Breaking News

8-mart ko’plab mamlakatlarda xotin-qizlar bayrami, joriy hafta esa Xalqaro ayollar haftasi deb e’lon qilingan. Jenevada joylashgan Parlamentlararo ittifoq tayyorlagan hisobotda dunyo bo’ylab qonunchi ayollar sonining unchalik ko’paymagani qayd etiladi.

Tashkilot 2016-yilgacha parlamentlarda ayollar soni har yili o’rtacha olti foizga oshib borganini ta’kidlaydi. Biroq shundan keyin o’sish qisqara boshlagan. So’nggi ikki yilda qonunchi ayollar bir foiz sur’atda ko’paygan, xolos. Bu jins vakillari dunyodagi barcha xalq noiblaridan choragini ham tashkil etmaydi.

Parlamentlararo ittifoq Bosh kotibi Martin Chungonning aytishicha, saylov kvotasi tizimi bor mamlakatlarda ko’proq ayollar parlamentga saylanmoqda.

“Muvozanatni ta’minlash uchun boshqa mamlakatlar ham kvota tizimini joriy etishi lozim. Parlamentlarda qancha ko’p ayol bo’lsa, shuncha yaxshi, chunki qonunchilar qabul qilayotgan qarorlar ham ayollar, ham erkaklar manfaatlarini hisobga olishi zarur. Shundagina qonunchilik samarali va qonuniy bo’ladi”, - deydi Chungon.

Tashkilot 193 mamlakatdagi holatni o’rgangan. Masalan, Ruandada qonunchilarning 61 foizi ayollar. Jadvalda 9-o’rinni egallab turgan Senegaldan bir pog’ona quyida – Norvegiya. Senegal parlamentining salkam 42 foizi ayollardan iborat, AQShda esa atigi 19 foizi.

Jadval mintaqaga qarab ham bo’linadi. Bu borada Skandinav davlatlari oldinda. Yevropa parlamentlarida esa oldingi yillarda ayollar soni ko’paygan bo’lsa, so’nggi yillarda jarayon teskari tus olgan. Lotin Amerikasining Argentina, Chili va Ekvador mamlakatlarida bu masalada ijobiy o’zgarishlar bor.

Parlamentlararo ittifoqning bildirishicha, Afrikaning quyi Saxara mintaqasida ayollarning parlamentdagi soni 24 foiz atrofida. O’tgan yili arab mamlakatlari orasida parlamentga saylov bo’lgan yagona davlat Jazoir. Osiyoda ayollarning saylov tizimidagi ishtiroki ancha sust. Tinch okeani bo’yidagi mamlakatlar jadvalning quyi pog’onalaridan joy olgan. Mintaqada qonunchilarning atigi 15,5 foizini ayollar tashkil qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG