Breaking News

Nyu-Yorkda qulagan egizak binolar o'rniga besh imorat qad ko'taradi


Yangi Jahon savdo markazi mana shunday bo'ladi
Yangi Jahon savdo markazi mana shunday bo'ladi

Ayni damda 11-sentabr fojeasi sodir bo'lgan joyda qurilish va obodonlashtirish ishlari olib borillmoqda.

11-sentabr terror xurujlaridan 9 yil o’tib, Jahon savdo markazi qad ko’targan joyda haligacha biror qurilish bo’lmagan. Biroq yaqinda shahar ma’muriyati va qurilish kompaniyalari bir to’xtamga kelib, xuruj bo’lgan joyda 5 ta osmono’par bino qurilishiga yo’l ochib berdi. Bu imoratlarda ijaraga joy olmoqchi bo’lgan kompaniyalar hozirdan navbatga turmoqda. Xuddi shu joyda 11-sentabr yodgorligi va muzeyi ham qad ko’taradi.

Xuruj sodir etilgan joy atrofiga o’tgan oy 400 ta oq dub daraxtlari ko’chirilib, ekila boshlangan. Nyu-York, Pensilvaniya va Vashington yaqinidagi xurujlarda halok bo’lganlar xotira maydoni 3 gektar yerni egallaydi.

11-sentabr yodgorligi va muzeyi rahbari Jo Denielsning aytishicha, bu yerdagi qurilish loyihasi nihoyatda murakkab bo’lib, uning ustida bir necha yildan beri ish olib borilmoqda.

"Ancha ishlarni amalga oshirishga muvaffaq bo’ldik. Mana bu darxatlar nafaqat o’sha mash’um kunni, balki erishgan yutuqlarimizni, loyihaga o’z mahorati va mehrini qo’ygan insonlarni ham eslatib turadi", - deydi u.

Daraxtlar yanada o’sib, 24 metrgacha bo’y cho’zadi, sayyohlarga pana beradi. Xurujlarda halok bo’lgan har bir odamning ismi taxtachaga tushirilib, shu daraxtlarga osib qo’yiladi. Yaqin atrofda sharsharalar qurilib, suvi bir paytlar egizak binolar turgan joyga o’rnatiladigan ikki hovuzga tushadi.

"Daraxtlar 2001-yil 11-sentabrida bo’lgani kabi osmonga bo’y cho’zib, bu muqaddas va go’zal bir joyga aylanadi. Bu yerga keladigan ziyoratchilarning keti uzilmaydi, deb o’ylayman. Qilayotgan ishimizdan ham faxrlanaman, ham hayajondaman", - deydi majmua rahbari.

Xotira maydoni kelasi yili ochilishi, muzey esa 2013-yilda ishga tushishi rejalangan. Nyu-York rasmiylari nazarida xotira maydoni va muzey sayyohlar diqqatini o’ziga tortadigan manzil bo’ladi.

Yirik kompaniyalar qurilishi rejalanayotgan beshta osmono’par binodan iborat yangi Jahon savdo markazidan hozirdan joy olib qo’ymoqchi. Imoratlardan biri AQShdagi eng baland bino bo’ladi.

Nyu-York gubernatori Deyvid Patersonning aytishicha, qurilish tugagach, bu joy Manxetten tojidagi durdonaga aylanadi.

"Yirik xalqaro moliya markazi shu yerda joylashgan bo’lib, jahonning turli burchaklaridan kelgan va inson irodasi tantanasini ko’rmoqchi bo’lgan sayyohlarni o’ziga tortadi", - deydi gubernator.

Imoratlardan birining hozircha 35 qavati qurib bitilgan bo’lib, har hafta bir qavatga ko’tarilmoqda. Xitoyga qarashli kompaniya va nashriyot bilan shug’ullanuvchi firma uning birinchi ijarachilari bo’lishi kutilmoqda. Amerika Banki ham shu yerda o’z filialini ochish rejasini ma’lum qilgan. Imoratlar eng yuqori ekologik talablarga javob bergan texnologiya asosida qurilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG