Breaking News

G'arbiy Sohilda zo'ravonliklar. Isroilda yangi hukumat qasamyod marosimi qoldirildi


G'arbiy Sohil
G'arbiy Sohil

Isroil istilosidagi G’arbiy Sohilda bir falastinlik mashinasini isroillik harbiylar tomon yo’naltirganidan so’ng yahudiy harbiylar uni otib o’ldirgan. Bir askar jarohat olgan. Voqea Al-Xalil shahri yaqinidagi yahudiylar yashovchi Negoxot aholi punktiga yaqin harbiy post yonida sodir bo’lgan.

Falastinliklar 1967-yilgi urushda Isroil tortib olgan bu hududni kelajak davlatining bir qismi sifatida ko’radi va G’arbiy Sohilda qurilgan yahudiy mahallalarini noqonuniy deb biladi. Biroq Isroil iyul oyidan boshlab yahudiy mahallalar va Iordan vodiysini Isroilga qo’shib olish jarayonini boshlaydi.

Chorshanba kuni ham G’arbiy Sohilda bir falastinlik o’ldirilgan. Favvar qochqinlar lagerini reyd qilayotgan isroillik askarlar tosh va qo’lbola bomba hujumiga uchraganidan so’ng o’t ochgan. Natijada 15 yashar bir falastinlik nobud bo’lgan.

Bundan bir kun oldin esa G’arbiy Sohildagi Yabad qishlog’ida tomdan uloqtirilgan tosh isroillik harbiyga tegib uni o’ldirgan. Shu kuni, Isroil harbiylariga ko’ra, xavfsizlik kuchlari xodimini pichoqlashga harakat qilgan bir falastinlik otib yaralangan.

AQSh Yaqin Sharq tinchlik rejasini targ’ib qilmoqda. Isroilga tashrif buyurgan AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Bosh vazir Benyamin Netanyaxu va uning saylovlardagi raqibi Benni Gans bilan uchrashib, 14-may kuni ikki siyosatchi kelishgan birlik hukumatining qasamyod marosimida qatnashishga umid qilgan edi, biroq Netanyaxuning “Likud” partiyasida vazirlik lavozimlari bo’yicha tortishuv kelib chiqishi natijasida qasamyod marosimi 17-may yakshanbaga ko’chirildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG