Breaking News

Dunyoda SPIDga qarshi kurash davom etmoqda


Bugun Jahonda SPIDga qarshi kurash kuni. So’nggi 10 yilda 20-asrning vabosiga qarshi ishlangan dorilar ancha samarali bo’lib, VIChning immunitet tanqisligi virusiga uchragan odamdan sog’lom odamga o’tishini imkonsiz qilib qo’ydi.

To’rt yil oldin mamlakatlar uch maqsadni o’z oldiga qo’ygan edi: qonida virus bor odamlarning 90 foizini aniqlash, shulardan 90 foizini davolash va davolanayotganlarning 90 foizida virusni ko’rinmas darajagacha zaiflashtirishni. To’rt yil o’tib pandemiyaga qarshi kurash hanuz davom etmoqda.

“Joriy yilda infeksiyaga uchragan odamlar soni ancha kamroq bo’lishi kerak edi - dunyo bo’ylab 500 mingdan kamroqqa tushirishni ko’zlagan edik. 2019-yilda 1,7 milliondan ziyod odam VICh yuqtirgan. Virusni jilovlashdan ancha yiroqmiz”, - deydi Vashingtondagi Jons Xopkins universitetida tibbiyot professori Kris Beyrer.

Unga ko’ra, o’smirlar va yoshlar orasida virus ayniqsa tez tarqalmoqda.

"Xususan Afrikaning quyi Saxara mintaqasida ko’plab yoshlarning virusga uchrayotganiga guvohmiz. AQSh, Lotin Amerikasi, Karib dengizi mintaqasi, Sharqiy Osiyo, Janubi-sharqiy Osiyoda ham oz emas. Bunday yoshlar muolajani kech boshlamoqda”, - deydi mutaxassis.

Unga ko’ra, ayniqsa yosh erkaklar kasallik alomatlari paydo bo’lmaguncha analiz topshirmaydi, shifokorga murojaat etmaydi. Shu sabab o’lim hollari erkaklar orasida yuqoriroqdir. Virusni boshqalarga yuqtirishda ham erkaklar faolroq, deydi Beyrer.

Fohishalik, besoqolbozlik yoki transgenderlik qonunan man qilingan, giyohvandlarga jazo belgilangan, SPIDga duchor bo’lgan odamlar kamsitiladigan mamlakatlarda VICh tezroq tarqalishi aytiladi. Yangi kasallanganlarning 60 foizidan ko’pi shu guruhlarga kiradi.

Nyu-Yorkda VICh bilan kasallanish xavfi bilan yuzlashgan odamlar uchun sog’liqni saqlash dasturlari joriy etilishi bilan shahar BMT belgilagan maqsadlarga erishishga muvaffaq bo’ldi.

Nyu-York shahar sog’liqni saqlash boshqarmasi mudiri Demetre Daskalakisning aytishicha, shifokorlar bemorlarning kimligiga va qanday hayot kechirishiga e’tibor bermasdan bevosita ularning dardi bilan shug’ullangani shaharda SPID tarqalishining oldini olishda yordam berdi.

Unga ko’ra, mamlakat bo’ylab ham shunday natijaga erishish mumkin. Buning uchun, deydi u, turli xavf guruhlariga kiruvchi odamlarga e’tiborliroq bo’lish lozim.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG