Breaking News

Jahon banki Orolbo'yi va mintaqa ravnaqi uchun 38 million dollar ajratadi


Orol dengizining sun'iy yo'ldosh orqali ko'rinishi (NASA 2015)
Orol dengizining sun'iy yo'ldosh orqali ko'rinishi (NASA 2015)

Qashshoqlikka qarshi kurashni asosiy vazifa deb biladigan Jahon banki o'z qoshidagi Xalqaro taraqqiyot uyushmasi orqali Orolbo'yi hududi aholisi va Markaziy Osiyo ravnaqi uchun 38 million dollar ajratadi.

Iqlimdagi salbiy o'zgarishlarni bartaraf etish va tobora og'irlashib borayotgan sharoitni yaxshilash yo'lida sarflanishi ko'zlangan mablag' yaqin yillarda yanada oshishi kutilmoqda.

O'zbekistonda 14 million dollar, Tojikistonda 9 million dollar va mintaqaviy loyihalar uchun 15 million ishlatiladi. Proyektlar Orol dengizini saqlab qolish uchun tuzilgan xalqaro fond va Markaziy Osiyo regional ekologiya markazi tomonidan kelasi ikki yil mobaynida amalga oshiriladi, albatta, tegishli davlatlar bilan hamkorlikda.

Iqlim haroratining tobora ko'tarilib, suv manbalari ozayib, muzliklar erib borayotgani mintaqa tabiati, qishloq xo'jaligi va energetika sohalariga qattiq ta'sir qilib, aholi turmushini yanada qiyinlashtirmoqda, deydi mutaxassislar. Mintaqa ahlining 50-75 foizi qishloq joylarda yashaydi.

Jahon bankining mintaqaviy rahbari Saroj Kumar Janing aytishicha, Markaziy Osiyo davlatlari ekologik muammolarga qarshi birgalikda chora ko'rishi kerak.

Yangi loyihalar doirasida tegishli mamlakatlardagi vaziyat chuqur o'rganilib, ma'lumot tizimi yaratiladi va shunga asoslanib, mablag'ni qayerga va qay maqsadda sarflash lozimligi aniqlanadi.

Ajratilayotgan mablag' kelasi ikki yil ichida O'zbekiston va Tojikistonda 240 ming odamning hayotini osonlashtirish uchun xizmat qilishi kerak, deya bildiradi Jahon banki.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG