Breaking News

Isroil "Oq dubulg'a" faollarini Suriyadan evakuatsiya qildi


Evakuatsiya paytida
Evakuatsiya paytida

Isroil AQSh, Kanada va Yevropa davlatlari iltimosiga ko’ra Suriyaning janglar qattiq kechayotgan janubi-g’arbidan “Oq dubulg’a” (White Helmets) tashkiloti ko’ngillilarini evakuatsiya qilishga muvaffaq bo’ldi.

Yuzlab odam oilalari bilan Isroil istilosi ostidan G’o’lan tepaliklari orqali Iordaniyaga ko’chirildi. Suriya armiyasi hudud yaqinida isyonchilarga qarshi yirik amaliyot boshlagan.

G’arb nazarida, “Oq dubulg’a” faollari Suriyaning urush zonalarida minglab odamlar hayotini saqlab qolgan. Suriya hukumati va Rossiya esa ularni terrorchilarga aloqadorlikda ayblaydi.

“O‘zini “Oq dubulg’a” deb atayotganlar bosqinchilarning o’yinchoqlari. Endi esa mag’lub bo’lib, qochishyapti”, - dedi suriyalik qonunchi Xolid Abbud.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxuning aytishicha, faollarni evakuatsiya qilish gumanitar chora edi.

“Bu o’rtada Eronning Suriyadagi harbiy harakatlariga qarshi harakatlarlarimiz davom etadi. Janubda faolmiz. Hafta oxirida u yerda “XAMAS”ga jiddiy zarba berdik”, - dedi Netanyaxu.

Isroil rahbariga ko’ra, Eron qo’shinlarini Suriyaga tortib, u yerdan Isroilga hujum qilmoqchi. Tehron Suriyada harbiy bazasi yo’qligini aytib keladi.

“Eron Iroq, Livan, Yaman va boshqa joylarda bo’lgani kabi Suriyada qattiq o’rnashib olmoqchi”, - deydi isroillik tahlilchi Yaakov Lappin.

Suriyada 2011-yildan beri davom etayotgan urushning keti ko’rinmaydi.

“Mojaroning kutilmagan, yanada zo’ravon pallasi oldinda hali, chunki ixtilofga sabab bo’lgan muammolar hal bo’lgani yo’q. Hokimiyat tepasida hali ham tashqi kuchlar yordamiga tayangan va o’z xalqiga zulm o’tkazayotgan ayni tuzum o’tiribdi”, - deydi Lappin.

“Oq dubulg’a” faollari ilk bor urush zonasidan evakuatsiya qilindi. Ular oilalari bilan Iordaniyadan so’ng AQSh, Kanada va Britaniyaga jo’natilishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG