Koronavirus ilk tarqalgan Uxan shahrida 76 kunlik karantin bekor qilinishi ketidan shahardagi avtomobil zavodlari qayta ishga tushmoqda.
Xitoyda COVID-19 bilan kasallangan 82 mingdan ortiq odam hamda virusdan o’lgan 3300 dan ziyod odamning aksariyati Uxan shahriga to’g’ri kelgan.
11 haftalik tanaffusdan so’ng Uxandagi “Xonda” zavodi ochilmoqda. Korxonalarda yangi sanitariya qoidalari joriy etilgan, avtomobillarni terayotgan ishchilar niqob taqishi shart.
Zavod direktori o’rinbosari Li Shitsyanning aytishicha, majlislar hozircha onlayn tarzda o’tkaziladi, yuzma-yuz uchrashuvlar paytida esa oradagi masofa ikki metr bo’lishi kerak.
Unga ko’ra, ishchilar tushlik paytida ham, tanaffus paytida ham konveyerdan uzoqlashmaydi, zavoddagi chekish xonasi kabi yopiq xonalarga qulf solingan.
“Uxandagi 500 dan ortiq avtosalonlarga ham qayta ochilishga ruxsat berilgan”, - deydi Li.
Uxan shahri 23-yanvardan beri yopiq edi. Shahardagi maktablar hanuz ochilmagan, binolarga kirayotgan odamlarning tana harorati o’lchanmoqda, maska taqish buyurilgan.
Markaziy hukumat koronavirusdan moddiy zarar ko’rgan kichik va o’rta bizneslarga yordam va’da qilgan.
Facebook Forum