytishicha, Eron Inqilobiy Gvardiyasi Tolibonni ilg'or qurol-aslaha bilan ta'minlamoqda. Infrastrukturani nishonga oladigan, suv inshootlarini barbod qiladigan texnologiya haqida gap ketmoqda, deydi ular.

Yaqinda Eron rasmiylari Hilmandda toliblar bilan uchrashgan. Muloqot Garmser tumanida kechgan, deydi hokim.

Eronning Kobuldagi elchixonasi bu da'volarga munosabat bildirmayapti. Tolibon bilan hamkorlik haqidagi gaplar asossiz, islomiy respublika afg'on hukumati bilan yaqindan aloqada, deydi Tehron rasmiylari.

Dunyoning bu qismida suv taqchil va Eron anchadan beri ikki davlatni bog'lovchi manbalardan teng foydalanish talabini olg'a surib keladi. Tomonlar 1973-yilda imzolangan bitimga asosan suvni bo'lishadi. Hindiston yordami bilan yangi to'g'onlar qurayotgan Afg'oniston, Eron nazarida, uning manfaatlariga qarshi bormoqda.

Balki yangi bitim ustida kelishish uchun vaqt yetgandir, deydi Vodir Safiy, afg'on siyosiy tahlilchisi. Kerak bo'lsa, Tehron Afg'onistondan ko'proq suv sotib olish haqida o'ylasin, deydi u.

Kobul esa Eronni azaldan Tolibonni zimdan quvvatlayotganlikda ayblab keladi. Qurollar jangarilarga g'arbdagi qo'shnidan keladi, deydi rasmiylar, Eronga ishora qilib. Ularning qayd etishicha, Pokistondan quvilgan, vatanda yashashdan qo'rqqan yetakchi jangarilar Tehron fotihasini olib, o'sha yerda panoh topgan. .

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG