Breaking News

Suv xavfsizligi Markaziy Osiyo uchun nimani anglatadi?


Sangtuda-1 GESi, Tojikiston
Vashingtonda anjumanga yig’ilgan mutaxassislar nazarida Markaziy Osiyo uchun bugun eng dolzarb masalalardan biri - suv ta’minoti va taqsimoti. Aslida ob-hayotdek bebaho ne’mat muhim bo’lmagan mintaqa yo’q dunyoda. Lekin Amudaryo va Sirdaryodek ikki azim daryodan suv ichib kelayotgan Markaziy Osiyo xalqlari haqida gap ketganda, eng kuchli xavotirlar aynan suv yuzasidan mavjud ziddiyatlarda.

Markaziy Osiyo-Suv Masalasi-Navbahor Imamova
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:33 0:00
Yuklab oling

Xalqaro maydonda “suv xavfsizligi” degan tushuncha ko’p tilga olinadi. Lekin u turlicha tushuniladi. BMT ta’rifiga ko’ra, suv xavfsizligi - aholining toza suvga talabini qondirish va jamiyatni suv bilan bog’liq halokatlardan asrash. Ikkinchi tavsif ko’proq biznes olamida qo’llaniladi: suv - energetik zaxira, mahsulot. Suv xavfsizligi - uni asrash va manbalarni rivojlantirish.

Davlat uchun suv xavfsizligi strategik masala, deya tushuntiradi Kai Vegerik (Wegerich), nemis olimi, O’zbekiston, Qirg’iziston, Qozog’iston va Afg’onistonda suv zaxiralari va irrigatsiya tizimlarini o’rgangan mutaxassis.

Tadqiqotchi deydiki, suvga yondashuv juda umumiy va mujmal, nafaqat rahbarlar balki xalqaro hamjamiyat tomonidan ham. E’tibor asosan katta GESlar yoki hali qurilmagan inshootlarda, masalan Qirg’izistonda Qambarota-1 va Qambarota-2 yoki Tojikistondagi Ro’gun...

Vegerik nazarida Sovet davridan qolgan tizimlarni yangilash, suv xo’jaligini isloh qilish va buni uddalay oladigan kadrlar yetishtirish - bugungi nihoyatda muhim vazifa. Biror davlatda izchil ishlab chiqilgan reja, dastur yo’q, deydi olim. Bor bo’lsa ham, rahbariyat ularni oshkor etmayapti. Dunyo tajribasidan o’rganish kerak albatta, deydi u, lekin Sovet Ittifoqida suv qanday taqsimlangani xususida ozgina o’ylab ko’rilsa ham zarar qilmaydi. Tizim u paytda irrigatsiya hududlariga bo’lingan. Mintaqaga suv halokatini keltirgan, Orolni quritgan aynan Sovet tuzumi deyishadi. Lekin bu olim nazarida o’sha davrda kanal va suv omborlariga umumiy boylik sifatida qaralgani aholini mojarolardan asragan. Oqimning yuqorisidan suv kelsa, quyidan neft va gaz borgan.

Chet ellik olim mintaqada suv bilan bog’liq murakkab vaziyatni qayerdan biladi deb ensangiz qotishi mumkin. Vegerik buni tan oladi. Ammo, deydi u, Do’stlik (Keles), Katta Namangan va Katta Farg’ona - Qozog’iston, O’zbekiston va Tojikiston chegaralari osha oqadi. Ularni umumiy boylik deb tan olmaslik va suvni bo’lishish borasida bir yoqadan bosh chiqarmaslik katta xato.

Kai Vegerik va u singari suv masalasini o’rgangan yana bir olim, Yoxannes Linn fikricha, masala yechimi mintaqa rahbarlarining zimmasida. Xalqaro hamjamiyat bu borada hech narsa qila olmaydi, deydi Linn. Jahon banki hamda boshqa xalqaro tashkilot va jamg’armalar yillar davomida bu soha uchun millionlab dollar mablag’ ajratdi, turli loyihalar amalga oshirildi. Lekin mintaqadagi umumiy manzara o’zgarmadi. Suv taqsimoti yuzasidan regional yakdillik yo’q.

Aholi soni va qishloq xo’jaligi hajmi jihatidan birinchi o’rinda turadigan O’zbekiston mintaqada eng ko’p suv talab qiladigan davlat. BMTga ko’ra, Turkmaniston ikkinchi o’rinda. Keyingi o’rinlarda Tojikiston, Qirg’iziston va Qozog’iston.

AQSh Tinchlik institutidan olima Katlin Kuenast (Kathleen Kuehnast) mentalitet va milliy mafkurada gap ko’p deydi. Mustaqillikning ikki o’n yilligi mintaqa davlatlari uchun milliylikni shakllantirish bilan o’tdi va bu siyosat hamon davom etmoqda. Mustaqil davlat sifatida tan olinish, o’zbeklik, qozoqlik, qirg’izlik, tojiklik va turkmanlik nima ekanini izohlash va bu g’oyalarni xalq ongiga singdirishni rahbarlar asosiy o’ringa qo’ydi, deya tahlil qiladi Kuenast. Ichki va tashqi siyosat ham shundan kelib chiqqan holda olib borildi. Urg’u kelishish va murosaga emas, kim-kimdan ustun ekanini isbotlashga va shu asnoda milliy g’ururga berildi. Natijada, deydi olima, boshqa sohalar singari qishloq xo’jaligi va suv tizimi aziyat chekdi.

Kuenast korrupsiya, chegara osha noqonuniy bizneslar, jinoiy ko’rinishdagi to’dalar faoliyati va ularning salbiy ta’siri haqida gapiradi. Suv talashish chegaralardagi kundalik muammo, deya kuzatadi u. Mahalliy hokimiyatlardan to’ygan aholi markazdan ham yordam kutmaydi. Muammoni o’zi uchun o’zi hal etishga urinadi. Bu esa boshqa muammolarga yetaklaydi. Struktura ishdan chiqqan va uni tuzatish ko’p hollarda faqat qog’ozda, deydi mintaqani kezib vaziyatni o’rgangan mutaxassis. Qonun va qoidalarga ishonch past, qolaversa ular tez-tez o’zgarib turadi.

Jorj Vashington Universitetida kechgan anjuman Qozog’iston elchixonasi tashabbusi bilan tashkil etildi. Bu davlat vakillarining qayd etishicha, Ostona uchun mintaqaviy suv taqsimoti masalasi yuqori o’rinda. Qozog’iston Xitoy unga yaqin hududlarda yangi gidro-inshootlar rejalayotganidan ham tashvishda.
  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi ilk teledasturlar muallifi. TV, radio va onlayn diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan, ya'ni respublikadan turib axborot berish imkoniyatiga yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, editor, web editor, and producer, she has covered Central Asia and America for nearly 20 years on TV, radio and online. For the last year, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the only and first-ever accredited U.S.-based journalist. Navbahor is also the founding President of the VOA Women’s Caucus. Educated in Uzbekistan, India, and at Harvard University, she was a 2016-17 Edward S. Mason Fellow at Harvard’s John F. Kennedy School of Government, where she also earned her Masters in Public Administration. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003 and has since presented more than 800 editions of the flagship weekly show “Exploring America,” which covers American foreign policy for some 40 million Uzbek speakers worldwide, focusing on U.S. relations with Central Asia and life and politics in the United States. She has co-hosted VOA-wide special broadcasts for a global audience. She has received multiple awards for excellence in broadcasting, including the VOA Gold Medal in 2010. As a multimedia journalist, with millions of viewers, listeners, followers, and fans, Navbahor writes and speaks frequently on Uzbek domestic politics, foreign policy, and society, as well as regional issues in Central Asia, for policy, academic, and popular audiences. Her essays have appeared in leading journals, including Foreign Policy, The National Interest, and The Diplomat, and she has lectured at institutions including the U.S. Foreign Service Institute, Columbia University, Johns Hopkins University, Georgetown University, and George Washington University. Navbahor began her career at the Uzbek state broadcaster as a reporter and producer. She taught journalism at her alma mater, the Uzbek State University of World Languages in Tashkent, and then earned a B.A. in journalism and mass communication from Maharaja’s College at the University of Mysore in India. A recipient of the Edmund Muskie Fellowship, she earned her MA in journalism from Ball State University. In 2009, Ball State’s journalism department named her an Outstanding Young Alumna.

XS
SM
MD
LG