Breaking News

Dunyoda salkam 71 million odam - qochqin


Roxinjalik qochqinlar
Roxinjalik qochqinlar

20-iyun so’nggi 19 yildan beri Xalqaro qochqinlar kuni sifatida nishonlanadi. Suriyaliklar dunyoda eng ko’p sonli qochqinlarni tashkil etadi.

“Har yili 20-iyun kuni qochqinlar taqdirini dunyoga yana bir bor eslatib, ularning xalqaro yordamga muhtoj ekanini bildirib o’tamiz, jamiyatga qo’shayotgan xilma-xilligi va hissasiga e’tibor qaratamiz”, - deydi BMTning Qochqinlar bo’yicha Oliy komissariatidan Junga Gedini-Uilyams.

Uning aytishicha, koronavirus pandemiyasi usiz ham qiynalayotgan qochqinlar muammosiga muammo qo’shdi.

“Dunyoning ayrim nuqtalarida qochqinlar bilan ishlovchi xalqaro tashkilotlar pandemiya sabab ishini to’xtatishga majbur bo’ldi”, - deydi agentlik vakili.

Yaman ana shunday nuqtalardan biri bo’lib, koronavirus sabab erishilgan sulh muddati tugab, shu hafta zo’ravonliklar yana avj oldi.

Urushdan sillasi qurigan mamlakat aholisining taxminan 80 foizi gumanitar yordamga tobe, yordam dasturlari yetarli miqdorda emas.

“Umuman olganda BMTning va, xususan, qochqinlar bilan ishlovchi agentlikning hukumatlarga va muhtoj odamlarga yordam berish imkoniyatlari va resurslari cheklangan”, - deydi BMT matbuot kotibi Kris Boyan.

Urushlar va zo’ravonliklar sabab bugunga kelib dunyo bo’ylab salkam 71 million odam qochqinga aylangan. BMT rasmiysining aytishicha, uarning ehtiyojlarini qondirish uchun xalqaro hamjamiyatni keng ko’lamda bu ishga jalb qilish zarur.

“Shu sabab BMTning Qochqinlar bo’yicha idorasi mavjud muammolarga mos va uzoq muddatda barqarorlikni ta’minlochi yechimlar topish maqsadida AQSh va dunyodagi boshqa mamlakatlar hukumatlari bilan hamkorlik qilmoqda”, - deydi Boyan.

Bu esa qochqinlarga urushdan xoli hayot kechirish imkonini beradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG