G'arb: Rossiya saylovlarga aralashishdan to'xtamayapti

  • Amerika Ovozi

G'arb davlatlari Rossiyaning ochiqchasiga saylovlarga aralashayotgani va boshqa yo'llar bilan chet el hukumatlariga ta'sir o'tkazayotgani haqida xavotir bilan gapirmoqda. Bunga qarshi choralar ko'rilyapti, ammo oson kechmayapti.

"Muqobil Germaniya" millatchi guruhi Germaniya saylovlarida 12,6 foiz ovoz olgach, islomga qarshi PEGIDA harakati tarafdorlari Drezden ko'chalarida yurish qildi.

Ayrimlar bunda Rossiya propagandasining qo'lini ko'rmoqda.

"Ular chap qanotni ham, o'ng qanotni ham mo'ljalga olishadi. Diniy partiyalarni ham qo'llashadi", - deydi Shvetsiya rasmiysi Nils Svarts.

Germaniyada Rossiya qo'rquv faktoridan, yuz minglab qochoqlarning kirib kelishidan foydalandi.

Svartsning aytishicha, Shvetsiyada kelasi yil saylov va shunday taktika allaqachon bu yerda ham ko'zga tashlanmoqda.

"Bu harakatlardan maqsad shvetsiyaliklarni maxsus g'oya atrofida birlashtirmaslik. Bizni bo'lish va jamiyatni beqarorlashtirish", - deydi u.

AQSh qonunchilarining aytishicha, Rossiya AQSh sayloviga aralashish bilan cheklanmay, Yevropada ham faoliyatini kuchaytirgan.

"Ularning propagandasi dezinformatsiyaga asoslangan. Yevropa xalqini hech kimga ishonmaslikka ishontirish", - deydi senator Ron Jonson.

Facebook, Twitter va Google kabi tarmoqlar Rossiya propagandasiga hissa qo'shmoqda. "RT" telekanali asosiy qurol, ammo Rossiya bu da'volarni inkor etadi.

"Tomoshabinlar o'zlari ko'rib baho bersin", - deydi kanal muxbiri.

Lekin muammo faqat bu emas.

AQSh va Yevropa rasmiylarining xavotiri shundaki, Rossiya propaganda bilangina cheklanib qolmasdan, G'arb jamiyatlariga kirib borishning boshqa yo'llaridan ham foydalanmoqda.

"Bir yo'li saylovlarga pul kiritish. Uning ortida kim turganini ko'rsatishmaydi. Siyosiy qora pul va soxta korporatsiyalar orqali rossiyaliklar saylovlarga aralashishni davom ettirmoqda", - deydi senator Sheldon Vaythaus.

Taktika ish berayotgandek.

"Ular jamoatchilikka, siyosiy bahslarga va siyosiy partiyalarning dasturlariga ta'sir o'tkazmoqda", - deydi Chexiya Tashqi ishlar vaziri o'rinbosari Jakub Dur.

Bir tadqiqotchining hazillashib aytgan gapida jon bordek: hozir har bir saylov Rossiyaning sayloviga aylangan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG