Breaking News

Amerikaliklar Uxandan evakuatsiya qilinmoqda


Yangi koronavirus dunyo bo’ylab tarqalishda davom etarkan, mamlakatlar unga qarshi choralar ko’rishga kirishgan. Xususan, fuqarolarga Xitoyga sayohatni cheklash tavsiya qilinmoqda, ba’zi aviakompaniyalar esa Xitoy bilan aviaqatnovni to’xtatmoqda.

Shu hafta epidemiya tarqalgan Uxan shahridan 210 amerikalik evakuatsiya qilindi. AQSh Yuqumli kasalliklar oldini olish markazidan Kris Breydenning aytishicha, ular tibbiy ko’rikdan o’tmoqda, uch kun ichida virusga duchor bo’lgani-bo’lmagani aniqlanadi. Evakuatsiya qilinganlar hozir Kaliforniyadagi harbiy bazada.

“Analiz natijalarining bir qismi markazning Atlantadagi laboratoriyasiga yuborilmoqda. Bu odamlarni bir kunda ikki marta tekshirib turibmiz, tana haroratini o’lchayapmiz, kasallik asoratlariga e’tibor beryapmiz. Uch kundan so’ng xulosa qilish uchun yetarli ma’lumotga ega bo’lamiz”, - deydi doktor Breyden.

Uxanda ko’plab amerikaliklar qolgan. Nyu-yorklik mana bu muhandis Yangi yilni nishonlash uchun oilasi bilan Xitoyga sayohat qilgan.

“Odamlar vahimada. Transport yo’q – na avtobus, na metro, na poyezd va na taksi. Ko’chalar deyarli bo’m-bo’sh. Ko’chada yurganlarning hammasi niqob taqqan. Arvohlar shahriga o’xshab qolgan”, - deydi u.

Ayol 28-yanvar kuni AQShga qaytishi kerak edi, biroq Xitoydan chiqa olmadi. Endi esa Davlat departamentining evakuatsiya reyslariga umid qilmoqda.

“Bu yerda ming kishiga yaqinmiz, ammo samolyotga 200 tacha odam sig’adi, xolos. Koronavirusni yuqtirish ehtimoli baland odamlarni birinchi bo’lib samolyotga solishdi”, - deydi amerikalik muhandis.

AQShning ikkita aviakompaniyasi kelasi hafta Xitoyga reyslar to’xtatilishi haqida ma’lum qildi. Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti koronavirus munosabati bilan global miqyosda favqulodda holat e’lon qilish ustida o’ylanmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG