Yevropa Ittifoqi rahbarlari Anqarada Erdog'an bilan uchrashdi
Turkiyaning Yevropa Ittifoqi bilan aloqalari taranglashgan bir paytda Yevropa Kengashi va Yevropa Komissiyasi rahbarlari Anqarada Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an bilan uchrashdi. O’tgan oy Turkiya O’rta dengizdagi munozarali masalalarni Gretsiya bilan hal qilishga rozi bo’lishi ketidan Yevropa Ittifoqi yetakchilari Turkiya bilan aloqalarni yaxshilashga kelishib oldi.
Yevropa Komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Leyen Anqaraning O’rta dengizning sharqiy qismidagi pozitsiyasi yumshaganini olqishladi, biroq Turkiya bilan inson huquqlari bobida tortishuvlar mavjudligiga e’tibor qaratdi.
Uzoq yillardan beri Yevropa Ittifoqiga a’zo bo’lishga harakat qilayotgan Turkiya tashkilot rahbarlari bilan so’nggi bor 2020-yil martida ko’rishgan edi.
Turkiya ayollarni zo’ravonliklardan himoya qiluvchi konvensiyadan chiqqaniga qaramay, Yevropa Ittifoqi u bilan savdoni kengaytirishga tayyor, dedi fon der Leyen va Sharl Mishel.
Yevropa Ittifoqi Turkiyada jon saqlayotgan millionlab suriyalik qochqinlar uchun qo’shimcha pul ajratishni ham rejalamoqda.
Iordaniya shahzodasi qirolga sadoqat bildirdi
Iordaniyada qirolga qarshi fitna rejalash gumoni bilan uy qamog’iga joylashtirilgan shahzoda Hamza qirol oilasining aralashuvi ketidan Abdulla Ikkinchiga sadoqat bildiruvchi maktubga imzo chekdi.
Xabarlarga ko’ra, qirolning amakisi Hasan va yana bir necha shahzoda Hamza bilan uchrashib, uni maktubni imzolashga undagan. Unda Hamza qirollik konstitutsiyasiga ham sadoqat bildiradi.
Mamlakat bosh prokurori mahalliy matbuotga qirol oilasidagi tortishuvlarni yoritishni, ijtimoiy sahifalarda muhokama qilishni man qilib qo'ydi.
Fitna rejalash va Iordaniyadagi vaziyatni beqarorlashtirish gumoni bilan bir necha rasmiy hibsga olingan. Shahzoda Hamzaning 2004-yilda valiahdlikdan mahrum etilishi ketidan qirol bo’lmish akasi bilan munosabatlari taranglashgan.
Netanyaxuga yangi hukumat tuzish vazifasi topshirildi
Isroilda so’nggi 2 yilda 4-parlament saylovlari ketidan Prezident Reuven Rivlin yangi hukumat tuzish vazifasini Bosh vazir Benyamin Netanyaxuga topshirdi.
Isroil hukumatini 2009-yildan beri boshqarib kelayotgan Netanyaxu buning uchun saylovda ovoz olgan bir necha partiya bilan ittifoq tuzishga harakat qiladi. Agar keyingi 28 kun ichida buning uddasidan chiqa olmasa, Prezident Rivlin unga yana 2 hafta muhlat berishi yoki boshqa partiya rahbaridan hukumat tuzishni so’rashi mumkin. Parlament deputatlari ham saylov orqali hukumat tarkibini belgilashi qonunda bor.
23-mart kuni o’tgan saylovda g’olib aniqlanmadi. 5-aprel kuni Rivlin siyosiy partiyalar bilan maslahatlashgan. Yangi hukumatni shakllantirish masalasida Netanyaxu boshqa da’vogarlardan ko’proq ovoz oldi.
AQSh va Eron rasmiylari Venada bilvosita uchrashmoqda
Avstriya poytaxti Venada AQSh va Eron diplomatlari 2015-yilda imzolangan Eron yadro dasturiga doir bitimni jonlantirish xususida gaplashmoqda. Biroq muzokaralar bilvosita shaklda, Yevropa Ittifoqi vakillari vositachiligida o’tkazilmoqda. Tehron yuzma-yuz muloqotdan bosh tortyapti. Shunga qaramay, AQSh rasmiylari jarayonni olqishlamoqda.
"Oldinda turgan qiyinchiliklar ko’lamini tushunamiz. Jarayon endi boshlanmoqda. Darhol natija bo’lishini kutayotganimiz yo’q. Muzokaralar qiyin kechishini anglayapmiz. Hamkorlarimizning biz va Eron bilan muhokamalari sog’lom olg’a qadam ekaniga ishonchimiz komil”, - dedi AQSh Davlat departamenti so’zlovchisi Ned Prays.
AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp yadro bitimidan 2018-yilda chiqib, Erondan olingan sanksiyalarni tikladi.
Praysning aytishicha, Qo’shma Shtatlar sanksiyalarni bekor qilishga tayyor, biroq buning uchun bitimda Eron yadro dasturiga qo’yilgan cheklovlarni tekshirish imkoni bo’lishi lozim.
Bitimni Eron va AQShdan tashqari Xitoy, Rossiya, Fransiya, Germaniya va Britaniya ham imzolagan. Undan maqsad Tehronga yadro qurollarini yaratishga imkon bermaslik.
Mozambik armiyasi Palmani ozod etganini ma'lum qildi
Mozambik armiyasi 24-mart kuni islomiy jangarilar nazoratiga o’tgan Palma shahrini ozod etdi. Jangarilar hujumida o’nlab odam o’lgan, minglab aholi hududdan qochgan. Harbiylar shahar xavfsiz ekanini aytmoqda.
“Shahar aholisini oziq-ovqat bilan ta’minlaymiz”, - dedi Mudofaa vazirligi vakili Chongu Vidigal.
Jangarilar hujumida xorijliklar ham o’lgan. Palmada ko’p uylar, davlat idoralari vayron bo’lgan. Odamlar o’rmonga yoki qo’shni shahalarga qochgan.
Palma iqtisodiy jihatdan muhim ahamiyatga ega shahar hisoblanadi. Uning atrofida yirik xalqaro gaz loyihalari amalga oshirilmoqda. Fransiyaning “Total” kompaniyasi gazni qayta ishlash va suyultirish korxonasi qurilishini vaqtincha to’xtatayotgani haqida ma’lum qilgan.
So’nggi paytda ancha faollashgan “Islomiy davlat” jangari to’dasi shaharga hujum uning ishi ekanini bildirgan.
Nigeriyada qamoqxonaga hujum natijasida 1800 dan ortiq mahbus qochgan
Nigeriya janubidagi Overri shahrida joylashgan qamoqxonadan 1800 dan ortiq mahbus qochgan. Hukumat mahalliy bo’lginchilarni qamoqxonaga hujumda ayblamoqda, garchi “Biafra tub aholisi” tashkilotiga aloqador jangarilar buni rad etayotgan bo'lsada-da.
Harakat 1967-yildan 1990-yilgacha faoliyat yuritgan Biafra Respublikasi mustaqilligini tiklash uchun kurashmoqda. Qamoqxonada guruhning bir necha a’zosi saqlangani aytiladi. Guvohlarga ko’ra, hujumda taxminan 100 kishi qatnashgan.
Navalniyning shifokori qamoqxonaga kirtilmadi
Rossiya qamog’ida ochlik e’lon qilgan muxolifatchi Aleksey Navalniyning shifokori Anastasiya Vasilyevaning aytishicha, qamoqxona qo’riqchilari uni ichkariga qo’ymagan. Vasilyevaga ko’ra, u qamoqxona ma’muridan oldindan ruxsat so’ragan, ammo darvoza oldidagi qo’riqchilar Navalniy bilan ko’rishishiga yoki qamoqxona shifokorlari bilan gaplashishiga imkon bermadi.
Navalniy tarafdorlari faolga zarur tibbiy yordam ko’rsatilishiga erishish uchun Moskvadan 100 kilometr narida joylashgan Pokrov shahridagi qamoqxona oldida norozilik namoyishini rejalayotgan bir paytda politsiya hududda xavfsizlikni kuchaytirgan.
Bel va oyoq og’rig’idan shikoyat qilib, qamoqxonadan zarur tibbiy yordam ololmaganidan norozi 44 yashar Navalniy o’tgan hafta ochlik e’lon qilgan.
Qamoqxona ma’muriyati uning sog’lig’i joyida ekanini, barcha zarur tibbiy yordam bilan ta’minlanayotganini bildirdi.
Ma’lum bo’lishicha, Navalniyning tana harorati oshgan, yo’tali bor. Bundan tashqari, uch mahbus sil bilan kasallanib kasalxonaga joylashtirilgan.
Shimoliy Koreya Yozgi Olimpiadada qatnasha olmasligini bildirdi
Shimoliy Koreya koronavirus pandemiyasi sabab Yaponiyada 23-iyul kuni boshlanadigan Yozgi Olimpiya o’yinlarida qatnasha olmasligini bildirdi. Mamlakat Sport vazirligiga ko’ra, bu shimoliy koreyalik sportchilarni virusdan himoya qilish maqsadida qabul qilingan qarordir.
So’nggi bor Shimoliy Koreya Olimpiya o’yinlarini 1988-yilda qoldirgan edi. O’shanda musobaqalar qo’shni Janubiy Koreyada o’tkazilgan. Ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, Pxenyan hozirgi fikridan qaytishi ham mumkin hali.
Janubiy Koreya Tokio Olimpiadasi shimol bilan aloqalarni iliqlashtirishga, ikki Koreya o’rtasida sport diplomatiyasini jonlantirishga yordam beradi, deya umid qilayotgan edi.
Musobaqa pandemiya sabab joriy etilgan bir yillik tanaffusdan so’ng o’tkazilishi kutilmoqda.
Indoneziyada tabiiy ofatdan o'lganlar soni 128 ga yetdi
Indoneziyada tropik sikloni natijasida vujudga kelgan suv toshqinlari va yer ko’chishlari oqibatida kamida 128 odam o’lgan, qutqaruvchilar yana 72 odamni qidirish bilan ovora. Minglab uylar vayron bo’lishi ketidan aholi evakuatsiya qilindi.
Ayrim joylarda mahalliy aholi belkurak va ketmon bilan yer ostida qolib ketganlarni chiqarishda qutqaruvchilarga yordam bermoqda, yo’llarni loy va vayronalardan tozalamoqda.
“Seroya” sikloni qo’shni Sharqiy Timorni ham qaqshatgan. Poytaxt Dili tevaragida 27 odam nobud bo’lgan.
Facebook Forum